Aripov Qirg‘izistonga borib Japarov bilan ko‘rishdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kecha, 22 iyun kuni Qirg‘izistonga borib, Cho‘lpon-Ota shahrida Prezident Sadir Japarov qabulida bo‘ldi. Bu haqda qirg‘iz matbuoti yozmoqda. 

Sadir Japarov mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Bosh vaziri bilan qirg‘iz-o‘zbek hamkorligining dolzarb masalalarini muhokama qilib, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratgan.

Davlat rahbari Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik doirasida jadal rivojlanib borayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surishda muhim bosqich bo‘ladi.

O‘z navbatida, Abdulla Aripov Sadir Japarovga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan va ikki davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni bundan keyin ham amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakat fuqarolari farovonligini oshirish va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga qaratilgan qo‘shma loyihalarni rivojlantirish niyatini tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, bugun, 23 iyun kuni Cho‘lpon-Ota shahrida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qirg‘iz-o‘zbek Hukumatlararo komissiyasining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qozog‘istonga tashrif buyurib, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘lgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing