Qirg‘iziston qidirayotgan “Salimboyvachcha” Toshkentda ko‘rinish berdi (video)
Jamiyat
−
27 iyul 59292 3 daqiqa
Xalq orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev joriy yil 12 yanvar kuni sog‘lig‘idagi muammolar tufayli qamoqdan ozod qilinganidan buyon ilk bor ko‘rinish berdi. U bugun, 27 iyul poytaxt Toshkentdagi “Yakkasaroy” to‘yxonasidagi tadbirda ishtirok etish uchun borgani aks etgan video tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan videoda uni sobiq “Alp Jamol” bank egasi Muhiddin Asomutdinov bilan ko‘rish mumkin.
Salim Abduvaliyevning to‘yxonaga kirib kelishi aks etgan ushbu tasvirlar tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Boisi u qamoqdan ozod etilishida keltirilgan vajlardagidek videoda sog‘lig‘ida muammoli odam sifatida ko‘rinmagan. Qolaversa, uning aynan qaysi tadbirda ishtirok etgani ham hozircha ma’lum emas.
Ma’lumot o‘rnida, Salim Abduvaliyev O‘zbekistonda 2023 yilning 1 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyidan olib ketilgan va Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni esa umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilangan. Biroq, u kasalligi tufayli joriy 2025 yilning 12 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgandi.
Ushbu moddada esa “Hukm chiqarilganidan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxs, shuningdek jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim”, deb yozilgan. Videodan ko‘rinadiki, Salim Abduvaliyev o‘zini boshqara olmaydigan darajada emas.
Aytish o‘rinliki, 2024 yilning avgust oyida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi qo‘zg‘atgan ish doirasida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi qarori bilan Salimboy Abduvaliyevga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va u ham davlatlararo, ham Interpol Milliy markaziy byurosi orqali qidiruvga berilgan.
Abduvaliyevning ommaga so‘nggi 7 oy ichida ilk bor ko‘rinishidan bir necha kun oldin, aniqrog‘i 24 iyulda Qirg‘izistonda unga aloqador deb gumonlanayotgan IIV sobiq xodimi Jalil Atambayev hibsga olingani haqida xabar berildi. U birinchi marta 2024 yilning avgustida o‘z biznesini rivojlantirish maqsadida Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan ilgari qidiruvda bo‘lgan Salim Abduvaliyev bilan aloqa o‘rnatgani va O‘zbekistonning uyushgan jinoiy guruhini moliyalashtirganlikda gumon qilinib hibsga olingandi. 2024 yilning dekabr oyida esa Atambayevga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llangan va u shartli ravishda ozod qilingan. Biroq tergov davomida u ehtiyot chorasi shartlarini bir necha bor buzgani, tergov organlarining chaqiruviga ko‘ra muntazam ravishda kelmagani va protsessual majburiyatlarni e’tiborsiz qoldirgani aniqlangan. Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi ushbu qonunbuzarliklarni inobatga olib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qaytarishga qaror qildi va Jalil Atambayev Qirg‘iziston Migratsiya qo‘mitasi qoshidagi 21-sonli muassasaga joylashtirildi.