Yaralangan qush hamon uchmoqda – Weekend

Tahlil

2025 yilning ekvatoridan endi o‘tib borarkanmiz dunyoda allaqachon 3-urush sodir bo‘lib ulgurdi. Tailand va Kambodja ibodatxona talashmoqda.

Qirg‘izoston hali ham xalq orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevga aloqador shaxslarni taqib qilmoqda.

Bir oy oldin juda og‘ir urushdan chiqqan Eron kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirdi. Forslar mintaqadagi ustunlikni fazoda ham mustahkamlamoqchi

Oxirgi paytlarda faqat kasalligi haqida xabarlar chiqadigan Ramzan Qodirov bu safar Turkiyada og‘irlashgani aytilmoqda. Ammo uning o‘zi hali jim va bu xabarlarni rad qilgani yo‘q.

Tugab borayotgan hafta davomida jahonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.

Qirg‘iziston “Salimboyvachcha” masalasini yopmayapti

Xalq orasida “Salimboyvachcha” nomi bilan mashhur Salim Abduvaliyevga aloqadorligi gumon qilinayotgan shaxslar Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralarning nishonidan hali ham tushgani yo‘q. Uning uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirganlikda gumon qilinayotgan Qirg‘iziston IIV sobiq xodimi Jalil Atambayev hibsga olindi. U birinchi marta 2024 yilning avgustida hibslangan. Atambayev turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan, O‘sh xalqaro aeroporti transport bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. O‘z biznesini rivojlantirish maqsadida Jalil Atambayev Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan ilgari qidiruvda bo‘lgan Salim Abduvaliyev bilan aloqa o‘rnatgan va uning uyushgan jinoiy guruhini moliyalashtirgan. U bilan bir vaqtda Jogorku Keneshning sobiq deputati Salaydin Aydarov ham hibsga olingan.

2024 yilning dekabr oyida Atambayevga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llangan va shartli ravishda ozod qilingan. Biroq tergov davomida u ehtiyot chorasi shartlarini bir necha bor buzgani, tergov organlarining chaqiruviga ko‘ra muntazam ravishda kelmagani va protsessual majburiyatlarni e’tiborsiz qoldirgani aniqlangan. Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi ushbu qonunbuzarliklarni inobatga olib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qaytarishga qaror qildi va Jalil Atambayev Qirg‘iziston Migratsiya qo‘mitasi qoshidagi 21-sonli muassasaga joylashtirildi. Uning Salim Abduvaliyev bilan yaqin munosabatda bo‘lganini isbotlovchi surat ham bo‘lib, u Abduvaliyevning uyida tushirilgan. Suratdagi ikkinchi shaxs esa Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati Nurgazi Aydarov bo‘lib, u Bishkekning Oktyabr tuman sudi qarori bilan 2024 yilning avgustida sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan holda, jinoiy javobgarlikka tortish uchun davlatlararo va Interpol orqali qidiruvga berilgan.

Shu o‘rinda 2023 yilning oxirlarida O‘zbekiston va uning qo‘shnisi Qirg‘izistonda kriminal avtoritetlarga qarshi o‘tkazilgan reyd tadbirlarini eslasak. Ortidan mashmashalarni keltirib chiqargan, xalqaro darajadagi jinoyatchilik tarmoqlari ochilib ketishiga olib kelgan bu voqealar davlat ichidagi muhim lavozimdagilarni ham o‘rindig‘idan silkitib yubordi. Xususan, Qirg‘izistonda Kolya Qirg‘iz nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Qamchibek Asanbekning o‘limi ortidan boshlangan tozalash tadbirlari parlament deputatlarigacha borib taqaldi va unda Emil Jamg‘irchiyev asosiy nishon bo‘ldi. Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning tasdiqlashicha, Emil Jamg‘irchiyev chegarani noqonuniy kesib o‘tib, o‘zbekistonlik Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragani, mamlakatni nazoratga olishini va ikki tanishini o‘ldirib berishini iltimos qilgan. Bu sirlar ochilganda esa Jamg‘irchiyev, hatto, parlamentdagi xonasi derazasidan sakrab qochishdek sharmandali vaziyatga tushdi.

Shuningdek, Qirg‘izistonning Suzoq tumanida yashovchi fuqaro – qishloq fuqarolar yig‘inining sobiq deputati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” bilan tushgan suratini joylashtirishi ortidan uyushgan jinoiy guruhga aloqasi borlikda gumonlanib, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining e’tiboriga tushdi. Uning surati ham Salimboyning aynan Toshkentdagi uyida olingan. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, uyushgan jinoiy guruh mafkurasidan voz kechish majburiyati qo‘yilgan. O‘z o‘rnida bu voqealar nega bir boshdan eslanayotganiga to‘xtalsak. Ko‘pchilikka ma’lum, o‘sha kezlarda nomlari tillarda doston bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxslar bilan bog‘liq voqealar ortidan Qirg‘izistonda Jogorku Kegesh deputatlariga vaqtincha chet el va ichki xizmat safarlariga chiqish taqiqlangandi.

2024 yilning avgust oyiga kelib esa Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi qo‘zg‘atgan ish doirasida Bishkek shahar Oktyabr tuman sudi qarori bilan Salimboy Abduvaliyevga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan va u ham davlatlararo, ham Interpol Milliy markaziy byurosi orqali qidiruvga berilgan. Bildirilishicha, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida Salim Abduvaliyev tomonidan “Birodarlar davrasi” xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kirgan Qamchibek Asanbek (“Kolya Qirg‘iz”) uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirish faktlari aniqlangan. Qirg‘iziston maxsus xizmatlariga ko‘ra, Abduvaliyev O‘zbekiston hududida jinoiy tuzilmalarga rahbarlik qilgan, shuningdek, MDH davlatlarida bevosita ta’sirga ega bo‘lgan holda, giyohvandlik vositalarini Yevropa davlatlariga olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy kanallar tashkil etgani sababli Qamchi Qo‘lboyev bilan o‘zaro aloqa o‘rnatgan va unga muntazam ravishda moddiy yordam ko‘rsatib kelgan. Bundan tashqari, u mintaqadagi nufuzli kriminal avtoritetlar qatorida Qirg‘iziston, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari jinoyat olamining yetakchisi bo‘lishiga yordam bergan va hissa qo‘shgan.
O‘zbekistonda esa 2023 yilning 1 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari davomida Toshkentning Fayzobod dahasida joylashgan uyidan olib ketilgan Salim Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilishi belgilangan. Biroq u kasalligi tufayli joriy 2025 yilning 12 yanvar kuni Jinoyat kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgandi.

Eron fazoga uchishda davom etyapti

Yaralangan qush hamon uchmoqda. 45 yildan buyon sanksiyalar ostida qolayotgan, Isroil bilan urushdan chiqqaniga endi bir oy to‘lgan Eron Islom Respublikasi fazoga qadam qo‘yishda davom etmoqda. 25 iyul kuni Eronning “Nohid-2” nomli sun’iy yo‘ldoshi Rossiyaning “Soyuz” raketasida kosmosga muvaffaqiyatli uchirildi. Mamlakatning tadqiqot va telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshi “Nohid-2” Rossiyaning Vostochniy kosmodromidan orbitaga chiqarilgan. Ushbu sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqqan “Soyuz” raketasi esa ilgari Eronning bir nechta sun’iy yo‘ldoshlarini, jumladan “Hayyom”, “Fars-1” va “Hodid” kabilarni kosmosga olib chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Nohid-2” Eronning kosmosdagi 26-sun’iy yo‘ldoshi hisoblanadi. Fors davlati esa o‘zining ilk sun’iy yo‘ldoshini 2009 yilda ishlab chiqqandi va u “Amid” deb nomlangandi. Bu esa o‘ta og‘ir sanksiyalar ostida bo‘lishiga qaramay, rasmiy Tehron fazoga 16 yil ichida 26 ta sun’iy yo‘ldosh uchirganini anglatadi.

“Nohid-2”ning xususiyatlariga to‘xtalsak, uchish joyidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sun’iy yo‘ldoshi taxminiy 500 kilometr balandlikda orbitaga muvaffaqiyatli joylashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda ishlab chiqarilgan bu sun’iy yo‘ldosh lityum-ionli batareyalar bilan jihozlangan. Ushbu batareyalar sun’iy yo‘ldoshning ishlash muddati davomida o‘n minglab zaryadlash davrlariga bardosh berishga mo‘ljallangan. Qayd etilishicha, uzoq muddatli sun’iy yo‘ldoshlar uchun asosiy texnik muammolardan biri bu – yerning tortishish kuchi tufayli asta-sekin orbital parchalanishdir. Bu joylashishni aniqlashi va ishlashga ta’sir qilishi mumkin. Mazkur vazifani bajarish uchun esa “Nohid-2” balandligini 50 kilometrgacha sozlashga qodir mahalliy harakatlantiruvchi tizim bilan jihozlangan. Mahalliy nashrlarning yozishicha, eronlik kosmik muhandislar harakatlantiruvchi tizimni to‘liq ravishda mamlakat ichida ishlab chiqqan. Sun’iy yo‘ldoshda kompozit yonilg‘i baki, yuqori bosimli klapanlar va nozik boshqaruv itargichlari kabi ilg‘or komponentlarni o‘z ichiga olgan issiq gaz purkagichlari ishlaydi. Ushbu qismlarning sezgirligi va yuqori texnologiyali tabiati tufayli ular xalqaro bozorda kamdan-kam uchrashi ta’kidlanmoqda.

Endi esa sun’iy yo‘ldoshlar mamlakatlarga nima uchun kerakligiga to‘xtalsak. Uni ishlab chiqish va uchirishdan asosan 6 ta maqsad ko‘zlanadi. 

  • Birinchi navbatda – aloqa. Sun’iy yo‘ldoshlar uzoq masofalarda global aloqani ta’minlaydi, ma’lumotlarni uzatadi, televideniye va internet xizmatlarini ko‘rsatadi. 
  • Ikkinchisi – navigatsiya. Bundan GPS kabi tizimlar odamlarga real vaqtda navigatsiya qilishga yordam beradi. Ular aviatsiya, dengiz sayohatlari va hatto qishloq xo‘jaligi uchun ham muhimdir. 
  • Uchinchisi – yerni kuzatish. Sun’iy yo‘ldoshlar Yerning yuqori aniqlikdagi tasvirlarini taqdim etib, tabiiy ofatlarni boshqarish, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit monitoringida yordam beradi. 
  • To‘rtinchisi – ob-havo prognozi. Sun’iy yo‘ldoshlar aniq prognozlar, bo‘ronlarni kuzatish va iqlim monitoringi uchun ma’lumotlarni taqdim etadi. 
  • Beshinchi va oltinchi maqsadlar – kosmik tadqiqotlar va xavfsizlik kabi muhim masalalardir. Ular kosmik hodisalar haqida ma’lumot to‘playdi, koinot haqidagi tushunchalarni kengaytiradi va mikrogravitatsiyasi bo‘yicha ham ilmiy tajribalar o‘tkazishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Sun’iy yo‘ldoshlarning xavfsizlik va harbiy jihatdan ko‘magi ham o‘z o‘rnida juda muhim. Bunday qurilmalar harbiy kuzatuv, erta ogohlantirish tizimlari va raketalarni aniqlash uchun ishlatiladi va milliy xavfsizlik tomonlama beqiyos instrument hisoblanadi.

Yuqorida ta’kidlangan “Nohid-2” esa asosan aloqa uchun ixtisoslashgani aytilmoqda. Ammo Eron to‘xtovsiz ravishda kosmosdagi sun’iy yo‘ldoshlarini ko‘paytirar ekan, bu loyihalar mamlakat rivoji va taraqqiyotiga hissa qo‘shmay qolmaydi. U xoh navigatsiya, xoh ob-havo yoki xavfsizlik va harbiy soha uchun kosmosga uchirilsin, umumiy olib aytganda, bu mamlakat taraqqiyotida va uning xavfsizligida muhim o‘rin tutadi. 
Ha, aytgancha, joriy haftada Isroil rasmiylari agar Eron o‘zining yadroviy loyihalarini yana qayta tiklashga kirishsa, unga hujum qilish bilan tahdid qildi. Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon esa mamlakati Isroil bilan istalgan paytda urushga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Yilning 3-urushi

