Kiyevga berilgan zarba oqibatida halok bo‘lganlar soni 37 nafarga yetdi
Olam
−
20:16 1282 2 daqiqa
Rossiya dronlari Kiyev viloyatidagi o‘q-dori omboriga zarba berishi ortidan kuchli portlash yuz berib, kamida 37 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiyaning dron hujumi kecha, 29 avgust kuni kechqurun Kiyev viloyatidagi Mila qishlog‘i yaqinida joylashgan harbiy ob’ektda kuchli portlashga sabab bo‘lgan. Hodisa oqibatida o‘nlab kishi jarohatlangan, yuzlab aholi evakuatsiya qilingan.
Portlashdan so‘ng hududda keng ko‘lamli yong‘inlar yuzaga kelgan. Halok bo‘lganlar orasida portlashdan keyin odamlarga yordam berishga shoshilgan qo‘shni qishloq rahbari ham bor.
“Odamlar yonida portlovchi moddalarni saqlaganlarning dahshatli beparvoligi”, degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba berilgan ob’ektda artilleriya snaryadlari, minalar, dronlar va boshqa o‘q-dorilar saqlangan.
Bu Kiyev viloyatida so‘nggi ikki oy ichida Rossiya zarbalari ortidan yuz bergan ikkinchi yirik portlash bo‘ldi. Iyul oyida Vishnyovo shahridagi shunga o‘xshash hodisada 10 kishi halok bo‘lgan, yuzlab uylar zararlangan edi.
“Vishnyovodagi voqeadan keyin yana shunday jinoyat sodir bo‘lishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Tafsilotlar jamoatchilikka zudlik bilan taqdim etilishini kutyapman”, degan Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti harbiy ob’ektdagi ehtimoliy beparvolik bo‘yicha jinoiy ishlar ochilganini ma’lum qilgan. Ukraina Mudofaa vazirligi esa o‘q-dorilarni saqlash uchun mas’ul barcha shaxslar ob’ektlarni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazishi kerakligini bildirgan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya bir kechaning o‘zida Ukrainaning yana 9 ta viloyatiga zarba bergan. Kiyev esa reaktiv dronlar ishtirokida deyarli uzluksiz hujumlar ostida qolgan.
Kiyev viloyati gubernatori Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, ertalab Borispol tumaniga qilingan dron hujumida 14 yoshli qiz halok bo‘lgan. Kiyev meri Vitaliy Klichko esa shaharda urib tushirilgan dron oqibatida 2 yoshli qiz vafot etganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ukrainaning Kiyev viloyati Bucha tumaniga hujum uyushtirishi oqibatida 27 kishi halok bo‘lib, 42 kishi jarohatlangani xabar qilingandi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust