Toshkentga tramvay qaytadi
Tahlil
−
18 mart
6321Toshkentga tramvay yana qaytadi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan vazirlik-idoralararo hujjatlarni imzolash marosimida qatnashgan jurnalist Aziza Qurbonova xabar qildi. Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va Fransiya Tashqi savdo va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vazir-delegat Loran Sen-Marten tramvay tizimini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan.
Hujjat imzolanganiga oradan bir necha kun o‘tganiga qaramay, Toshkent hokimligi o‘zi tomonidan imzolangan va shahar hayotida katta ahamiyat kasb etadigan bunday loyiha haqida lom-lim demadi. Transport vazirligiga yuzlanganimizda esa bu loyiha hokimlik tomonidan imzolangani va ular shug‘ullanishi aytildi.
Qayta qurilishi kutilayotgan tramvaylar haqida
Yodingizda bo‘lsa, bundan to‘qqiz yil oldin — 2016 yilda yuz yillik tarixga ega Toshkent tramvayidan voz kechilgandi. Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va katta, uzoq yillar poytaxt ahliga beminnat xizmat qilgan ushbu tramvay tizimi 1912 yil 29 dekabr kuni foydalanishga topshirilgan. Lekin bunga qisqa vaqt ichida erishilmagan. Toshkentda tramvay qurish va foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma undan 16 yil oldin – 1896 yilda Toshkent rasmiylari hamda belgiyalik tadbirkor Eduard Empen tomonidan imzolangan.
Poytaxtliklarga bir asr xizmat qilgan tramvay liniyalari 2000 yillarga kelib birin-ketin yopila boshladi. 2008 yili birdaniga uch tramvay liniyalari yopilib, shaharda 11 ta tramvay yo‘nalishi qolgan. 2016 yilga qadar qisqartirish va yopishlar davom etdi va xuddi shu yili 28 mart kuni shaharning o‘sha paytdagi hokimi Rahmonbek Usmonov barcha tramvay yo‘nalishlari yopilishini e’lon qildi.
Mazkur qaror avtomobil transporti sonining muntazam ortib borayotgani, ko‘cha tarmoqlarining yetarli darajada rivojlanmagani va tramvay yo‘nalishlarining samarasiz faoliyati sabab qabul qilingani aytildi. 2 may kuni 17 yo‘nalishning so‘nggi vagoni depoga kirib kelishi bilan Toshkent tramvayining 115 yillik tarixi yakun topdi. Bu paytda shaharda tramvay bor-yo‘g‘i 7 ta yo‘nalish harakatda edi. Faoliyati to‘xtatilgan tramvaylar o‘rniga yangi avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.
Shundan so‘ng, toshkentliklar xayrlashish uchun tramvaylarga chiqib, suratga tushib, ularni ijtimoiy tarmoq sahifalariga joylashtirishgandi. Buni poytaxtliklar yaxshi eslaydi. O‘shanda faollar Toshkent tramvayini rivojlantirishga ko‘p vaqt va mablag‘ ketgani va ular poytaxt uchun eng yaxshi jamoat transporti ekanini aytishgandi.
Qayta qurishga harakat
2016 yili tramvay liniyalari yopilganida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri quyidagicha post qoldirgandi:
“Balki bir necha yildan keyin Toshkentning keyingi rasmiylari katta xato qilib qo‘yganini anglab yetar va atrof-muhitni himoya qilish maqsadida yana tramvay yo‘llarini qurib, tramvay sotib olish kerak degan qarorga kelar”.
Ha, shunday ham bo‘ldi. Yopilganidan 6 yil o‘tib, poytaxtga yana tramvaylarni qaytarish harakati boshlandi. Xo‘sh, voz kechilgan va yo‘llardan “izi o‘chirilgan” tramvaylarni qayta qurishga nima turtki bo‘lyapti? Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, xalq shuni xohlayapti. Mirziyoyev 2022 yilning fevralida Samarqandga qilgan tashrifi davomida shaharda tramvay bor ekanini alohida qayd etib,
“Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti”, degan edi.
2024 yilning martida esa Transport vaziri Ilhom Mahkamov tramvayning “nihoyatda kerakli infrastruktura”ligini aytib, u orqali poytaxt va Yangi Toshkent bog‘lanishi, shuningdek, shahar ichida tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlanayotganini ma’lum qilgandi. Vazir 2016 yilda tramvaylar harakati to‘liq to‘xtatilgani haqida gapirar ekan, o‘sha paytda u boshqa sohada bo‘lganini aytgan.
“Hozir esa soha vakili sifatida aytamanki, tramvay — Toshkent shahri uchun nihoyatda kerakli infrastruktura. Mavjud bo‘lgan tramvayni bekor qilish… balki, menimcha, u paytlarda u qadar tirbandliklar bo‘lmagan, jozibadorlik, muhtojlik sezilmagan. U paytlarda o‘ziga yarasha sabablari bo‘lgan bo‘lsa kerak. Qolganida ham, baribir uni modernizatsiya qilish, yangilash talab etilardi. Tramvaylarning o‘zi ham, yo‘li ham eskicha usulda qurilgan. Bu infratuzilma, albatta, bizga kerak”, degan u.
