“Salimboyvachcha”dan yordam so‘ragan sobiq deputat Tashiyev ustidan dod deb chiqdi
Olam
−
17 iyun 9558 6 daqiqa
Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati Emil Jamg‘irchiyev Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev sha’niga navbatdagi keskin bayonot bilan chiqdi. U ancha vaqtdan beri o‘tmishdagi mojarolarga qaytishni istamaganini, biroq yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisidan so‘ng omma oldida so‘zlashga qaror qilganini bildirdi.
“Qirg‘izlarda “yiqilganni tepkilama” degan naql bor. Shu sababli, o‘zimga qarshi qilingan noqonuniy harakatlar va soxta ayblovlar mavzusini qayta ko‘tarishni xohlamadim. O‘z hayotim bilan yashab, hech narsaga aralashmadim”, deb gap boshlagan Jamg‘irchiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlik faoliyati davomida u Prezident va parlament komissiyasi a’zolariga Tashiyevning harakatlari yuzasidan shikoyat qilgan, biroq sobiq deputat o‘z murojaatlarining adolatli ko‘rib chiqilishiga erisha olmaganini aytmoqda.
Uning yangi bayonot berishiga “75 lar xati” deb ataluvchi jinoiy ish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq sud majlisi sabab bo‘lgan. Jamg‘irchiyevning aytishicha, deputat Elvira Surabaldiyevaning so‘roq qilinishi chog‘ida Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi sobiq rahbarining o‘zini tutishi uni g‘azablantirgan.
“Tashiyevning hamon tahdid va bosim tilida gapirayotganini ko‘rib, jim tura olmadim”, deydi u.
Jamg‘irchiyev o‘z murojaatida, shuningdek, maxsus xizmatning sobiq rahbarini yolg‘on ma’lumot tarqatishda va siyosiy bosim o‘tkazishda ayblagan.
“Bugun sizga hokimiyatga tayanib, hammani yenggandek tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo qonun va Xudo oldida har kim o‘z qilmishi uchun javob beradi. Haqiqatni vaqtincha yashirish mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi”, deydi sobiq parlamentariy.
Shuningdek, u o‘z so‘zlarini tasdiqlovchi dalillar keyinroq e’lon qilinishiga ishonishini qayd etgan.
Gap nima haqida ketmoqda?
15 iyun kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudida hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan bosib olishga tayyorgarlik ko‘rish ishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan sud majlisida Jogorku Kenesh deputati Elvira Surabaldiyeva guvoh sifatida so‘roq qilindi.
“75 lar xati” voqealari bo‘yicha guvohlik berayotgan deputat Surabaldiyeva va ayblanuvchi Qamchibek Tashiyev o‘rtasida tortishuv yuz berdi.
Tashiyev sudda guvohlik berayotgan Surabaldiyevaga otasi Jirgalbek Surabaldiyevning 2005 yilda o‘ldirilganini eslatdi. Xavfsizlik kuchlarining sobiq rahbari o‘laroq fojia yuz berganda unga birinchi bo‘lib yordam berganini aytdi. Bunga javoban deputat bu so‘zlarni manipulyatsiya va o‘ziga nisbatan psixologik bosim deb atadi.
“Otamning bunga nima aloqasi bor, u yerda siz emas, birinchi bo‘lib singlim bo‘lgan. Qotillikni eslatib, menga bosim o‘tkazyapsiz. Menga tahdid qilyapsizmi? O‘z vaqtida meni necha marta qamamoqchi bo‘lishdi?" deya g‘azablandi Surabaldiyeva.
O‘z navbatida, Tashiyev uni hech qachon qamoqmoqchi bo‘lmaginini bildirdi. Surabaldiyeva esa shunday javob berdi:
“Kimdir bizda hammaning og‘ziga urib, odamlarga tahdid qilishga o‘rganib qolgan. Menimcha, sudya ham bu yerda kimdandir qo‘rqyapti va shuning uchun unga tanbeh bermayapti, faqat mening gaplarimga e’tibor beryapti”, deya norozilik bildirdi deputat.
