Ibrohim Raisiy rafiqasi bilan Pokistonga bordi
Olam
−
22 aprel
7487Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy 22-24 aprel kunlari davom etadigan uch kunlik rasmiy tashrif bilan Pokistonga bordi. Bu haqda “Radio Pakistan” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentni Nur Xon aeroportida Pokiston Uy-joy va jamoat ishlari federal vaziri Riaz Husayn Pirzoda kutib olgan. Raisiy bilan birga uning rafiqasi va yuqori martabali delegatsiya, jumladan Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va boshqa hukumat a’zolari hamda biznes vakillari ham Islomobodga borgan.
Bugun, 22 aprel kuni Eron Prezidenti Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashadi. Shu bilan birga, delegatsiyalar darajasida muzokaralar olib boriladi. Tashrif doirasida Raisiy Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy hamda Islom respublikasi parlamentining yuqori va quyi palatalari raislari bilan ham uchrashadi. Bundan tashqari, Eron Prezidenti Lahor va Karachiga ham tashrif buyuradi.
Pokiston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida Eron-Pokiston aloqalarini mustahkamlash, savdo, aloqa, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Tomonlar mintaqaviy va jahon voqealaridagi o‘zgarishlarni, shuningdek, umumiy terrorizm tahdidiga qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlikni ko‘rib chiqadi.
Shri-Lankaga tashrif
“Raisiy Pokistonga tashrifi ortidan Shri-Lankaga boradi”, deb xabar berdi Shri-Lankaning “News 1st”portali.
Eron Prezidentining Kolomboga tashrifi bir kun davom etadi. Raisiy u yerga Shri-Lanka Prezidenti Ranil Vikramasingxe taklifiga binoan boradi.
Eron rahbarining Shri-Lankaga safarining asosiy nuqtasi orolning janubi-g‘arbidagi ikkita to‘g‘on va 120 megavatt quvvatga ega elektr stansiyasini o‘z ichiga olgan “Uma Oya” ko‘p funksiyali infratuzilma loyihasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etish bo‘ladi. Ular Erondan kelgan muhandislar ishtirokida qurilgan. “Uma Oya” Shri-Lankadagi eng yirik qurilish muhandislik loyihasi hisoblanadi va taxminan 500 million dollarga baholanadi.
LiveBarchasi