Shri-Lankada favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
18 iyul 2022
9644Shri-Lanka hukumati orolda favqulodda holat e’lon qildi. Tegishli farmonni Shri-Lanka Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Ranil Vikramasingxe imzoladi.
Osiyo OAVlarining yozishicha, farmon mamlakat rasmiy gazetasida kechasi e’lon qilingan va 18 iyul kuni ertalab kuchga kirgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, favqulodda holat “jamoat xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini muhofaza qilish hamda jamiyat hayoti uchun zarur bo‘lgan ta’minot va xizmatlarni saqlash maqsadida” joriy etilgan.
Shri-Lankadagi vaziyat
Shri-Lankada bir necha oydan beri narxlarning ko‘tarilishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetishmasligi sabab norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgandi. Kundalik tovarlar keskin qimmatlashib, inflyatsiya darajasi 50 foizdan ko‘tarilib ketgandi.
Shuningdek, mamlakatda valyuta zaxiralari deyarli tugagani sababli boshqa davlatlardan tovar sotib olish uchun yetarli mablag‘ qolmagandi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar ham odatiy holga aylanib qolgan. Dori-darmon yetishmasligi sog‘liqni saqlash tizimini inqiroz yoqasiga olib kelgan.
Qolaversa, avtobus, poyezd va tibbiy transport kabi muhim xizmatlar uchun yoqilg‘i yetishmovchiligi jiddiy tus olgan. Maktablar yopilgan va odamlardan resurslarni tejashga yordam berish uchun uydan ishlashlari so‘ralgan.
Shri-Lanka may oyida o‘ziga kerakli tovarlarni xorijdan xarid qila olmagani bilan birga, tarixida birinchi marta tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmay, bankrotlikka uchradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hukumatining 51 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bor, uning 6,5 milliard dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi va ikki davlat qarzni qanday qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. G7 davlatlari Shri-Lankaning qarz to‘lovlarini kamaytirishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Shri-Lanka hukumati, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan 3 milliard dollar ajratish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Hindiston qo‘shnisiga kamida 1,9 milliard dollar kredit taklif qilgan.
16 iyul kuni Shri-Lanka parlamenti Prezident Gotabaya Rajapaksaning iste’foga chiqqani rasman e’lon qilindi. Hozirda prezident vazifasini Bosh vazir Ranil Vikramasingxe bajarmoqda.
LiveBarchasi