Natijada sudya Mederov generalga tanbeh bergan.
Tashiyev ustidan dod degan Jamg‘irchiyev kim?
O‘zbekistonliklar Emil Jamg‘irchiyevni "Salimboyvachcha" nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevga bog‘liq voqealar va uning Qirg‘izistonda qidiruvga berilishi orqali yaxshi taniydi. 2025 yilda Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan. O‘zbekiston sudi ham uni hibsga olish uchun qaror chiqargan.
O‘sha paytdagi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning aytishicha, surishtiruvlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyevning O‘zbekistonda nima ishlar qilgani to‘liq aniqlangan.
“Jamg‘irchiyevni hech kim maxsus ta’qib qilmagan. Agar u chegarani qonuniy ravishda kesib o‘tgan bo‘lsa, unga kim nima derdi? Chegarani bemalol kesib o‘tib, xohlagan odam bilan uchrashib, qaytib ketardi. Lekin bu yerda qonun buzilishi bor va biz bunga munosabat bildirishimiz kerak. Bu shunchaki protsedura”, degandi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari.
Qirg‘iziston deputatlari ham Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortishni ma’qulladi. Deputatlar yig‘ilishida 81 nafar deputat ovoz berishda qatnashdi. Deputat Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish uchun 69 deputat ovoz berdi.
Deputatning Abduvaliyev bilan ko‘rishishga uringani ortidan yana “Salimboyvachcha” Qirg‘izistonni nazorat qilganmi, degan gap-so‘zlar yangradi. 10 yanvar uni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.
“Ushbu xat 10 sahifadan iborat. Uni u o‘z qo‘li bilan yozgan. Jamg‘irchiyev Abduvaliyevdan yordam so‘ragan. Xatda u hokimiyatga tuhmat qilib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday ahmoqlik?” degan u.
Uning “Salimboy”ga yozgan xatida aytilishicha, Qamchibek Tashiyev undan 180 ming dollar undirgan. Tashiyevga ko‘ra esa 2 nafar yigit Jamg‘irchiyevning otasi bilan uchrashib, Qamchibek Tashiyevga pul kerakligini aytishgan. Ular Emil Jamg‘irchiyevning otasidan 180 ming dollar olib ketishgan. Keyinchalik ular ushlanib, otasiga 180 ming dollar qaytarib berilgan.
Ammo deputatning so‘ragan yordami faqatgina pul masalasida bo‘lmagan. U “Salimboyvachcha”dan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni iltimos qilgan.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.
Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytdi.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.
Ammo unga javoban Abduvaliyev, e’tibor bering, Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan. Tashiyevning aytishicha, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini, undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini bildirgan. Ammo Abduvaliyev Qirg‘iziston ishiga aralasha olmasligini aytgan.
“Bundan tashqari, u Jamg‘irchiyev “Salimboyvachcha”ning yordamchisiga xiyonat qilganini aytadi. Yordamchi ham guvohlik bergan. Jamg‘irchiyev bir necha kun uning mehmonxonasida yashab, pul to‘lamay qochib ketgan”, degan Tashiyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, deputat 2025 yil 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan va qaytib kelmagan. Yanvar oyida Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Emil Jamg‘irchiyev qamoqqa olindi. Emil Jamg‘irchiyevni qamoqqa olish haqidagi qaror Pervomayskiy tuman sudi tomonidan qabul qilingan.
2025 yil 2 fevral kuni esa Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2025 yilning avgust oyiga kelib esa o‘shanda qamoqda saqlanayotgan Salim Abduvaliyevga Qirg‘iziston qidiruv e’lon qildi va shuningdek, Qirg‘izistonda Abduvaliyevga aloqador shaxslarni “tozalash” boshlandi.
Live
Barchasi