Prezidentlarga osonmi? – Hafta dayjesti
Jamiyat
−
23 iyul 2022
13683Davlat rahbari bo‘lish osonmi? Yo‘q, albatta. Biroq rahbar bo‘lishning o‘ziga xos boshqa yoqimli tomoni bor: umringizda ko‘rmagan diyorlarda bo‘lasiz, tashriflaringiz oldindan ma’lum. Qachon, qayerda, qanday holatda va qaysi libosda. Siz uchun hammasi shay! Eng to‘kin dasturxonlardan tortib, yotoqxonasiyu majlislar zali bor samolyotgacha. Qo‘shiqlarning eng sarasi siz uchun kuylanadi. Qisqasini aytganda, oyog‘ingiz tagiga qo‘chqorni shundoqqina so‘yib yuborishadi. Gapni bejiz bundan boshlaganimiz yo‘q. Iyul oyining yakuniga yetayotgan navbatdagi haftasi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoda Prezidentlarning xorijiy tashriflari va kelishuvlari bilan yodda qoldi. Demak, boshladik.
O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Jozef Baydenning Isroil va Saudiya Arabistoniga ташрифи, undagi keskin bayonotlari, ayniqsa, Eronning yadro quroliga ega bo‘lmasligi uchun kuch ishlatishga tayyorligi, Yaqin Sharqda esa Rossiya, Xitoy va Eronga "kun bermasligi"ni aytgani bilan yodda qolgandi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Eronga amalga oshirgan tashrifi esa Baydenning o‘tgan haftadagi sayohatlariga javob bo‘lgandek.
18-19 iyul kunlari Erondagi navbatdagi “Ostona jarayoni” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suriyadagi mojaroni hal etishga qaratilgan ushbu format ishtirokchilari – Eron, Turkiya, Rossiya rahbarlari Tehronda jamlanishdi.
Avvaliga, 18 iyul kuni Eronda Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ibrohim Raisiy raisligida Turkiya-Eron Oliy darajadagi hamkorlik kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda ikki mamlakat delagatsiyalari o‘zaro qator kelishuvlarga erishdi.
Shundan so‘ng, 19 iyul kuni “Ostona jarayoni”ga start berildi. Yetakchilar Suriyadagi so‘nggi o‘zgarishlarni muhokama qilgan. Unda mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan terror guruhlari, xususan, KIP va ISHID masalalari ko‘rib chiqilgan. Uchrashuvda Erdo‘g‘an Suriya inqiroziga faqat siyosiy yechim borligini aytgan.
Shuningdek, sammit doirasida Prezidentlar Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasida yakkama-yakka uchrashuv bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi shundaki, tomonlar Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlari boshlangandan, Erdo‘g‘an esa buni tanqid qilib tinmayotgandan beri birinchi marta uchrashdi.
Ammo ushbu uchrashuv Erdo‘g‘an Putinni uchrashuv zalida naqd 1 daqiqa kuttirib qo‘ygani bilan yodda qoldi. Xo‘sh, o‘shanda janob Putinning qiyofasi qanday edi.
Uchrashuvda Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralar boshlanishi rasmiy Kiyevning erishilgan kelishuvlarni bajarish istagiga bog‘liqligini aytib, “Biz bugun Kiyev hukumatida bunday xohish yo‘qligini ko‘ryapmiz”, degan.
Ikki davlat yetakchilari Ukraina g‘allasini eksport qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan. Putin Rossiya o‘z donini eksport qilish bo‘yicha barcha cheklovlarni olib tashlash sharti bilan, Ukraina donini eksport qilishni osonlashtirishga tayyorligini bildirdi. Xullas, ushbu masala bo‘yicha ham quvonarli yangiliklar ko‘p, bunga esa birozdan keyin qaytamiz.
18 iyul kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili Toshkentga keldi. Garibashvili O‘zbekistonga tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashdi, Shota Rustaveli hiyobonining ochilishida qatnashdi.
Gruziya Hukumati Matbuot xizmatining xabar berishicha, Shota Rustaveli ko‘chasida tramvay harakati qayta tiklanadi. Toshkent shahrida tramvay harakati tiklanishi haqida Toshkent shahar hokimligi emas Gruziya Hukumati Matbuot xizmati orqali xabardor bo‘ldik.
Aripov va Garibashvili muloqotida O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish uchun Gruziya transport infratuzilmasi va portlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Shavkat Mirziyoyev qabulida esa, Irakliy Garibashvili Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini cheksiz qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. U Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, uni o‘ziga qulay vaqtda Gruziyaga taklif qilgan.
Shoh-shoh deysizlar. Shohlarga osonmi? Ayniqsa, yozning jaziramasida. Yuqori lavozimda ishlash yaxshiyu ammo ertayu kech, ayniqsa, oftob boshingizdan urib turganda kastyum shim va bo‘yinbog‘ yurish... Bu nima ekanini konditsioner yoqilgan xonada o‘tirib tushuntirib berolmayman.
Ha, aytgancha. Gapning xonasi kelganda aytib olay. 22 iyul kuni Navoiy viloyatining g‘arbiy cho‘l hududi dunyoning eng issiq nuqtasiga aylandi. O‘sha vaqtda Navoiy viloyatining Bo‘zavboy stansiyasida 44 daraja issiq qayd etilgan.
Yevropadagi ahvolni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Buyuk Britaniyada 19 iyul kuni tarixiy maksimal harorat qayd etildi. Linkolnshir grafligidagi Koningsbi shahrida havo Selsiy bo‘yicha 40,3 darajagacha qizigan. Avvalgi milliy rekord – Selsiy bo‘yicha 38,7 daraja 2019 yil iyul oyida Kembrijda kuzatilgan.
20 iyul kuni esa Daniyada 1941 yildan buyon eng yuqori harorat kuzatildi. Yutlandiya g‘arbidagi Borris shahrida havo harorati 35,6 daraja bo‘ldi. Portugaliya va Ispaniyadagi jazirama esa 1700 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahriga bordi. Tadbirga ertaroq kelgan O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarini Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bo‘yinbog‘siz uchrashuvga va Issiqko‘lni qayiqda aylanishga taklif qildi. Undan so‘ng davlat rahbarlari ko‘chmanchilar o‘yinlarini tomosha qilgan.
Uchrashuvning asosiy tadbiri – Markaziy osiyoning 5 Prezidenti ishtirokidagi asosiy uchrashuv 21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan. Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik e’tiborini esa mana bu surat tortdi.
Suratdagi Prezidentlarning 4 nafari birinchi yo ikkinchi muddatini o‘tayapti. Faqat Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon 28 yildan buyon mamlakat boshida qolmoqda.
Davlat rahbarlari mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarga birgalikda javob berishda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar, mintaqa davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash maqsadida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Shavkat Mirziyoyev yirik tadbirga o‘zi bilan Prezident Administratsiyasining yangi rahbari Sardor Umurzoqovni ham olib borgan va u Prezidentlar o‘tirgan stoldan o‘rin olgan. Bu esa ko‘pchilikning etiborini tortdi. Boisi bungacha ushbu lavozimda ishlagan Zaynilobiddin Nizomiddinov xalqaro tadbirlarda Prezidentning yonida ko‘rinish bermagan.
Prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik kengashlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. U Qoraqalpog‘istondagi voqealarga ham to‘xtalib, shunday dedi:
“Afsuski, O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizga tartibsizlik va beqarorlik sepishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar mavjudligini yana bir bor tasdiqladi”.
Darvoqe, Prezidentlarning tashrifi oldidan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Issiqko‘ldagi “Rux-Ordo” majmuasi hududida o‘rnatilgan haykali olib tashlandi.
Bu esa ommaviy axborot vositalari e’tiboriga tushdi. Haykal 2005 yilda Nazarboyevning 65 yoshga to‘lishi arafasida o‘rnatilgan edi. Mazkur uchrashuv munosabati bilan olingan tasvirlarda negadir haykal joyida yo‘q. Bu orada Nazarboyevlar oilasiga oid boshqa xabarimiz ham bor. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga ketar chog‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilishini tugatish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan ko‘rinadi. Farmon matni Prezident Cho‘lponotadaligida e’lon qilindi.
Farmon bilan Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan favqulodda holatning amal qilishi 2022 yil 21 iyul kuni muddatidan avval tugatildi.
Boya Putin va Erdo‘g‘anning Ukraina donini Qora dengiz portlari orqali xavfsiz olib chiqish borasidagi kelishuvi natijalari haqidagi gapimiz chala qolganda. Erdo‘g‘an Tehrondan Anqaraga qaytgach, “Don yo‘lagi” bo‘yicha kelishuvning tashkiliy ishlarini tezlashtirdi. 22 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov Istanbulga keldi.
Shu kuni Dolmabaxche saroyida Erdo‘g‘an, Guterrish, Shoygu, Kubrakov va Turkiya Milliy mudofaa vaziri Xulusi Akar ishtirokida “Ukraina portlaridan don va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish tashabbusi” nomli hujjat imzolandi.
“Don yo‘lagi” bo‘yicha ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
O‘tgan hafta mamlakati Rossiyaning snaryadlari, bombalari ostida qolgan Ukraina birinchi xonimi Yelena Zelenskaya AQSHga safar qildi. U tashrifi doirasida Davlat kotibi Entoni Blinken, mamlakat rahbari Jozey Bayden va uning rafiqasi Jill Bayden, vitse-prezidenti Kamola Xarris bilan uchrashgan. Bayden uni Oq uy ostonasida guldasta bilan qarshi olgan.
Yelena Zelenskaya AQSH Kongressida nutq so‘zladi va Qo‘shma Shtatlar parlamentida so‘zga chiqqan birinchi xorijiy davlat rahbarining rafiqasi bo‘ldi.
Vladimir Zelenskiyning rafiqasi AQSH parlamenti a’zolariga Vinnitsada Rossiya hujumi oqibatida halok bo‘lgan to‘rt yoshli Lizaning suratlarini ko‘rsatdi, u yangi yil videosini suratga olishda qatnashgani uchun qizni tanishini aytgan. Birinchi xonim, shuningdek, Rossiya bosqinidan jabrlangan yana bir qancha ukrainalik oilalar haqida gapirgan.
Yelena Zelenskaya bilan uchrashuvdan keyin janob Baydenda koronavirus aniqlandi. 21 iyul kuni tongda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Baydenning COVID-19’ga topshirgan testi natijasi ijobiy chiqdi. 79 yoshli Bayden to‘liq emlangan, ikki marta buster olgan, simptomlari yengil.
U Oq uyda izolyatsiya qilinadi, biroq izolyatsiya davrida ham o‘ziga yuklangan barcha vazifalarni to‘liq bajarishda davom etadi. Izolyatsiya davri COVID-19’ga topshirilgan test salbiy chiqmaguncha davom etadi.
Kuni kecha o‘zining 82 yoshini Bodrumda nishonlagan Nursulton Nazarboyevning sulolasida ishlar biroz chatoq. Uning 69 yashar ukasi Bolat Nazarboyev og‘ir xastalik bilan kurashyapti va ahvoli o‘ta og‘ir. Bu haqda u asos solgan “Aqlli avlod” fondi ma’lum qildi.
Avvaliga, ijtimoiy tarmoqlardaning shifoxona yotog‘idagi suratlari va videosi tarqaldi. Keyin fond Nazarboyev saraton bilan kurashayotganini ma’lum qildi.
Turkiyalik taniqli aktyor Burak O‘zchivitga sud hukmi o‘qildi. Aktyor “Qurilish: Usmon” serialining suratga olish jarayonida ijodiy guruh a’zolarini omma oldida haqorat qilgan.
Sud majlislarida aktyorning o‘zi ishtirok etmagan. Ish uning advokatlari ishtirokida ko‘rib chiqilgan.
Sudda prokuror ayblanuvchiga 3 oy 15 kundan 4 yilu 1 oygacha qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Sud aktyorga 3000 liralik jarima jazosi tayinlanishi haqida qaror chiqardi.
Sudning bunday “Yumshoq” hukm chiqarishiga aktyorning ishchilar o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, kaskadyorlar bilan tez-tez tortishib qolgani va aktyor foydalanayotgan otning egari yaxshi mahkamlanmagani sababli poyga vaqtida otdan yiqilib tushishiga bir bahya qolgani haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan.
Misli ko‘rilmagan iqtisodiy inqirozga yuz tutgan Shri-Lankada yangi Prezident etib sobiq Bosh vazir Ranil Vikramasingxe saylandi.225 deputatdan 134 nafari ovoz bergan.
Shri-Lankaning sobiq Prezidenti Gotabaya Rajapaksa 13 iyulga o‘tar kechasi ommaviy norozilik namoyishlari fonida mamlakatni tark etdi va oilasi bilan harbiy samolyotda Maldiv orollariga qochdi. 14 iyul kuni Prezident Singapurga uchib ketdi va u yerdan iste’foga chiqish to‘g‘risida rasmiy xat yubordi.
Hindistonda ayol kishi Prezident bo‘ldi. Mamlakatning 15-Prezidenti etib Hindiston xalq partiyasi boshchiligidagi Milliy –demokratik alyans nomzodi Draupadi Murmu saylandi.
U Hindiston tarixidagi ikkinchi ayol prezident. Birinchisi 2007-2012 yillarda Prezidentlik kursisini egallagan Pratibha Patil edi. Saylangan prezident 25 iyul kuni qasamyod qiladi. Amaldagi Prezident Ram Nath Kovindning vakolat muddati 24 iyulda tugaydi.
21 iyul kuni Italiya Bosh vaziri Mario Dragi iste’foga chiqdi. Mario Dragi Prezident Serjo Mattarella bilan uchrashdi va unga ikkinchi marta hukumati bilan birga iste’foga chiqish niyati haqida ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson lavozimini tark etishidan oldin mamlakat parlamentiga so‘nggi bor murojaat qildi. Bosh vazir sifatida so‘nggi bor Jamoalar palatasida nutq so‘zlagan Jonson davomchisiga bir qancha ko‘rsatmalar bergan: amerikaliklarga yaqin bo‘lish, Ukrainani va ozodlikni qo‘llab-quvvatlash.
5 iyun kuni Respublika o‘lat profilaktika markazining viloyat filiali xodimlari tomonidan Qarshi magistral bosh kanalining Qarshi tumani “Mirmiron” MFY hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat bo‘yicha mintaqaviy filiali ro‘parasidagi ochiq suv havzasidan tekshirish uchun olingan suv namunasidan vabo vibrioni (kasallik chaqirmaydigan turi) aniqlangan.
Tekshirishlar natijasida mazkur hududda vabo kasalligiga gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan. Yuqorida qayd etilgan ochiq suv havzasidan 19 iyul kuni vabo kasalligiga tekshirish uchun qayta namunalar olingan. Tekshiruv natijalari bo‘yicha vabo vibrionlari qayd etilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Shveysariya sudida pora olgani bo‘yicha ochilgan ishda g‘alaba qozondi.
Shveysariya apellyatsiya sudi shu hafta o‘z mamlakatida alohida korrupsiya mojarosidan so‘ng qamoqqa olingan Karimovani davlat amaldori emas, degan qarorga kelgan. Bu uning telekommunikatsiya shartnomalari evaziga noto‘g‘ri to‘lovlar olgani haqidagi da’volar isbotlanmaganligini anglatadi.
Qayd etilishicha, sudning bu qarori Karimovaga Shveysariya banklarida muzlatilgan 293 mln frank (303 mln dollar) ni qaytarishga imkoniyat beradi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
LiveBarchasi