Quvilgan Tashiyev yana qaytadimi?
Tahlil
−
27 fevral 10416 14 daqiqa
Siyosatning yozilmagan, ammo qon bilan bitilgan bir oltin qoidasi bor – bu maydonda abadiy do‘stlar bo‘lmaydi, faqat abadiy manfaatlar mavjud. Bunga 20 yillik hayotiy va siyosiy chig‘iriqlardan o‘tganiga qaramay, oxirda ayro tushgan Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarov tandemini yaqqol misol bo‘la oladi. Ularni ko‘pchilik “ajralmas do‘stlar” deb ta’riflagan bo‘lsa-da, tarixning o‘zi bu kabi ittifoqlarning naqadar mo‘rtligini necha bor isbotlagan.
Hokimiyatni tor kursiga o‘xshatish ham mumkin, unga ikki kishi baravar o‘tira olmaydi. Japarov iqtidorga kelgusigacha va undan keyingi marhalada unga hamroh, hamdard bo‘lgan Tashiyev endi Prezidentning mutlaq vakolatlariga ham hamtovoq bo‘lishni tusagan chog‘i, Japarov janoblari imi-jimida quroldosh do‘stining dumini tugdi. Zotan Prezident Tashiyev bilan munosabatlari saqlanib qolgani, bu ularning do‘stligiga rahna solmasligini ta’kidlasada, Tashiyev biror marta bunday fikr bildirmadi, aksincha, o‘zini bir og‘iz ogohlantirmay ishdan olishganidan yozg‘irdi.
“ Men buni kutmagandim. Qanday bo‘lmasin, biz Prezident qaroriga bo‘ysunamiz. Men davlatimizga, xalqimizga va Prezidentimizga sharaf bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoniyati berilmagani meni biroz xafa qildi”, degan sobiq rahbar.
Xo‘sh, nafaqat Qirg‘izistonning davlat xavfsizligini kaftida tutgan, balki mamlakat siyosiy maydonining eng qudratli va murosasiz shaxslaridan biri, ba’zilar “millat xaloskori” deb bilsa, boshqalar populistlikda ayblaydigan, istagan odamini ishdan olib, istaganini qamoqqa tashlagan, chegara masalasida O‘zbekistonga achchiq qilib, to‘nini teskari kiyib olgan, toshkentlik “Salimboyvachcha” haqidagi keskin fikrlari bilan o‘zbeklar orasida mashhur bo‘lgan Qamchibek Qidirshayevich Tashiyev aslida kim?
Qishloqi yigit siyosatda
Janubiy chekkasi Farg‘ona vodiysiga tutashgan Jalolobodning Barpi qishlog‘ida bundan 58 yil avval oddiy, mehnatkash oilada Qamchibek ismli farzand tug‘iladi. U oilada 11 nafar farzanddan biri edi. Tashiyevning bolaligi qishloqning og‘ir mehnat sharoitlarida o‘tgan. U yoshligidan dala ishlari, chorvachilik va jismoniy mehnat bilan chiniqqan. Bu uning xarakteridagi chidamlilik va qat’iyatlilikni shakllantirgan.
1987 yildan 1989 yilgacha sobiq sovet armiyasida xizmat qilgan Tashiyev mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-texnolog bo‘lsa-da, uning qonida siyosiy ambitsiyalar jo‘sh urardi. 2000 yillarning boshida Tashiyevning kuni tug‘di. 2005 yildagi “Lola inqilobi” va 2010 yilgi aprel voqealari Tashiyevni haqiqiy “temir musht siyosatining ustasi” sifatida shakllantirdi. Yillar davomida bir necha bor qamoqqa olingan, quvg‘un qilingan, ammo har safar siyosatga “Bumerang” kabi qaytib kelavergan.
Xususan, 2005 yilda “Olg‘a, Qirg‘iziston!” partiyasidan parlament deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan, 2007 yilda Favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangan. 2009 yilda bosh vazir Doniyor Usenov bilan kelishmovchiliklar sabab iste’foga chiqqan. 2010-2013 yillarda Jogorku Keneshning V chaqiriq deputati bo‘lgan.
Siyosiy kurashlar va qamoq yillari
2010 yilgi Qirg‘iziston parlamenti saylovlarida o‘z partiyasi muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng, 23 oktyabr kuni Tashiyevning uyiga bosqin bo‘ladi. Keyinchalik u “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida Roza Otunbayeva hukumati tomonidan o‘ziga suiqasd bo‘lganini aytadi.
“Ular uyga banditlardek bostirib kirishdi... O‘ylashimcha, ularning maqsadi meni otib tashlash edi. Saylov natijalarini bekor qilib, favqulodda holat joriy qilmoqchi bo‘lgan kuchlar meni yo‘q qilishga urinishdi, deb hisoblayman. Men aniq bilaman, bu ishlarning ortida Milliy xavfsizlik xizmati turgan edi”, deb bayonot beradi.
U o‘sha vaqtdagi muvaqqat prezident Roza Otunbayeva hukumatida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari bo‘lgan Keneshbek Duyshebayevni o‘ziga hujum qilishda ayblaydi. Duyshebayev va Roza Otunbayeva barcha ayblovlarni rad etishdi.
2012 yil 3 oktyabr kuni Qumtor oltin konini milliylashtirish bo‘yicha miting paytida Qamchibek Tashiyev namoyishchilar, deputat Sadir Japarov va vitse-spiker Talant Mamitov bilan birgalikda hukumat binosiga kirishga uringan. Huquqni muhofaza qilish organlari tartibsizliklarni bostirgan. Ishtirokchilar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish ayblovi bilan sudlangan.
2013 yil avgust oyida Qirg‘iziston Oliy sudi Japarov, Tashiyev va Mamitovni hukumatni zo‘rlik bilan ag‘darishga urinishda aybdor deb topdi va ularga bir yil-u besh oylik qamoq jazosini tayinladi. Sudlanuvchilar jazo muddati tugagani sababli sud zalidan ozod qilindi. Uchalasi ham deputatlik mandatlaridan mahrum qilindi. Ozod qilinganidan keyin Sadir Japarov to‘rt yil chet elda yashaydi va 2017 yilda mamlakatga qaytganda yana hibsga olinadi.
2020 yilgi namoyishlar fonida hokimiyatga qaytgan Tashiyev va Japarov Qirg‘iziston Oliy sudi tomonidan oqlandi.
Siyosatga qaytish
2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘izistonda quyi palata saylovlari natijalari e’lon qilinganidan keyin ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Bu norozilik namoyishlari tartibsizliklarga va parlament binosiga bostirib kirishga aylandi. Xavfsizlik kuchlari norozilik namoyishlarini tarqatib yuborganida mingga yaqin odam jarohat oldi va bir kishi halok bo‘ldi. Namoyishlardan so‘ng avval prezident Soroonbay Jeenbekovning iste’fosi, keyin hukumat almashinuvi, Qamchibek Tashiyev dastagi bilan Sadir Japarovning prezident etib saylanishi va Qirg‘izistonda yangi Konstitutsiya qabul qilinishi kuzatildi.
Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni MXDQga rahbarlik qila boshladi. Besh yil ichida qo‘mita mamlakatning asosiy kuch tuzilmasiga aylanishi bilan birga, o‘z ta’sirini sezilarli darajada kengaytirdi.
Shu bilan birga ko‘plab davlat idoralarida ichki xavfsizlik bo‘limlari kuchaytirildi, MXDQ sobiq xodimlari esa fuqarolik idoralarida rahbar lavozimlariga tayinlana boshlandi.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashdan tortib, fohishalikka qarshi kurash, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, ta’lim, energetikagacha bo‘lgan keng sarhadni Tashiyev o‘z qo‘liga oldi. U raislik qilgan yig‘ilishlarda poraxo‘r mulozimlar ochiqchasiga hibsga olindi.
Rasmiy vakolatlar qonuniy jihatdan deyarli kengaytirilmagan bo‘lsa-da, amalda MXDQ politsiya, mahalliy organlar va hatto sanitariya xizmatlariga oid funksiyalarni amalga oshira boshladi va bu ishlar ko‘pincha Tashiyevning shaxsiy topshirig‘i bilan bajarilgan.
Korrupsiya mojarolari
Qamchibek Tashiyevning oilasi mamlakat janubidagi yoqilg‘i biznesi bilan chambarchas bog‘liq. Jurnalistik surishtiruvlarga ko‘ra, Jalolobod neftni qayta ishlash zavodi uning qarindoshlari nomiga rasmiylashtirilgan. Uning 31 yoshli jiyani Jaloloboddagi yirik neft zavodiga rahbarlik qiladi.
Jurnalist Bolot Temirovning surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, Tashiyevning qarindoshlariga tegishli vositachi kompaniyalar davlat zavodining mahsulotlarini eksport qilish orqali qisqa vaqt ichida millionlab som foyda ko‘rgan. Shuningdek, uning o‘g‘li Taymuras va boshqa qarindoshlari Jaloloboddagi davlat tenderlarida g‘olib chiqqani aniqlangan.
