Salim Abduvaliyev nega va qachon qamalgandi?
Tahlil
−
14 yanvar
5216Sport homiysi va xalq orasida kriminogen avtoritet sifatida “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev bilan bog‘liq voqealar xronologiyasi O‘zbekistonda 2023 yilning dekabr oyidan boshlab avj ola boshladi.
Hozirga qadar Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi sifatida qayd etib kelinayotgan va 2025 yil 12 yanvar kuni ozodlikka chiqarilgan Abduvaliyev 2023 yil 1 dekabr kuni O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘sha yili noyabr oyida boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyidan olib ketilgandi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 1950 yilda tug‘ilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev (Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi, o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlashda) gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.
Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.
Abduvaliyevdan tashqari, “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Saidaziz Saidaliyevga ham qamoqqa olish ehtiyot chorasi tayinlanib, ularga ham sud hukmi o‘qildi, biroq aynan dekabr oyida Abduvaliyev, Qudratullayev va Saidaliyev ozodlikda ekani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.
QALAMPIR.UZ ushbu gaplar ortidan tushib, ularga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilmaganini aniqladi.
22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamda davom etayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari va unda qo‘lga olinayotgan jinoiy guruhlar, jinoyat olamining ko‘zga ko‘ringan vakillari, “ko‘cha”lar haqida ilk marotaba so‘z ochdi.
“O‘zini “ko‘cha” deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz. Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va albatta shunday bo‘ladi”, dedi Prezident.
Qirg‘izistonda Abduvaliyevga aloqadorlarning “tozalanishi”
Yanvar oyiga kelib esa Abduvaliyev bilan bog‘liq hodisalarga qirg‘izistonlik deputatning aralashuvi barchaning diqqatini o‘ziga qaratdi.
Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblandi.
Deputat Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi Bosh prokuratura so‘rovini ko‘rib chiqish uchun tuzilgan deputatlik komissiyasiga deputat Alisher Erbayev boshchilik qildi.
“Komissiya bir necha ochiq yig‘ilish o‘tkazdi. Komissiyaning kechagi yig‘ilishining ikkinchi qismi tergov talabiga ko‘ra yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Tergovchilar chegarani noqonuniy kesib o‘tishni isbotlovchi dalillarni taqdim etishdi. Biz ularga ishondik, chunki O‘zbekiston tomoni ham unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi”, deydi deputat Erbayev.
9 yanvar kuni kechqurun deputat Jamg‘irchiyev Qirg‘iziston parlamentida g‘oyib bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga borgan.
“Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishni yashirish uchun 16 dekabr kuni Jamg‘irchiyev noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga qaytgan”, deydi Erbayev.
Unga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan. O‘zbekiston sudi ham uni hibsga olish uchun qaror chiqardi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning aytishicha, surishtiruvlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyevning O‘zbekistonda nima ishlar qilgani to‘liq aniqlandi.
“Jamg‘irchiyev u yerda nima qilgani, kimlar bilan uchrashgani, qanday hujjatlarni olib ketganini aniqladik. Bularning barchasi bir yil davom etdi. Biz o‘zbekistonlik hamkasblar bilan hamkorlikda ishlaymiz”, degan edi Tashiyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston maxsus xizmatlari Jamg‘irchiyevga nisbatan chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atgan. U qidiruvga berilganlar ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekistonda sud uni hibsga olishga qaror qilgan. Ammo O‘zbekistonda bu haqda rasmiy ma’lumot berilmadi.
“Jamg‘irchiyevni hech kim maxsus ta’qib qilmagan. Agar u chegarani qonuniy ravishda kesib o‘tgan bo‘lsa, unga kim nima derdi? Chegarani bemalol kesib o‘tib, xohlagan odam bilan uchrashib, qaytib ketardi. Lekin bu yerda qonun buzilishi bor va biz bunga munosabat bildirishimiz kerak. Bu shunchaki protsedura”, degandi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Uning qayd etishicha, deputat qonunlarni bilishi shart.
“Shu bois ham, tajriba va bilimga ega deputatlarni ishga oling, deb ko‘p aytamiz. Jamg‘irchiyev maxsus hujjatlarni olib, boshqa davlatga jo‘nab qolgan. Bu maxfiy hujjatlar bo‘lsa-chi? U parlamentdan hujjatlarni olib, do‘sti orqali boshqa davlatga o‘tgani uchun qonun oldida javob berishi kerak”, deydi Tashiyev.
Qirg‘iziston deputatlari ham Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortishni ma’qulladi. Deputatlar yig‘ilishida 81 nafar deputat ovoz berishda qatnashdi. Deputat Emil Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish uchun 69 deputat ovoz berdi.
Deputatning Abduvaliyev bilan ko‘rishishga uringani ortidan “Salimboy” Qirg‘izistonni nazorat qilganmi, degan gap-so‘zlar yangradi.
10 yanvar uni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.
“Ushbu xat 10 sahifadan iborat. Uni u o‘z qo‘li bilan yozgan. Jamg‘irchiyev Abduvaliyevdan yordam so‘ragan. Xatda u hokimiyatga tuhmat qilib, ularga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Bu qanday ahmoqlik?” deydi Tashiyev.
Uning “Salimboy”ga yozgan xatida aytilishicha, Qamchibek Tashiyev undan 180 ming dollar undirgan. Tashiyevga ko‘ra esa 2 nafar yigit Jamg‘irchiyevning otasi bilan uchrashib, Qamchibek Tashiyevga pul kerakligini aytishgan. Ular Emil Jamg‘irchiyevning otasidan 180 ming dollar olib ketishgan. Keyinchalik ular ushlanib, otasiga 180 ming dollar qaytarib berilgan.
Ammo deputatning so‘ragan yordami faqatgina pul masalasida bo‘lmagan. U “Salimboyvachcha”dan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni iltimos qilgan.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.
Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytdi.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.
Ammo unga javoban Abduvaliyev, e’tibor bering, Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan. Tashiyevning aytishicha, Abduvaliyev Jamg‘irchiyev kelganini, undan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishni so‘raganini bildirgan. Ammo Abduvaliyev Qirg‘iziston ishiga aralasha olmasligini aytgan.
“Bundan tashqari, u Jamg‘irchiyev “Salimboyvachcha”ning yordamchisiga xiyonat qilganini aytadi. Yordamchi ham guvohlik bergan. Jamg‘irchiyev bir necha kun uning mehmonxonasida yashab, pul to‘lamay qochib ketgan”, deydi Tashiyev.
O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu orada bir savol tug‘iladi shuncha voqealar bo‘lib o‘tibdiyu, ammo O‘zbekistonda bu bo‘yicha lom-lim deyilmadi. Na Jamg‘irchiyev chegarani noqonuniy kesib o‘tib, “Salimboyvachcha”dan yordam so‘ragani, na deputatga nisbatan hibsga olish haqida qaror chiqqani ochiqlanmadi. Nega endi biz O‘zbekistonda bo‘layotgan voqeani qirg‘iz nashrlari e’lon qilgan yangiliklardan bilishimiz kerak?
Xo‘p, yana Jamg‘irchiyev ishiga qaytsak. Ma’lumotlarga ko‘ra, deputat 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan va qaytib kelmagan. Uning hozirda qayerdaligi aniq emas.
“Bilaman, hamkasbimiz hammamizni sharmanda qildi. Borsam, O‘zbekiston Prezidentiga borardim. “Salimboyvachcha” O‘zbekistondagi uyushgan jinoiy guruh yetakchilaridan biri. U yaqinda hibsga olingan. Bularning barchasi materiallarda ko‘rsatilishi kerak. Nega u muammoni hal qilish uchun uyushgan jinoiy guruhlarga murojaat qiladi? Biz Emil Jamg‘irchiyevni juda qo‘llab-quvvatladik, lekin u noto‘g‘ri ish qilgani ma’lum bo‘ldi. Biz unga kelib, hammasi noto‘g‘ri bo‘lsa, bizga aytishini so‘radik. “Toza” bo‘lsa, kelib isbotlashi kerak edi”, deydi deputat Suyun Umurzoqov.
Shuningdek, Jamg‘irchiyev O‘zbekistonga maxsus hujjatlarni olib o‘tgani ham aniqlangan.
Yanvar oyida Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Emil Jamg‘irchiyev qamoqqa olindi.
Emil Jamg‘irchiyevni qamoqqa olish haqidagi qaror Pervomayskiy tuman sudi tomonidan qabul qilingan. U 26 fevralgacha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatorida saqlandi.
2 fevral kuni esa Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Avgust oyiga kelib esa O‘zbekistonda qamoqda saqlanayotgan Salim Abduvaliyevga Qirg‘iziston qidiruv e’lon qildi va, shuningdek, Qirg‘izistonda Abduvaliyevga aloqador shaxslarni “tozalash” boshlandi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida O‘zbekistonning yirik tadbirkorlaridan biri Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev tomonidan “Birodarlar davrasi” xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kirgan Qamchibek Asanbek (“Kolya Qirg‘iz”) uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirish faktlari aniqlangan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Salimboy Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoiy tuzilmalarga rahbarlik qilgan, shuningdek, MDH davlatlarida bevosita ta’sirga ega bo‘lgan holda, giyohvandlik vositalarini Yevropa davlatlariga olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy kanallar tashkil etganligi sababli Qamchi Ko‘lboyev bilan o‘zaro aloqa o‘rnatgan va unga muntazam ravishda moddiy yordam ko‘rsatib kelgan, shuningdek, uning mintaqadagi nufuzli kriminal avtoritetlar qatorida Qirg‘iziston, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari jinoyat olamining yetakchisi bo‘lishiga yordam bergan va hissa qo‘shgan.
Qayd etilishicha, “Kolya Qirg‘iz” va “Salimboyvachcha” yaqin munosabatlarda bo‘lgan, bunga Ko‘lboyevning Abduvaliyev tomonidan uyushtirilgan bayram va boshqa tadbirlarga bir necha bor tashrif buyurishi guvohlik beradi.
