Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasiga tramvay qaytadi – Tbilisi meriyasi
Jamiyat
−
19 iyul 2022
9964Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida tramvay harakati qayta tiklanadi. Bu haqda qizig‘i poytaxt hokimligi emas, Gruziya boshkenti Tbilisi meriyasi xabar berdi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bugun, 19 iyul kuni poytaxtdagi qayta ta’mirlangan Shota Rustaveli haykali ochilishida Tbilisi meri Kaxa Kaladzega aytib o‘tgan.
“Kaxa Kaladze mashhur haykaltarosh Yakob Shapiro tomonidan ishlangan Shota Rustaveli haykali va unga tutash hudud restavratsiya qilinganidan mamnunligini bildirdi.
Toshkent shahar hokimining ma’lum qilishicha, Toshkent shahar hokimligi shahar ramzi – Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanadigan tramvayni tiklashni rejalashtirmoqda”, deyiladi Tbilisi meriyasi xabarida.
Tbilisi meri Gruziya Bosh vaziri Irakliy Gariboshvilining tashrifi doirasida Toshkentga kelgan. U Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Xususan, O‘zbekiston mahsulotlarini Gruziya portlari orqali Yevropaga eksport qilish masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Toshkentga tramvay qaytarilishi haqida ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi