Shri-Lankaning sobiq birinchi xonimi qo‘lga olindi
Olam
−
10:52 1592 2 daqiqa
Shri-Lankaning sobiq prezidenti Mahinda Rajapaksaning rafiqasi, mamlakatning sobiq birinchi xonimi Shiranti Rajapaksa bolalar shifoxonasi uchun yig‘ilgan xayriya mablag‘larini noqonuniy ishlatish bo‘yicha gumonlar yuzasidan ushlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, 73 yoshli Shiranti Rajapaksa Kolombodagi uyida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. U sobiq prezident bilan bog‘liq “Siriliya Saviya” xayriya jamg‘armasi tomonidan yig‘ilgan 10 mln rupiy (qariyb 30,3 ming dollar) mablag‘ yuzasidan so‘roq qilinmoqda.
Mazkur mablag‘ Kolombodagi Lady Ridgeway bolalar shifoxonasi uchun maxsus skaner xarid qilishga sarflanishi kerak bo‘lgan. Biroq rasmiylar shunga o‘xshash skaner Xitoy hukumati tomonidan allaqachon shifoxonaga topshirilganini bildirgan.
Shiranti Rajapaksa o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etgan. U mablag‘ o‘zlashtirilmaganini bildirgan. Sobiq prezident Mahinda Rajapaksaning vakili Manoj Gamage ham pullar “Siriliya Saviya” jamg‘armasi hisoblarida saqlanayotganini va firibgarlik sodir etilmaganini aytgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Shiranti Rajapaksa joriy yilning 5 oktyabr kuni davolanish uchun bo‘lib turgan Singapurdan Shri-Lankaga qaytgan. U hibsga olinmaslik uchun sudga ariza bergan, biroq ish bo‘yicha sud majlisi 12 oktyabrga belgilangan.
Ma’lumot uchun, Mahinda Rajapaksa 2005–2015 yillarda Shri-Lanka prezidenti bo‘lgan. 2022 yilda mamlakatda iqtisodiy inqiroz va inflyatsiya sababli ommaviy noroziliklar boshlangan va uning ukasi Gotabaya Rajapaksa prezidentlik lavozimini tark etgan.
Hozirgi hukumat Rajapaksa oilasi a’zolariga oid avval to‘xtab qolgan korrupsiya bo‘yicha tergovlarni qayta tiklagan. Mahinda va Shirantining katta o‘g‘li Namal Rajapaksa ham joriy yilda samolyot xaridi bilan bog‘liq ish yuzasidan hibsga olingan. Uning ukasi Yoshita ham korrupsiya ayblovlari bilan qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi davlat lavozimlariga tayinlov evaziga pora olganlikda aybdor deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Live
Barchasi