Rustam Minnixonov Shavkat Mirziyoyevga ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
10:01 11717 2 daqiqa
Tatariston rahbari Rustam Minnixonov Nijnekamsk shahriga dronlar hujumi oqibatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining halok bo‘lishi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonga hamdardlik telegrammasini yo‘lladi. Bu haqda respublika rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
“Rustam Minnixonov O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlariga hamdardlik telegrammalarini yo‘lladi. Halok bo‘lganlar orasida jami 9 kishi ularning fuqarolari”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Hujum oqibatida 1 nafar Tojikiston fuqarosi va 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Minnixonov telegrammada halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishini bildirgan.
“O‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotish alamini birga baham ko‘ramiz. Bu og‘ir damlarda fikr va tuyg‘ularimiz mudhish terakt qurbonlarining oilalari bilan. Ularga jasorat, ruhiy kuch va matonat, barcha jabrlanganlarga esa tezroq sog‘ayib ketishini tilayman”, deb yozgan Minnixonov.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 avgust kuni Tatariston Hukumati Matbuot xizmati respublika dushmanning uchuvchisiz uchish qurilmalari hujumiga uchraganini ma’lum qilgandi. Hujum oqibatida 13 kishi, jumladan, bir nafar bola halok bo‘lgan. 78 kishi yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Ukraina qurolli tuzilmalari tomonidan Tatariston Respublikasining sanoat va fuqarolik ob’ektlariga uyushtirilgan terrorchilik hujumi ortidan Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Respublikada motam e’lon qilindi.

Voqeada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar 8 nafarni tashkil etmoqda. Mazkur hodisa yuzasidan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazirning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasi tuzildi.
Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarining holidan xabar olish va ularga barcha zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarni esa havo transportida maxsus reys orqali olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek, ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.
Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova diplomatik idora saytida Ukraina Qurolli kuchlari Nijnekamskdagi xorijliklar istiqomat qiladigan joyga Rossiya Federatsiyasining do‘st mamlakatlar bilan qardoshlik munosabatlariga nifoq solish uchun maqsadli ravishda zarba bergani haqida izoh qoldirgan.
Live
Barchasi