Qirg‘in ostidagi “Love story”. Ukrainada juftlik front yaqinida turmush qurdi (fotoreportaj)
Olam
−
10:34 1617 3 daqiqa
Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi front chizig‘i yaqinlashib kelayotgan Kramatorsk shahrida 35 yoshli Tetyana va Aleksandr nikohdan o‘tdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainaning Mustaqillik kuni – mamlakat mustaqilligining 35 yilligi nishonlangan 29 avgustda juftlik shahar markazidagi Tinchlik maydonida to‘y marosimini o‘tkazgan. Marosim havo hujumlari va dronlar xavfi yuqori bo‘lgan sharoitda, dronlarga qarshi himoya to‘rlari ostida bo‘lib o‘tdi.

Kramatorsk to‘ydan 3 kun oldin rasman jangovar hudud tarkibiga kiritilgan. Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatida Ukraina nazoratida qolgan hududlarga yaqinlashar ekan, shahar tobora ko‘proq hujumlarga duch kelmoqda. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, nikohdan oldingi bir necha kun ichida shaharda 51 ta o‘qqa tutish holati qayd etilgan va 6 kishi halok bo‘lgan.

Shaharda ko‘plab binolar zararlangan, derazalar o‘rnini faneralar egallagan, odamlar va ochiq bizneslar soni keskin kamaygan. Ko‘chalarning ayrim qismlari dronlarga qarshi to‘rlar bilan yopilgan, shahar atrofida esa tanklarga qarshi beton to‘siqlar o‘rnatilgan.

Shunga qaramay, Tetyana va Aleksandr nikohni aynan Kramatorskda o‘tkazishga qaror qilgan. Aleksandrning aytishicha, bu qaror shahar va Donetsk viloyati xotirasini saqlab qolish istagi bilan bog‘liq. Uning ta’kidlashicha, urushda bir necha yil avval borgan ko‘plab shahar va qishloqlar hozir vayronalarga aylangan.
Aleksandr Mariupol shahrida tug‘ilgan bo‘lib, shahar urushning dastlabki bosqichida uzoq davom etgan qamaldan so‘ng Rossiya nazoratiga o‘tgan. Tetyana esa bolaligida har yili yozni hozir Rossiya bosib olgan Donetsk hududidagi buvisining uyida o‘tkazgan.

Ma’lum qilinishicha, Tetyana frontda ko‘ngilli harbiy tibbiyot xodimi sifatida ishlaydi. U Kramatorskda xizmat qilgan, ammo to‘ydan bir necha kun oldin uning tibbiy evakuatsiya guruhi Kiyevga qayta jo‘natilgan. Shunga qaramay, u marosimda ishtirok etish uchun sharqiy Ukrainaga qaytib kelgan.
Juftlik shu yil fevral oyida tanishgan. Tetyana Aleksandrga internet orqali murojaat qilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatishni taklif qilgan. Ularning ikkalasi ham urush sharoitida yashagan va ishlagani ular o‘rtasidagi munosabatni yanada yaqinlashtirgan.

Nikoh marosimi onlayn tarzda o‘tkazilgan. Ukraina 2024 yilda urush tufayli jismonan bir joyda bo‘la olmaydigan juftliklar uchun onlayn nikoh xizmatini joriy qilgan. Mamlakat Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida nikohlarning 38 foizi onlayn tarzda qayd etilgan.

Bildirilishicha, nikoh uzuklari taqilib, qasamyodlar aytilgan va juftlik bir-birini o‘pgan. Marosimdan keyin ular yaqin atrofdagi kam sonli ochiq muassasalardan biri bo‘lgan qahvaxonaga borib, to‘y tortini tanovul qilgan.

Qayd etilishicha, to‘y paytida shahar ustida dron paydo bo‘lgani haqida xabar berilgani sababli qisqa muddat xavotirli vaziyat yuzaga kelgan. Biroq juftlik marosimni davom ettirgan.

Tetyana urush davrida oila qurishni kelajakka umid bilan bog‘lagan. Uning aytishicha, Rossiya Ukrainada qo‘rquv va tushkunlik muhitini yaratishga harakat qilayotgan bir paytda yangi va go‘zal narsa barpo etish, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish va sevish muhim.

Tetyana va Aleksandrning yoshi ham Ukraina mustaqilligi yoshiga teng – ikkalasi ham 35 yoshda. Ular mamlakatdagi dahshatli va ertangi kunni mavhumlikka botirayotgan, qanchadan-qancha bolalar va tinch insonlarni boshini yeyayotgan urushga qaramay, farzandli bo‘lish va kelajak qurishni rejalashtirmoqda.
Live
Barchasi