2025 yilning 7-oyi endi tugab bormoqda. Ammo shu paytgacha sayyorada yil davomida davlatlar o‘rtasida 3 ta  jiddiy va qonli urushlar bo‘lib o‘tdi. Hindiston va Pokiston, Isroil va Erondan keyin estafeta tayoqchasini Tailand va Kambodja davlatlari oldi. 24 iyul kuni ertalab Kambodja va Tailand o‘rtasidagi bahsli Ta Moan Tom ibodantxonasi yaqinida, Bangkokdan 360 km sharqda joylashgan chegara hududida to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Bu to‘qnashuvlar Tailand 23 iyul kechasi o‘z elchisini Kambodjadan chaqirib olganidan va Bangkokdagi Kambodja elchisini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini ma’lum qilganidan so‘ng boshlandi. Bu qaror hafta davomida ikkinchi tailandlik askar tortishuvli hududda yangi o‘rnatilgan deb gumon qilingan minani bosib, oyog‘idan ayrilganidan keyin qabul qilindi. 

Tailandning Surin viloyatidagi Kabchiyeng tumani rahbari Suttirot Charo‘ntanasak artilleriya snaryadi odamlarning uylariga tushib, ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq bu shunchaki boshlanishi edi. Tailand ushbu hududning Kambodja chegarasiga yaqin 86 qishlog‘idan 40 000 nafar fuqaroni xavfsiz joylarga ko‘chirdi. Tailandlik rasmiylarning da’vo qilishicha, hujumni Kambodja boshlagan va Ta Moan Tom ibodatxonasi yaqinidagi hududga og‘ir qurollangan askarlarni jo‘natishdan oldin kuzatuv dronini ishlatgan. Tailand armiyasi matbuot kotibiga ko‘ra, Kambodja raketa uchirgichlar kabi bir nechta turdagi qurollardan foydalangan. 
Kambodja Mudofaa vazirligi vakili esa harbiy harakatlarni Tailand boshlagani, ularning harbiylari tomonidan hech qanday sababsiz hududga bostirib kirilganini va kambodjalik askarlar faqat o‘zini himoya qilish maqsadida javob qaytarganini ma’lum qildi. Shu tariqa har ikki davlat bir-birini to‘qnashuvni birinchi bo‘lib boshlaganlikda aybladi.

Vaziyat keskinlashganiga qaramay, Tailand bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtam Vechayachay Tailand bu holatda ehtiyotkor bo‘lishi va xalqaro huquqqa amal qilishini takidladi. 

Ikki o‘rtadagi ziddiyatning asosiy sababi esa minalar bilan bog‘liq holatdir. Hafta davomida Tailand Kambodjani bahsli hududda mina o‘rnatganlikda aybladi, buning oqibatida esa uch nafar askar jarohat olganini ma’lum qildi. Kambodja bo‘lsa, bu ayblovni rad etdi va askarlar kelishilgan yo‘nalishdan chiqib ketib, o‘tmishdagi urushlardan qolgan minaga tushib ketganini bildirdi. Ammo Tailand Kambodjaning izohini rad etib, chegaradagi mina yaqinda qo‘yilgan deb hisobladi. 24 iyul kuni Tailandning F-16 jangovar qiruvchi samolyoti Kambodja hududidagi nishonlarga zarba bergani ma’lum qilindi. Kambodja bu harakatni “Tailandning Kambodja suvereniteti va hududiy yaxlitligiga nisbatan behisob va vahshiy harbiy tajovuzi” sifatida keskin qoraladi.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi 24 iyul kuni ertalab Kambodja qo‘shinlari Tailand harbiy bazasiga og‘ir artilleriya bilan o‘q uzgani va fuqarolik ob’ektlari, jumladan shifoxonani nishonga olganini ma’lum qildi. Bu hodisa fuqarolar orasida ham qurbonlarga sabab bo‘lgan. 

Kambodja Tashqi ishlar vazirligi esa Tailand havo hujumlarini “asossiz” deb baholadi va qo‘shni davlatni o‘z kuchlarini olib chiqishga hamda vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday tajovuzkor harakatlardan tiyilishiga chaqirdi. 

Ammo keskinlik bu va shunga o‘xshash ogohlantirishlar bilan tugagani yo‘q. Oradan bir kun o‘tib, Tailand va Kambodja chegarasidagi janglarda yangi janubiy front ochildi. Mojaroning dastlabki kunlarida o‘qqa tutilish asosan chegaraning shimoliy qismida, qirg‘oqdan uzoqda va Janubiy Xitoy dengizi qirg‘oqlaridagi mashhur dengiz bo‘yidagi kurortlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, 25 iyulga kelib, ular janubda, Tailandning Trat va Chanthaburi provinsiyalarida yangi kuch bilan alangalandi. U yerdan Tailandning asosiy shaharlari Pattayagacha 150 km, Bangkokgacha esa 200 km masofa bor. “Pankok Post” gazetasining xabar berishicha, Kambodja qo‘shinlari 26 iyul kuni ertalab qirg‘oq bo‘yidagi Trat provinsiyasida davlat chegarasini buzib o‘tishga uringan, biroq qaytarilgan. Janglarda Tailand harbiy-dengiz kuchlarining kemalari qatnashgan. Xorij nashrlari to‘qnashuvlar davomida har ikki tomondan jami qurbonlar sonini 33 kishiga yetgani va bu 2011 yilgi Tailand va Kambodja o‘rtasida sodir bo‘lgan so‘nggi yirik mojarodagi yo‘qotishlardan oshib ketganini ta’kidlamoqda.

Shu tariqa diplomatik munosabatlar sovuqlashdi, tomonlar o‘z elchilarini chaqirib oldi, ayrim diplomatik vakillar chiqarib yuborildi. Xalqaro hamjamiyat – BMT, AQSH, Xitoy va boshqa davlatlar vaziyatni zudlik bilan tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirmoqda. Biroq Tailand har qanday vositachilikni rad etib, faqat ikki tomonlama muzokaralarni ma’qul deb hisoblayotganini bildirdi. O‘zini urushlarni oldini oluvchi tinchlik elchisi sifatida ko‘rsatadigan, ammo barcha guvohi bo‘lganidek, aslida buning teskarisi bo‘lgan Donald Tramp ushbu vaziyatdan foydalanib, yana siyosiy ochko ishlashga urinmoqda. U Tailand va Kambodja rasmiylari bilan telefon orqali gaplashgani va ikki o‘rtada tinchlik sulhi yaqinligini bildirdi. Ammo Trampning tomonlarni yarashtirishi va tinchlik o‘rnatish qobiliyati qandayligi Hindiston va Pokiston hamda Isroil va Eron o‘rtasidagi urushlarda namoyon bo‘lgandi. Bu masalada AQSHning amaldagi Prezidenti hali biron bir ishni qoyillatgani yo‘q. G‘azo va Ukraina masalasi esa gapirmasa ham bo‘ladi. 

Endi esa Tailand va nomi faqatgina sport musobalaridagina onda sonda tilga olinadigan Kambodja o‘rtasidagi urushning ildizlariga to‘xtalsak. Ushbu keskinlik yetilishiga bir boshdan nazar tashlansa, bu to‘qnashuvlar o‘z-o‘zidan yoki kutilmaganda sodir bo‘lib qolmaganini anglash mumkin. Aslida vaziyat bir necha oy oldin, aniqrog‘i joriy yilning may oyidagi otishmada Kambodja askari halok bo‘lganidan keyin keskinlashgandi. Bugun esa Tailand Kambodjani bahsli hududga mina qo‘yganlikda ayblashi ortidan mojaroga o‘t ketdi. Umuman olganda esa Tailand va Kambodja bir asrdan ko‘proq vaqtdan beri chegara bo‘yicha bahslashib keladi. Ular 817 km uzunlikdagi yer chegarasining aniq belgilanmagan nuqtalarida hududiy da’volar bilan ziddiyatli holatda yashab keladi. Mojaroning markazida esa hindu ibodatxonalari majmuasi va uning atrofidagi yerlar turadi. Bu esa turli yillarda ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga, shu jumladan 2011 yilda bir hafta davom etgan artilleriya almashinuvi paytida o‘nlab qurbonlarga olib kelgandi. Endi esa hal qilinmagan va allaqachon muzokaralar stoliga o‘tirib kelishib olinishi kerak bo‘lgan jiddiy masala to‘liq qurolli to‘qnashuvlarga olib keldi.
Bilamiz, Tailand o‘zbekistonlik sayyohlar uchun eng ko‘p tanlanadigan davlatlar qatorida turadi. Shu bois u yerda joylashgan diplomatik vakolatxona voqea yuzasidan darhol ma’lumot berib chiqdi. O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tailand poytaxti va turizm markazlarida vaziyat barqaror bo‘lib, xorijiy sayyohlar uchun xavf-xatar mavjud emas. Bundan tashqari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Tailand va Kambodjada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari orasida qurolli to‘qnashuvlar davrida jabrlanganlar mavjud emasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, TIV O‘zbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga safar qilmaslikni va rasmiy xabarlarni kuzatib borishni so‘rab, favqulodda vaziyatlarda Bangkokdagi Bosh konsulxonaga (+66-2) 675-3995 yoki (+66-2) 675-3996 murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi. 

Qodirov yana kasal

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning kasalligi haqida chiqayotgan xabarlar insonlar uchun ortiq yangilik emas. Chunki o‘tgan davr mobaynida bir muddat ko‘zlardan g‘oyib bo‘lsa, uning turli kasalliklar bilan kurashayotgani haqida ma’lumotlar tez tarqaladi. Biroq ko‘p o‘tmay Checheniston rahbari avatarkasiga Putinning ancha yil oldin tushgan sur’ati qo‘yilgan bir necha millionlik Telegram-kanalida bunday xabarlar asossizligi, sog‘lig‘i esa joyidaligini aytib chiqadi. Deyarli har safar shu ssenariy takrorlanadi. Masalan, 24 iyul kuni Turkiyaning Bodrum shahrida dam olayotganida uning og‘ir ahvolga tushib, nafas ololmay qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, Qodirov cho‘milayotgan mahal o‘zini o‘nglolmay, deyarli cho‘kib ketgan. Siyosatchi suvga kirganida o‘zini yomon his qila boshlagan, biroq yaqin atrofda bo‘lgan qutqaruvchilar unga o‘z vaqtida yordam bergan. Tez orada uni suvdan olib chiqishgan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar uning ahvolini barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

“Baza”ning yozishicha, xorijiy OAV tarqatayotgan ma’lumotlarda g‘alati jihatlar bor. Ma’lumki, Qodirov doimo o‘zining shaxsiy xavfsizlik xizmatidan iborat jamoa bilan yuradi va agar Checheniston rahbari xavf ostida bo‘lgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib qandaydir qutqaruvchilar emas, aynan ular unga yordam berishi kerak edi. O‘z o‘rnida bu xabar dastlab, GZT nashri tomonidan sizdirilganini ham inobatga olish lozim. Bu manba doimiy ravishda Qodirov haqida xabarlar e’lon qiladi, keyinchalik esa Qodirovning o‘zi o‘sha xabarni rad etadi. Mazkur xabarni obro‘li turk nashlari ham e’lon qildi. Ammo Checheniston rahbarining Telegram-kanaliga nazar tashlansa, mazkur ma’lumotlar ommaga sizdirilayotgan vaqtda ushbu kanalda bir nechta postlar e’lon qilganini ko‘rish mumkin. Xususan, shu kuni,  ya’ni 24 iyulda u o‘z kanalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan. Shundan so‘ng, Checheniston hayoti, frontdagi holat va boshqa mavzularda yana bir nechta postlar joylashtirib kelinmoqda. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Gap shundaki, u ahvoli yomonlashgani aytilgan xabarlar tarqalganidan beri o‘zining yangi jonli videosini e’lon qilgani yo‘q. Bundan tashqari, Qodirov bu borada hali hech qanday rasmiy izoh bermadi ham. Bu esa u hozirda rostdan ham kasalligi va shifoxonada bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlarni urchitmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Salim Abduvaliev Ramzan Qodirov Checheniston Tailand Kambodja Salimboyvachcha Qirg'izoston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing