“Salimboy” Qirg‘izistonni nazorat qilganmi?

Tahlil

Xabaringiz bor, 2023 yilning dekabr oyi boshida Toshkent shahrida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Shu tadbirlar davomida bir qancha kriminal avtoritetlar qo‘lga olindi. Ularning orasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev ham bor edi. U Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyida qo‘lga olingandi. 

Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevga ko‘ra, Salim Abduvaliyev noqonuniy qurol saqlayotgani aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi – o‘qotar qurol va portlovchi moddalarning qonunga xilof muomalasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi va qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlandi. Ammo uning tergovi bo‘yicha oxirigacha ma’lumot berilmadi. Bo‘ldi dong‘i Markaziy Osiyo va dunyoga tarqalgan Abduvaliyevni hech kim eslamay qo‘ydi dersiz. Ammo chuchvarani xom sanabmiz. Bugun Qirg‘iziston parlamentida “Salimboyvachcha”ga aloqador shov-shuvli bayonot berildi.

Gap shundaki, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanayotgani ma’lum qilindi. Shunday bir davlat odamini nega chegarani noqonuniy kesib o‘tdi, axir qonuniy o‘tsa ham bo‘lardiku deyishingiz mumkin. Aniqlanishicha, Jamg‘irchiyev 2022 yil dekabr oyida Salim Abduvaliyevdan yordam so‘rash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan.

Xo‘sh, butun bir mustaqil davlat deputatining “Salimboyvachcha”dan yordam so‘rashiga nima sabab bo‘lgan?

Kecha, 10 yanvar kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.

“Ushbu xat 10 sahifadan iborat. Uni u o‘z qo‘li bilan yozgan. Jamg‘irchiyev Abduvaliyevdan yordam so‘ragan.  Xatda u hokimiyatga tuhmat qilib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday ahmoqlik?” deydi Tashiyev.

Uning "Salimboy"ga yozgan xatida aytilishicha, Qamchibek Tashiyev undan 180 ming dollar undirgan. Tashiyevga ko‘ra esa 2 nafar yigit Jamg‘irchiyevning otasi bilan uchrashib, Qamchibek Tashiyevga pul kerakligini aytishgan. Ular Emil Jamg‘irchiyevning otasidan 180 ming dollar olib ketishgan. Keyinchalik ular ushlanib, otasiga 180 ming dollar qaytarib berilgan.

Ammo deputatning so‘ragan yordami faqatgina pul masalasida bo‘lmagan. U “Salimboyvachcha”dan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni iltimos qilgan.

“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.

Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytgan.

“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.

Ammo unga javoban Abduvaliyev, e’tibor bering, Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan. Tashiyevning aytishicha, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini, undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini bildirgan. Ammo Abduvaliyev boya aytganimdek, Qirg‘iziston ishiga aralasha olmasligini aytgan.

“Bundan tashqari, u Jamg‘irchiyev “Salimboyvachcha”ning yordamchisiga xiyonat qilganini aytadi. Yordamchi ham guvohlik bergan. Jamg‘irchiyev bir necha kun uning mehmonxonasida yashab, pul to‘lamay qochib ketgan”, deydi Tashiyev.

O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev hozirda qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.

Shu orada bir savol tug‘iladi shuncha voqealar bo‘lib o‘tibdiyu, ammo O‘zbekistonda bu bo‘yicha lom-lim deyilmadi. Na Jamg‘irchiyev chegarani noqonuniy kesib o‘tib, “Salimboyvachcha”dan yordam so‘ragani, na deputatga nisbatan hibsga olish haqida qaror chiqqani ochiqlanmadi. Nega endi biz O‘zbekistonda bo‘layotgan voqeani qirg‘iz nashrlari e’lon qilgan yangiliklardan bilishimiz kerak?

Xo‘p, yana Jamg‘irchiyev ishiga qaytsak. Ma’lumotlarga ko‘ra, deputat 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan va qaytib kelmagan. Uning hozirda qayerdaligi aniq emas. 

"Bilaman. Hamkasbimiz hammamizni sharmanda qildi. Borsam, O‘zbekiston Prezidentiga borardim. “Salimboyvachcha” O‘zbekistondagi uyushgan jinoiy guruh yetakchilaridan biri. U yaqinda hibsga olingan. Bularning barchasi materiallarda ko‘rsatilishi kerak. Nega u muammoni hal qilish uchun uyushgan jinoiy guruhlarga murojaat qiladi? Biz Emil Jamg‘irchiyevni juda qo‘llab-quvvatladik, lekin u noto‘g‘ri ish qilgani ma’lum bo‘ldi. Biz unga kelib, hammasi noto‘g‘ri bo‘lsa, bizga aytishini so‘radik. “Toza” bo‘lsa, kelib isbotlashi kerak edi”, deydi deputat Suyun Umurzoqov.

Shuningdek, Jamg‘irchiyev O‘zbekistonga maxsus hujjatlarni olib o‘tgani ham aniqlangan.

“Shu bois ham, tajriba va bilimga ega deputatlarni ishga oling, deb ko‘p aytamiz. Jamg‘irchiyev maxsus hujjatlarni olib, boshqa davlatga jo‘nab qolgan. Bu maxfiy hujjatlar bo‘lsa-chi? U parlamentdan hujjatlarni olib, do‘sti orqali boshqa davlatga o‘tgani uchun qonun oldida javob berishi kerak”, deydi Qamchibek Tashiyev.

Jamg‘irchiyev bu voqeadan keyin ancha yilga kesilsa kerak, deb o‘ylasangiz adashasiz. Qirg‘iz hukumati tomonidan unga qo‘yilgan ayblov uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga tegishli bo‘lib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 50-100 ming qirg‘iz somida jarima bilan qutilib qolishi mumkin. Tashiyev ham kechagi videomurojaatida Jamg‘irchiyevga “kelsang qamamayman” degan edi. Ammo o‘zimizning qorako‘z Salim Abduvaliyev qamoqda. Uning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. 

Voqealar rivojini biz bilan kuzating. QALAMPIR.UZ’da qoling.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing