O‘zbekiston eksport qilishda Gruziya portlaridan foydalanmoqchi. Aripov Garibashvili bilan kelishib oldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini Gruziya portlari orqali Yevropaga eksport qilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Gruziya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.  

Avval xabar berganimizdek, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi kecha, 18 iyul kuni Toshkentga keldi. Bugun, 19 iyul kuni Garibashvili O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda uchrashuv o‘tkazdi. Unda asosiy e’tibor ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sohadagi munosabatlarga qaratilgan. 

“O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilish uchun Gruziya transport infratuzilmasi va portlaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Uchrashuvda Gruziya O‘zbekiston uchun eng muhim transport yo‘laklaridan biri ekanligi alohida ta’kidlangan. Garibashvili, shuningdek, Gruziyaning Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘li, Qora dengiz-Kaspiy dengizi yo‘li, Sharq-G‘arbiy avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruksiya qilish kabi muhim loyihalarda ishtirok etayotganiga e’tibor qaratdi. 

Uchrashuvda Gruziya vinolari va mineral suvlarini, jumladan, O‘zbekiston bozorlariga eksport qilish hajmini yanada oshirishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan. Tomonlar qo‘shma korxonalar tashkil etish masalasini muhokama qilgan. 

Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasida erkin savdo rejimi mavjud. 2021 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18,5 foizga oshib, 115 million dollarni tashkil etdi. 

O‘zbekiston Gruziyaga asosan sanoat tovarlari, kimyo mahsulotlari, ichimliklar, avtomobillar va transport uskunalarini yetkazib beradi. 

Gruziya, o‘z navbatida, farmatsevtika mahsulotlari, transport uskunalari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni import qiladi.

Hozirda O‘zbekiston hududida Gruziya kapitali ishtirokida 69 ta, Gruziyada esa O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 23 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov O'zbekiston-Gruziya Irakliy Garibashvili

Baholaganlar

159

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing