Burak O‘zchivitga sud hukmi o‘qildi
Madaniyat-san’at
−
20 iyul 2022
123641Turkiyalik taniqli aktyor Burak O‘zchivit bilan bog‘liq bo‘lgan va bir yildan ziyodroq vaqt davom etgan sud jarayoni o‘z yakuniga yetdi. Aktyor “Qurilish: Usmon” serialining suratga olish jarayonida ijodiy guruh a’zolarini omma oldida haqorat qilishda ayblanayotgan edi.
Bu voqea 2020 yil 8 dekabrda sodir bo‘lgan. O‘zlariga ma’naviy zarar yetkazilgan deb hisoblagan suratga olish jamoasi a’zolari Burak O‘zchivitdan katta miqdorda jarima undirish maqsadida sudga aktyor ustidan shikoyat qilgan. Bu ish dastavval “Yarashuv byurosi”da ko‘rib chiqilgan, tomonlar murosaga kelolmaganligi sabab Turkiya prokuraturasi ishni sudga oshirgan.
Sud majlislarida Burak O‘zchivitning o‘zi ishtirok etmagan. Ish uning advokatlari ishtirokida ko‘rib chiqilgan. O‘z navbatida Burak O‘zchivitning advokatlari ayblovlarning asossiz ekanligini aytib, himoyalaridagi shaxsni oqlanishini talab qilgan.
Sudda prokuror ayblanuvchiga 3 oy 15 kundan 4 yilu 1 oygacha qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Sud aktyorga 3000 liralik jarima jazosi tayinlanishi haqida qaror chiqardi. Ammo bu ayblanuvchining birinchi bor qonunbuzarlik qilgani va boshqa jinoyat sodir etmaganligi sababli hukm ijrosini keyinga qoldirishga qaror qilingan. Shunday qilib, ayblanuvchi jarimani to‘lashiga ham hojat qolmadi.
Shuningdek, sudning bunday “Yumshoq” hukm chiqarishiga aktyorning ishchilar o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, kaskadyorlar bilan tez-tez tortishib qolgani va aktyor foydalanayotgan otning egari yaxshi mahkamlanmagani sababli poyga vaqtida otdan yiqilib tushishiga bir bahya qolgani haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan. Sudya qarorida, g‘azab ustida aytgan so‘zlar noto‘g‘ri bo‘lsa-da, to‘liq asosli deb topilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Burak O‘zchivit ayni damda rafiqasi Faxriya Evjan bilan ijoddan biroz dam olishga qaror qilgan. 2017 yilda turmush qurgan juftlikning 2019 yilda dunyoga kelgan Karan ismli o‘g‘li bor. Ayni vaqtda ular yana bir bor ota-ona bo‘lish arafasida turibdi.
LiveBarchasi