Tashiyev hokimiyatga kelgach, uning ko‘plab qarindoshlari yuqori lavozimlarga tayinlandi:
Absattar Sirgabayev (tutingan o‘g‘li) – Jalolobod viloyatidagi prezident vakili;
Shayirbek Tashiyev (ukasi) – parlament deputati;
Taymuras Tashiyev (o‘g‘li) – Jalolobod shahar kengashi deputati;
Boshqa jiyanlari va yaqinlari prokuratura, bojxona va davlat kompaniyalarida rahbarlik lavozimlarini egallagan.
Erkin fikrga qarshi bosim
Jurnalistik surishtiruvlardan so‘ng Qirg‘iziston OAVlariga hujumlar boshlandi. Jurnalistlar hibsga olindi, ularga nisbatan bosimlar ortdi. Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev hokimiyatga kelganidan beri Qirg‘iziston “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining so‘z erkinligi reytingida 50 pog‘onaga pastladi.
MXDQning ta’siri ortib borishi bilan fuqarolik sektoriga bosim ham kuchaygan. Jurnalistlar, huquq faollari va aktivistlar tez-tez chaqirtirishlar, hibslar va tintuvlar haqida gapirgan. Oddiy fuqarolar, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lganlar ham bu bosimni sezgan. Masalan, Instagram’dagi mashhur “Babskiy blog” administratori 22:00 dan keyin kafe va restoranlarning ishlashiga qo‘yilgan cheklovlar sababli biznesga zarar yetishi haqida joylagan hikoyasi uchun MXDQga chaqirtirilgan. MXDQning e’tiboriga tushmaslik uchun tadbirkorlar, siyosatchilar va jamiyat faollari ya’ni ommaviy va siyosiy hayotda faol bo‘lganlar o‘zlarini kamroq namoyon qilishga majbur bo‘lgan.
Shu misollardan ko‘rinib turibdiki, MXDQ 5 yil ichida u jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashdan tortib bozor narxlari va birinchi sinflarga o‘quvchi qabul qilishni amalga oshiruvchi oddiy maxsus xizmatdan universal organiga aylangan.
Abdulla Aripovdan arazlagan general
O‘tgan yili Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning 5 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan filmda Qamchibek Tashiyev O‘zbekiston bilan chegara masalalarini hal qilish jarayonlari qanday kechgani haqida gapirib bergan.
Uning ta’kidlashicha, jarayon oson o‘tmagan, ba’zan muzokaralar keskin tus olgan. Qamchibek Tashiyev O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan tortishib, o‘zaro urishib qolgan paytlari ham bo‘lgan.
“Bir vaqt Aripov bilan kelisha olmay qoldik. Yaxshi-yomon gaplar o‘tib, urishib ketdik. Uyam ketdi, men ham ketdim. Keyin u kel, gaplashaylik dedi, men esa yo‘q, gaplashmayman, deb turib oldim”, deydi u.
Tashiyevning ta’kidlashicha, shu holatdan keyin ikki davlat prezidentlarining shaxsiy aralashuvisiz muzokaralar to‘xtab qolishi mumkin edi. Tashiyev bu kechinmalar haqida gapirar ekan, chegara masalasini hal etishda rahbarlar qat’iyati, siyosiy iroda va o‘zaro ishonch hal qiluvchi omil bo‘lganini qayd etgan.
“Prezidentimiz o‘rtaga tushdi. Ikki davlat rahbarlari qo‘yinglar, urishmanglar, talashmanglar, o‘tiringlar deb murosaga chaqirdi. Shundan keyin muzokaralar qaytadan tiklandi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Tashiyevni cho‘chitgan “Salimboyvachcha”
2025 yilda Qirg‘izistonda butun bo‘g‘inni nazoratiga olgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev xalq orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan mashhur Salim Abduvaliyev qo‘shni mamlakatning janubini butunlay nazorat qilganini aytib chiqqani o‘zbekistonliklar uchun kutilmagan xabar bo‘ldi va bu yashin tezligida atrofga tarqaldi.
“Mamlakatimiz boshqa davlatlardagi uyushgan jinoyatchilikning rahbarlari ostida egila boshlagandi. Mana, O‘zbekistondagi “Salimboyvachcha”. U mamlakatimiz janubini to‘liq nazorat qilgan. Janubda barcha uyushgan jinoyatchilik rahbarlari, barcha yirik tadbirkorlar va hatto ba’zi siyosiy arboblar, parlament a’zolari uning oldiga borib, u bilan gaplashgan va u nima desa, shuni qilishgan. Tushunyapsizmi? Endi bu sodir bo‘lmaydi. Mamlakatimiz mustaqil rivojlanadi. Uyushgan jinoyatchilik bo‘lmaydi”, degan Tashiyev.
Ta’lim va fan vaziri o‘rinbosarlari, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, kasb-hunar litsey va kollejlari direktorlari bilan uchrashuvda u bir necha yil oldin Qirg‘izistonda uyushgan jinoyatchilik juda jiddiy bo‘lgani, butun mamlakat bo‘ylab “qonundagi o‘g‘rilar“ va “polojenets” nazoratchilar hokimiyatni egallab olganini aytgan va xalqaro jinoiy doiralarda “Kolya qirg‘iz” nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Qamchi Ko‘lboyev 2023 yilda hibsga olinishi chog‘ida o‘ldirilganining sababini tushuntirgan.
“Ularda davlat tizimiga o‘xshash tizim bor edi: ularda “qonundagi o‘g‘ri” bo‘lgan “prezident” bor edi, qolgan viloyatlar, tumanlar va shaharlar ham shunday edi. Nazoratchilar va “smotryaishi”lar tadbirkorlardan ham, hammadan ham pul yig‘ishdi. Ularning o‘ziga xos, juda kuchli tuzilishi bor edi. Choralar ko‘rishga majbur bo‘ldik. Sizlarga ko‘proq ma’lumot beraman, toki ishonchingiz komil bo‘lsin, aziz ta’lim sohasi xodimlari. Men haqiqatni aytmoqchiman: “qonundagi o‘g‘rilar”ni yo‘q qilish uchun qaror qabul qilishim kerak edi. Davlat manfaati uchun men buni qabul qildim va biz uni yo‘q qildik. Keyinchalik biz uning sheriklari va uyushgan jinoyatchilikning boshqa a’zolarini yo‘q qildik. Bugun mamlakat bu tartibsizlikdan ozod. Mamlakatda uyushgan jinoyatchilik mavjud emas. Bu Markaziy Osiyoda va ehtimol nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun sobiq Sovet davlatlari orasida hozirda uyushgan jinoyatchilikka uchramagan yagona davlatdir”, degan Tashiyev.
Bu voqealar fonida Abduvaliyev bilan bog‘liq hodisalarga qirg‘izistonlik deputatning aralashuvi ham barchaning diqqatini o‘ziga qaratdi.
2025 yilda Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblandi. Deputat Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi Bosh prokuratura so‘rovini ko‘rib chiqish uchun tuzilgan deputatlik komissiyasiga deputat Alisher Erboyev boshchilik qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan. O‘zbekiston sudi ham uni hibsga olish uchun qaror chiqargan.
O‘sha paytdagi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning aytishicha, surishtiruvlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyevning O‘zbekistonda nima ishlar qilgani to‘liq aniqlangan.
“Jamg‘irchiyevni hech kim maxsus ta’qib qilmagan. Agar u chegarani qonuniy ravishda kesib o‘tgan bo‘lsa, unga kim nima derdi? Chegarani bemalol kesib o‘tib, xohlagan odam bilan uchrashib, qaytib ketardi. Lekin bu yerda qonun buzilishi bor va biz bunga munosabat bildirishimiz kerak. Bu shunchaki protsedura”, degandi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari.
Qirg‘iziston deputatlari ham Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortishni ma’qulladi. Deputatlar yig‘ilishida 81 nafar deputat ovoz berishda qatnashdi. Deputat Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish uchun 69 deputat ovoz berdi.
Deputatning Abduvaliyev bilan ko‘rishishga uringani ortidan yana “Salimboyvachcha” Qirg‘izistonni nazorat qilganmi, degan gap-so‘zlar yangradi. 10 yanvar uni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.
“Ushbu xat 10 sahifadan iborat. Uni u o‘z qo‘li bilan yozgan. Jamg‘irchiyev Abduvaliyevdan yordam so‘ragan. Xatda u hokimiyatga tuhmat qilib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday ahmoqlik?” degan u.
Uning “Salimboy”ga yozgan xatida aytilishicha, Qamchibek Tashiyev undan 180 ming dollar undirgan. Tashiyevga ko‘ra esa 2 nafar yigit Jamg‘irchiyevning otasi bilan uchrashib, Qamchibek Tashiyevga pul kerakligini aytishgan. Ular Emil Jamg‘irchiyevning otasidan 180 ming dollar olib ketishgan. Keyinchalik ular ushlanib, otasiga 180 ming dollar qaytarib berilgan.
Ammo deputatning so‘ragan yordami faqatgina pul masalasida bo‘lmagan. U “Salimboyvachcha”dan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni iltimos qilgan.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.
Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytdi.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.
Ammo unga javoban Abduvaliyev, e’tibor bering, Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan. Tashiyevning aytishicha, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini, undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini bildirgan. Ammo Abduvaliyev Qirg‘iziston ishiga aralasha olmasligini aytgan.
“Bundan tashqari, u Jamg‘irchiyev “Salimboyvachcha”ning yordamchisiga xiyonat qilganini aytadi. Yordamchi ham guvohlik bergan. Jamg‘irchiyev bir necha kun uning mehmonxonasida yashab, pul to‘lamay qochib ketgan”, degan Tashiyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, deputat 2025 yil 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan va qaytib kelmagan. Yanvar oyida Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Emil Jamg‘irchiyev qamoqqa olindi. Emil Jamg‘irchiyevni qamoqqa olish haqidagi qaror Pervomayskiy tuman sudi tomonidan qabul qilingan.
2025 yil 2 fevral kuni esa Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2025 yilning avgust oyiga kelib esa o‘shanda qamoqda saqlanayotgan Salim Abduvaliyevga Qirg‘iziston qidiruv e’lon qildi va shuningdek, Qirg‘izistonda Abduvaliyevga aloqador shaxslarni “tozalash” boshlandi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida O‘zbekistonning yirik tadbirkorlaridan biri Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev tomonidan “Birodarlar davrasi” xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kirgan Qamchibek Asanbek (“Kolya Qirg‘iz”) uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirish faktlari aniqlangan.
Abduvaliyevga aloqador yana bir qirg‘iz deputati 2024 yilning sentyabrida aniqlandi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida Suzoq tumanida yashovchi fuqaro – qishloq fuqarolar yig‘inining sobiq deputati bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, uyushgan jinoiy guruh mafkurasidan voz kechish majburiyati olingan. Avvalroq, uning ijtimoiy tarmoqlarda “Salimboyvachcha” bilan tushgan surati paydo bo‘lgan edi.
Tushuntirish ishlaridan so‘ng profilaktik suhbat o‘tkazilgan shaxs jinoiy aloqadan voz kechgan va Qirg‘iziston Respublikasining rejalashtirilgan siyosiy yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
“Meni kuting, men qaytaman”
Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonning haqiqiy qiyofasi bo‘lishga urindi. Bugunga kelib esa siyosiy bo‘linish va keskinlashuvlar fonida barcha vakolatlaridan mahrum qilindi va mamlakatni tark etdi. Sadir Japarov bo‘lsa, Tashiyevdan osonlikcha voz kechib, biri ketsa, ortida 7 mlndan ortiq do‘sti borligini va “Tashiyev ketdi, endi nima bo‘ladi?” degan savollarga o‘rin yo‘qligini ta’kidladi.
“Hech narsa bo‘lmaydi. Bu masalani fojia darajasiga ko‘tarishning hojati yo‘q. Oldingisidan ham yaxshiroq bo‘ladi. Hayot to‘xtamaydi. Agar bir do‘st ketib qolsa, mening ortimda 7 milliondan ortiq do‘stim bor. Mening uchun eng qadrli narsa – xalqimiz va aziz davlatimiz”, deydi Prezident.
Siyosat – bu shaxmat taxtasi. Tashiyev esa bu taxtadagi “farzin” vazifasini bajardi. Shaxmatda “shoh”ni asrash uchun har qanday figura qurbon qilinishi mumkin. Do‘stlik tugagan joyda – tirik qolish instinkti boshlanadi.
Tashiyevning tabiatidan kelib chiqsak, bir narsa aniq: u yana qaytadi, faqat qachon va qanday bo‘lishi noma’lum. U – “siyosiy feniks”. Chunki afsonaviy Feniks qushi o‘z olovida yonib kul bo‘ladi va yana o‘sha kuldan qayta tug‘iladi. Qamchibek Tashiyevning siyosiy taqdiri ham aynan shu simvolga mos.
U bir necha bor “yengildi”, deb hisoblanganida ham qaytib kela olgan. Uning “yana qaytishi” faqat vaqt masalasi. U qo‘pol, tezkor, hissiyotli, lekin shu bilan birga natijaga yo‘naltirilgan siyosatchi. Uning keyingi manzili prezidentlik kreslosimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.
Live
Barchasi