To‘qayev muhim hujjatdan Nazarboyevning ismini o‘chirdi
Olam
−
15:07 2257 2 daqiqa
Kecha, 19 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda bir qator ta’riflar yangilandi, xususan, konsepsiyadan birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning nomi chiqarib tashlandi. Bu haqda “Inbusiness.kz” xabar berdi.
Avvalgi tahrirda Qozog‘iston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari qatorida “mamlakat rivojlanishining yangi bosqichida birinchi prezident – elboshi Nursulton Nazarboyevning tashqi siyosiy pozitsiyasi izchilligi” ko‘rsatilgan edi. Yangi tahrirda ushbu band boshqacha shakllantirilgan: “mamlakat rivojlanishining yangi bosqichida tashqi siyosiy pozitsiyaning izchilligi”.
Konsepsiyadan, shuningdek, Nazarboyevga tashqi siyosatning eng muhim masalalari bo‘yicha Qozog‘iston xalqiga, davlat organlari va mansabdor shaxslariga tashabbuslar bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi abzats ham chiqarib tashlangan. Hujjatda ilgari bu huquq uning “tarixiy missiyasi” hamda “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – elboshi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qoidalari bilan asoslangan edi.
O‘zgarishlar Qozog‘istonni tashqi siyosiy mavqeini mustahkamlash vositalariga ham daxl qilgan. Ilgari jahon hamjamiyatini mamlakatning mintaqaviy va global siyosat hamda iqtisodiyot sohasidagi yondashuvlari va tashabbuslaridan xabardor qilish, xususan, Ostona iqtisodiy forumi, Yevroosiyo media forumi va “Astana Club” orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Yangi tahrirda ushbu ro‘yxatdan faqat Ostona xalqaro forumi qolgan.
O‘zgarishlarning alohida blogi mamlakat siyosiy tizimi bilan bog‘liq. Konsepsiyaga Qurultoyning Qozog‘istonning qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy vakillik organi ekani haqidagi ta’rif kiritilgan.
Farmon imzolangan kunidan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonning 2030 yilgacha bo‘lgan Tashqi siyosat konsepsiyasining avvalgi tahriri 2020 yilning martida tasdiqlangan. Hujjat dunyodagi va mintaqadagi vaziyatning o‘zgarishini hisobga olgan holda mamlakat tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Nursulton Nazarboyev 1991 yildan 2019 yilgacha Qozog‘iston prezidenti lavozimini egallagan. Lavozimini tark etgach, u o‘zida millat yetakchisi unvonini saqlab qolgan. Bu unga umrbod imtiyozlarni taqdim etgan. Masalan, u ushbu lavozimda va undan keyin birinchi prezident maqomida sodir etgan harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas edi. Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi “Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – elboshi to‘g‘risida”gi qonunni 2023 yilning boshida bekor qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev Nursulton Nazarboyevdan meros bo‘lib qolgan Qozog‘iston Xalq Assambleyasini tugatib, uning o‘rniga yangi platforma tuzishni taklif qilgandi.
Live
Barchasi