O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlar erkin uzatilishi mumkin bo‘lgan 49 davlatni belgiladi
Jamiyat
−
06 avgust 2019 2 daqiqa
O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlarni bir xil darajada himoya qilishni ta’minlovchi chet davlatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan imzolangan, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 29 iyuldagi 415-son qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, mazkur ro‘yxatga kiritilgan davlatlarga shaxsga doir ma’lumotlar xalqaro kelishuvlar asosida tashkil etilgan axborot tizimlari orqali qo‘shimcha ruxsatnomalarsiz va vakolatli davlat organini xabardor qilmasdan transchegaraviy uzatilishi mumkin. Bunda ma’lumotlar tarqalib ketishining oldini olish choralari ko‘rilishi shart.
Ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarga esa shaxsga doir ma’lumotlarni uzatish faqat Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti belgilagan huquqiy, tashkiliy va texnik talablar bajarilgan taqdirdagina ruxsat etiladi.
Shuningdek, ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish jarayonida ular tarqalib ketgani aniqlansa, ma’lumotlar bazasi operatori bu haqda 24 soat ichida vakolatli davlat organini xabardor qilishi, 72 soat ichida esa hodisa sabablari va uni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida batafsil axborot taqdim etishi lozim.
Qaror bilan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti chet davlatlarni mazkur ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha takliflar tayyorlash uchun mas’ul etib belgilandi.
Hukumat, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligiga uch oy muddatda Yevropa Ittifoqining “Shaxsga doir ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlashda jismoniy shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi konvensiyasiga qo‘shilish hamda O‘zbekistonni shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatiga kiritish yuzasidan taklif kiritish vazifasini yuklagan.
Tasdiqlangan ro‘yxatdan 49 ta davlat va hudud o‘rin olgan. Ular qatorida AQSH, Kanada, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Yangi Zelandiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya hamda Yevropa Ittifoqining qator davlatlari bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim turdagi shaxsga doir ma’lumotlarni O‘zbekistondan tashqarida saqlash va qayta ishlash mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi