Markaziy Osiyo Prezidentlari sammiti arafasida Nazarboyev haykali g‘oyib bo‘ldi
Olam
−
21 iyul 2022
21541Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Issiqko‘ldagi “Rux-Ordo” majmuasi hududida o‘rnatilgan haykali olib tashlandi. Buni Qirg‘iziston Prezidenti ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan fotosuratlar tasdiqlaydi, deya xabar berdi “KaktusMedia”.
Bugun, 21 iyul kuni Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Ko‘l yaqinidagi “Rux-Ordo” majmuasida ilgari Nursulton Nazarboyevning yodgorligi joylashgan edi. Haykal 2005 yilda Elboshining 65 yoshga to‘lishi arafasida o‘rnatilgan edi. Mazkur uchrashuv munosabati bilan olingan tasvirlarda negadir haykal joyida yo‘q.
Qirg‘iziston Prezidenti ma’muriyati hozircha bu holatga izoh bermadi. Ammo sayyohlarning videolariga qaraganda, Nursulton Nazarboyev haykali bir yildan ko‘proq vaqt oldin olib tashlangan. Masalan, Dmitriy Shixovsev tomonidan 2021 yilning o‘rtalarida suratga olingan videoda Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti haykali joyida ko‘rinmaydi.
Ma’lumot uchun, “Rux-Ordo” majmuasi 2002 yilda 1990-2000 yillarda nufuzli tadbirkor va siyosatchi Tashkul Kereksizov tashabbusi bilan ochilgan. Majmua Issiqko‘lga keluvchi sayyohlar orasida mashhur maskan hisoblanadi.
Majmua hududida fan va san’atning taniqli namoyandalari, jumladan, diniy va siyosiy arboblar, shoirlar, yozuvchilar (Chingiz Aytmatov, Turdaqun Usubaliyev, Boris Yelsin, Mustafo Kamol Otaturk va boshqalar)ning haykallari o‘rnatilgan.
Nazarboyev haykali “Rux-Ordo”da 2005 yilda Asqar Akayev prezidentligi davrida paydo bo‘lgan edi.