Ta’kidlanishicha, Salimboy Abduvaliyev Qirg‘iziston va MDH davlatlarida ma’lum darajada erisha olgan ta’sir doirasini kengaytirib, Qamchibek Asanbekning uyushgan jinoiy guruhini moliyalashtirgan.
Yig‘ilgan materiallar asosida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi qarori bilan Salimboy Abduvaliyevga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi va u ham davlatlararo, ham Interpol Milliy markaziy byurosi orqali qidiruvga berildi.
Avgust oyida Qirg‘izistonda “Salimboyvachcha” bilan aloqador yana ikki kishi qo‘lga olindi. Ijtimoiy tarmoqlarga tadbirkor Jalil Atambayev va sobiq deputat, bojxona xizmati sobiq rahbari Salaydin Aydarov O‘zbekiston jinoyat olami yetakchisi Salim Abduvaliyev bilan uchrashuvi aks etgan videolar sizdirilgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Atambayev o‘z biznes imperiyasini kengaytirish maqsadida “Salimboyvachcha” bilan yaqin aloqada bo‘lgan. U katta mablag‘ evaziga tadbirkorga homiylik va ko‘mak ko‘rsatgan. Shuningdek, ushbu jinoyatga Salaydin Aydarov ham sherik bo‘lgani aniqlangan.
Shu oyning o‘zida uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida Qirg‘iziston Jogorku Keneshning sobiq deputati Nurgazi Adirayevich Aydarov qidiruvga berildi.
Nurgazi Aydarov xalqaro uyushgan jinoiy guruhlar a’zolari, jumladan, “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevning faoliyatini moliyalashtirish faktlari aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Aydarov Abduvaliyevning noqonuniy faoliyati va “vor v zakone” Qamchi Asanbek (Qamchi Ko‘lboyev) bilan yaqin aloqalari haqida bilib, O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtida unga har tomonlama hurmat-ehtirom ko‘rsatgan. O‘z navbatida, ular Nurgazi Aydarovni Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilgan tadbirkorlik va boshqa faoliyatga homiylik qilgan.
Bishkekning Oktyabr tuman sudi qarori bilan Aydarovga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi, u ham jinoiy javobgarlikka tortish uchun davlatlararo va Interpol orqali qidiruvga berildi.
Qirg‘izistonning Qizil-Qiya shahrida ham kriminal avtoritet, uyushgan jinoiy guruh rahbari “Salimboyvachcha” – Salim Abduvaliyev tarafdori bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
Salim Abduvaliyevning jinoiy faoliyatiga aloqador bo‘lgan ushbu shaxs 1956 yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lib, u Qizil-Qiya shahrida yashagan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs “Salimboyvachcha”ga hurmat-ehtirom ko‘rsatgan, shuningdek, ilgari Toshkent shahrida ushlangan, 1978 yilda tug‘ilgan shaxs bilan birga suratga tushgan.
Tergov tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekistonda uyushgan jinoiy guruh rahbari bilan uchrashgan holatlarni aniqlash maqsadida qo‘lga olingan shaxs Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga olib borilgan.
Abduvaliyevga aloqador yana bir qirg‘iz deputati 2024 yilning sentyabrida aniqlandi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida Suzoq tumanida yashovchi fuqaro – qishloq fuqarolar yig‘inining sobiq deputati bilan uyushgan jinoiy guruh aloqasi borligi yuzasidan suhbat o‘tkazildi.
1984 yilda tug‘ilgan shaxs bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, uyushgan jinoiy guruh mafkurasidan voz kechish majburiyati olingan. Avvalroq uning ijtimoiy tarmoqlarda “Salimboyvachcha” bilan tushgan surati paydo bo‘lgan edi.
Tushuntirish ishlaridan so‘ng profilaktik suhbat o‘tkazilgan shaxs jinoiy aloqadan voz kechgan va Qirg‘iziston Respublikasining rejalashtirilgan siyosiy yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Abduvaliyev nega ozodlikka chiqdi?
Abduvaliyev bilan bog‘liq xronologiyamizda 2025 yil 12 yanvar sanasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bir yildan ko‘proq muddatda qamoqda bo‘lgan Salim Abduvaliyev mazkur sanada ozodlikka chiqarildi, biroq Abduvaliyevning qamoqdan chiqqanini O‘zbekistondagi birorta rasmiy idora tasdiqlamadi.
QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, joriy yilning may oyida 75 yoshni qarshilaydigan Salim Abduvaliyev kasalligi tufayli Jinoyat kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan.
Abduvaliyevning ozodlikka chiqqaniga uning qizi Nilufar Abduvaliyeva ham Instagram sahifasi orqali ishora qildi. U 12 yanvar kuni Instagram'iga otasining suratini joyladi.
Salim Abduvaliyev bilan bog‘liq voqealar xronologiyasi ana shunday tarzda yakun topib turdi, voqealar qanday rivoj topishini esa vaqt ko‘rsatadi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar