Shri-Lankada yangi Prezident saylandi. Avvalgisi oilasi bilan qochib ketgandi
Olam
−
20 iyul 2022
6343Misli ko‘rilmagan iqtisodiy inqirozga yuz tutgan Shri-Lankada yangi Prezident etib sobiq Bosh vazir Ranil Vikramasingxe saylandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ranil Vikramasingxe Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasining sakkizinchi Prezidenti etib saylandi”, deydi sanoq komissiyasi raisi.
Qayd etilishicha, Ranil Vikramasingxega 225 deputatdan 134 nafari, uning asosiy raqibi, hukmron partiyadan deputat Dulla Allaxaperumaga esa atigi 82 deputat ovoz bergan.
Natijalar e’lon qilinganidan so‘ng, sobiq Bosh vazir Shri-Lanka juda og‘ir iqtisodiy va siyosiy vaziyatda ekani, mamlakat bundan ham ko‘proq muammo hamda qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytgan.
“Birinchi vazifa — Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan moliyaviy yordam bo‘yicha kelishish”, deydi u.
E’tiborlisi, Vikramasingxe avvallari Birlashgan Milliy partiya yetakchisi sifatida ikki marta prezidentlik saylovlarida qatnashgan, biroq qonunchilarning ovozlari yetarli bo‘lmagani uchun u har safar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Shri-Lankaning sobiq Prezidenti Gotabaya Rajapaksa 13 iyulga o‘tar kechasi ommaviy norozilik namoyishlari fonida mamlakatni tark etdi va oilasi bilan harbiy samolyotda Maldiv orollariga qochdi. 14 iyul kuni Prezident Singapurga uchib ketdi va u yerdan iste’foga chiqish to‘g‘risida rasmiy xat yubordi.
Shri-Lankadagi siyosiy vaziyat 9 iyul kuni namoyishchilar davlat rahbari va Bosh vazirning qarorgohini egallab olishi bilan keskinlashgan. Tartibsizliklar paytida 100 dan ortiq odam jarohatlangan.
Shri-Lankadagi vaziyat
Shri-Lankada bir necha oydan beri narxlarning ko‘tarilishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetishmasligi sabab norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgandi. Kundalik tovarlar keskin qimmatlashib, inflyatsiya darajasi 50 foizdan ko‘tarilib ketgandi.
Shuningdek, mamlakatda valyuta zaxiralari deyarli tugagani sababli boshqa davlatlardan tovar sotib olish uchun yetarli mablag‘ qolmagandi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar ham odatiy holga aylanib qolgan. Dori-darmon yetishmasligi sog‘liqni saqlash tizimini inqiroz yoqasiga olib kelgan.
Qolaversa, avtobus, poyezd va tibbiy transport kabi muhim xizmatlar uchun yoqilg‘i yetishmovchiligi jiddiy tus olgan. Maktablar yopilgan va odamlardan resurslarni tejashga yordam berish uchun uydan ishlashlari so‘ralgan.
Shri-Lanka may oyida o‘ziga kerakli tovarlarni xorijdan xarid qila olmagani bilan birga, tarixida birinchi marta tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmay, bankrotlikka uchradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hukumatining 51 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bor, uning 6,5 milliard dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi va ikki davlat qarzni qanday qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. G7 davlatlari Shri-Lankaning qarz to‘lovlarini kamaytirishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Shri-Lanka hukumati, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan 3 milliard dollar ajratish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Hindiston qo‘shnisiga kamida 1,9 milliard dollar kredit taklif qilgan.