Shri-Lankada denge bezgagi sabab 56 kishi vafot etdi
Olam
−
22 iyul 953 3 daqiqa
Shri-Lankada so‘nggi qariyb 10 yildagi eng yirik denge bezgagi epidemiyasi kuzatilmoqda. Kasallik oqibatida kamida 56 kishi vafot etgan, yil boshidan buyon esa 77 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan. Bu haqda “Independent” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat hukumati chivinlarga qarshi kurashish uchun harbiy dronlardan foydalanishni boshlagan. Shuningdek, denge bezgagi tarqalishini nazorat qilish maqsadida harbiylar ishtirokida maxsus monitoring guruhi tuzilgan.
Shri-Lanka Milliy denge bezgagiga qarshi kurash bo‘limi mamlakat bo‘ylab kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan 162 ta hududni aniqlagan. Kasallanish holatlari butun mamlakatda qayd etilgan bo‘lsa-da, eng ko‘p holatlar amaldagi poytaxt Kolombo shahriga to‘g‘ri kelmoqda.
Sog‘liqni saqlash mutaxassislari hozirgi epidemiyaga denge virusining kuchliroq turi sabab bo‘layotganini bildirgan. Vazirlik 2017 yilda yuz bergan yirik epidemiya takrorlanishining oldini olish uchun qurolli kuchlardan yordam so‘ragan. O‘sha paytda 186 mingdan ortiq odam kasallangan, kamida 450 kishi vafot etgan edi.
Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida harbiy havo kuchlari dronlari yordamida yomg‘irdan keyin tomlar va boshqa joylarda to‘planib qolgan suv manbalari aniqlanmoqda. Shuningdek, politsiya xodimlari uylar, qurilish maydonlari va maktablarda chivinlar ko‘payishi mumkin bo‘lgan joylarni tekshirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, iyul oyining dastlabki ikki haftasida 18 mingdan ortiq bemor shifoxonalarga murojaat qilgan. Kasalxonalarda qo‘shimcha o‘rinlar ajratilib, maxsus bo‘limlar tashkil etilgan.
Mutaxassislar kasallik ko‘payishiga 2025 yil dekabrida mamlakatni qamrab olgan “Ditvax” sikloni ham sabab bo‘lganini aytmoqda. Siklon oqibatida yuzaga kelgan vayronalar va suv to‘planishi chivinlarning ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratgan.
Shri-Lanka sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, kasallanish holatlarining qariyb 75 foizi denge virusining tez tarqaluvchi DENV-2 turi bilan bog‘liq.
Rasmiylar avgust oyida musson yomg‘irlari kamayishi bilan kasallanish holatlari pasayishini kutmoqda. Biroq aholi noyabr oyida yomg‘irlar qaytishi bilan kasallik yana kuchayishi mumkinligi haqida ogohlantirilmoqda.
Hozirgacha mamlakatda chivinlar ko‘payadigan 11 mingga yaqin hudud tozalangan, bunday joylarga ega bo‘lgan 4 mingdan ortiq ob’ekt egalariga jarima qo‘llangan.
Shri-Lankada 22 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, denge bezgagi infeksiyalangan Aedes chivinlari orqali yuqadi. Kasallik ayrim holatlarda og‘ir kechishi mumkin bo‘lib, asosiy alomatlari yuqori harorat, kuchli bosh og‘rig‘i, ko‘z atrofidagi og‘riq, mushak va bo‘g‘imlardagi og‘riqlar hamda teridagi toshmalardan iborat.
Ayni paytda Shri-Lanka rasmiylari epidemiyaga qarshi kurashda denge bezgagiga qarshi vaksina qo‘llash imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq mutaxassislar virusning bir nechta turi mavjudligi sababli vaksinaning samarasi cheklangan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Bundibugiyo virusi sabab yuzaga kelgan Ebola epidemiyasidan vafot etganlar soni 864 nafarga, tasdiqlangan kasallanish holatlari esa 2,2 ming nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi