Zelenskiyning xotini AQSHga bordi va Blinken bilan uchrashdi

Olam

image

Ukraina Prezidentining rafiqasi Yelena Zelenskaya Amerika Qo‘shma Shtatlari birinchi xonimi Jill Bayden taklifiga binoan Vashingtonga tashrif buyurdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti ma’muriyati xabar bermoqda.  

“Urush tufayli uyi va yaqinlaridan ayrilganlarni ko‘rish va ular bilan muloqot qilish maqsadida Bayden xonim may oyida Ukrainaga tashrif buyurdi. Endi AQSHda Ukraina ko‘rsatayotgan qarshilik va tajovuzkorga nisbatan kurashimizdagi ehtiyojlari haqida gapirish mening navbatim”, dedi Yelena Zelenskaya tashrifini boshlab. 

Ukraina birinchi xonimi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi. 

Yelena Zelenskaya Vashington markaziga o‘rnatilgan 1932-1933 yillarda Golodomor qurbonlari xotirasi memorialiga tashrif buyurdi hamda Qo‘shma Shtatlardagi Ukraina jamoatchiligi vakillari bilan uchrashdi. 

“Rossiya yana bir bor Ukrainani yo‘q qilishga urinayotgan fojiali hozirgi kunimizni eslatuvchi bu yerga tashrif buyurib, AQSHdagi ukraina jamoatchiligi bilan uchrashib, men haqiqiy yorug‘lik nurini oldim. Bular o‘z vatanidan minglab kilometr uzoqda bo‘lsa ham kimligini eslaydigan, til biladigan, oldingi safda ko‘ngilli bo‘lib, rus hujumiga javob qaytargan, vataniga, vatandoshlariga yordam berishga oshiqqan odamlardir”, deydi u.  

Tashrifining birinchi kunida u AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer bilan ham uchrashdi. 

“Bizning buyuk do‘stimiz Samanta xonimni, ayniqsa uning agentligi USAID Ukrainaning odamlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi asosiy hamkorlaridan biri ekanligi kontekstida ko‘rganimdan xursand bo‘ldim. Xususan, gap ruhiy salomatlik va psixo-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash milliy dasturimiz doirasidagi psixologik yordam haqida bormoqda. Biz birgalikda ukrainaliklarga yashash uchun potensial va kuchni qaytarishimiz kerak”, deydi Ukraina birinchi xonimi.  

Shuningdek, Yelena Zelenskaya Vashingtondagi Ukraina uyi va Ukrainaning AQSHdagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Protezlash dasturi ishtirokchilari bilan ham uchrashdi. Bu joy Rossiya tajovuzi oqibatida oyoq-qo‘lidan ayrilgan ukrainaliklar uchun maxsus tashkil etilgan. 

Yelena Zelenskaya ushbu yordamdan foydalangan Ukrainaning birinchi fuqarolari, kramatorsklik Stepanenkolar oilasi haqida gapirdi:  

“Natalya Stepanenko 11 yoshli egizaklar Yana va Yaroslav bilan Kramatorskdagi temir yo‘l vokzalida bo‘lgan va Rossiya raketasi u yerga uchgan kunning o‘zida evakuatsiya qilishga uringan. Natalya bir oyog‘idan ajradi, qizi Yana esa ikki oyog‘idan ayrildi. Hozir oila AQSHda – Natalya allaqachon yangi protezga moslashmoqda, Yana esa yaqin kelajakda protez qo‘ydirishga tayyorlanmoqda”, deydi Zelenskiyning rafiqasi. 

Birinchi xonim dastur davom etayotganini ta’kidladi. Ukraina uyi va elchixona Sog‘liqni saqlash vazirligidan mina portlashi natijasida jarohat olgan bolalar haqida ma’lumot yig‘moqda. 

“Biz birgalikda bolalarga ruslar ulardan tortib olgan bolalikni qaytaramiz, deb o‘ylayman”,  deydi Yelena Zelenskaya.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Elena Zelenskaya

Baholaganlar

128

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing