Prezidentni Cho‘lponotada Japarov qarshiladi
Jamiyat
−
20 iyul 2022
10625Bugun, 20 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Cho‘lponota shahriga bordi. Aeroportda uni Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi Rahbari Akilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Ertaga, 21 iyul kuni Cho‘lponotada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Sammitda savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Mintaqa yetakchilarining birinchi sammiti 2018 yil mart oyida Nur-Sulton shahrida, ikkinchisi 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida, uchinchisi o‘tgan yilning avgust oyida Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi