Erdo‘g‘an Suriya yaxlitligiga tahdid solayotgan kuchlar kimligini aytdi
Olam
−
20 iyul 2022
14870“Kurdiston ishchilar partiyasi” terrorchilik tashkiloti Suriyaning hududiy yaxlitligini nishonga olgan. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 19 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan "Ostona formati"dagi uch tomonlama uchrashuvda so‘z ochdi, deb xabar bermoqda “Anadolu”.
“Kurdiston ishchilar partiyasi” terror guruhi barchamiz uchun umumiy masala. Terror tashkiloti Suriyaning hududiy yaxlitligini nishonga olganini unutmasligimiz kerak”, deydi Erdo‘g‘an.
Yetakchilar Ostona formatidagi 7-sammitda Suriyadagi so‘nggi o‘zgarishlarni muhokama qilgan. Unda mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan terror guruhlari, xususan, KIP va ISHID masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Terror tashkilotlari qayerda va kim tomonidan qo‘llab-quvvatlanishidan qat’i nazar, ularga qarshi kurashimiz doimo davom etadi. Suriyadagi odamlarning g‘ayriinsoniy muhitda ekanini unutmasligimiz kerak. Maqsadimiz suriyalik birodarlarimizni o‘z uylariga ixtiyoriy, xavfsiz va munosib tarzda qaytishlarini ta’minlash” , deb qo‘shimcha qilgan Turkiya rahbari.
Sammitda Suriyadagi mojarolarga barham berish uchun birgalikda amalga oshiriladigan masalalar ko‘rib chiqilgan. Uchrashuvda Erdo‘g‘an Suriya inqiroziga faqat siyosiy yechim borligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya, Turkiya va Eron 2017 yil yanvar oyida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Suriyadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishning kafillari bo‘lgan va shu sababli “Ostona jarayoni” deb nomlangan. 2019 yilda Ostona nomi Nur-Sultonga o‘zgartirilganiga qaramay, muzokaralar formatining nomi o‘zgarishsiz qoldi.
Muhayyoxon Habibullayeva
LiveBarchasi