Ta’kidlash joizki, yaqinda imzolangan tramvay qurish yo‘l xaritasi bu borada imzolangan ikkinchi kelishuvdir. Birinchisi, 2022 yilning noyabrida Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi vaqtida O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vaziri Olive Besht tomonidan imzolangandi. Unga ko‘ra, Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi Toshkentda kuniga 78 ming kishini tashishga mo‘ljallangan 9,1 km uzunlikdagi tramvay liniyasi qurishi kerak edi. 167,4 million yevrolik loyihaning qurilishi esa 2024 yilning II choragida boshlanishi ko‘zda tutilgandi. Ammo, lekin, biroq…
Guvohi bo‘lib turganimizdek, bizga noma’lum sabablarga ko‘ra, kelishuv amalga oshmadi. Lekin taslim bo‘lish yo‘q! Prezident Mirziyoyevning Fransiyaga so‘nggi tashrifi davomida ham tramvay qurilishi bo‘yicha yana bir “yo‘l xaritasi” imzolandi. Bu safar vazirliklar emas, hokimiyat vakillari qo‘li bilan. Uni Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va Fransiya tashqi savdo va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vazir-delegat Loran Sen-Marten imzolagan. QALAMPIR.UZ loyiha bo‘yicha hokimlikdan ma’lumot olishga urindi, ammo buning iloji bo‘lmadi. Shuning uchun, loyiha qiymati, ko‘zda tutilayotgan liniyalar masofasi va tramvaylar modeli kabi ma’lumotlar hali bizga qorong‘i.
Nega birinchi yo‘l xaritasi amalga oshirilmadi?
“Xo‘sh, nega birinchi kelishuv davrida tramvay qurilishi boshlanmadi” degan tabiiy savol tug‘iladi. E’tiborlisi shundaki, o‘tgan yili 2 may kuni – loyihaga ko‘ra, qurilish ishlari boshlanishiga 1-2 oy qolganida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro investitsiya forumida ishtirok etgan Alstom kompaniyasi vitse-prezidenti Sasha Parne o‘zbek mas’ullari tramvay liniyasini Yangi Toshkent hududida qurishni afzal ko‘rayotganini aytdi. Ammo shu bilan tramvayning poytaxt shaharda qurilishini inkor ham etmadi.
Undan oldinroq esa vazir Mahkamov “yaqin kelajakda poytaxtda tramvay qurilmaydimi” degan savolga quyidagicha javob bergandi:
“Albatta, hech kimda Toshkent shahrida tramvay bo‘lmaydi, bu narsani to‘xtatdik degan fikr yo‘q, bu aniq, bundan yiroqmiz. Tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlayapmiz. Bunda mavjud infrastrukturadan kelib chiqishimiz kerak”.
Bu borada shaharsozlik mutaxassislaridan fikr so‘raganimizda, toshkentliklar xotirasida tramvay kam odam foydalanadigan, relslari avtomobil yo‘llaridan ajratilgan alohida bo‘lakda harakatlanib shahar asfalt yo‘llarini yorilishiga sabab bo‘ladigan jamoat transporti sifatida qolgani, ammo hozir relslarning avtomobil yo‘llari bilan bir balandlikda qurishning imkoni borligini bildirdi.
“Shunday qilinsa, boshqa g‘ildirakli transportlarning haqi ham olib qo‘yilmaydi. Tramvay faqatgina yo‘llar ustidan emas, avtomobil qatnovi cheklangan yoki taqiqlangan hududlardan ham o‘tishi mumkin. Zamonaviy tramvay – bu zamonaviy, barqaror shaharlardagi eng yashil, ko‘p sig‘imli transport. Masalan, 2 bo‘linmali avtobus sig‘imi 120 yo‘lovchigacha bo‘lsa, tramvay sig‘imi 200 ta yo‘lovchidan ortishi mumkin”, deydi arxitektor Ibrohim Do‘stmuhammadov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy transport turi sifatida katta shaharda tramvaydek ko‘p xarajatli lekin juda samarali transport tizimi nafaqat texnik balki shaharsozlik jihatdan to‘g‘ri loyihalanganda odamlarning manfaati uchun xizmat qiladi.
Yana qurish uchun buzish kerak…
Bir qancha poytaxtliklarda “tramvay liniyalarini qurish uchun yana yo‘llar buziladimi” degan savol tug‘ilishi mumkin. Ammo Do‘stmuhammadovga ko‘ra, tramvay bunga arziydi!
“Qurilish vaqtida yo‘lda yopib ish olib boriladi, lekin yo‘lni bundanam foydasiz narsalar uchun tez-tez yopib turishadi-ku, masalan truba almashtirish uchun”, deydi u QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.
Shaharda qurilishlar ortidan yuzaga chiqadigan tirbandlik va boshqa noqulayliklar haqida gapirgan vazir Mahkamov shunday degandi:
“Endi mutaxassislar bizga “eski” va Yangi Toshkentni bog‘laydigan liniya qurishdan boshlash kerakligini aytishmoqda. Agar hozir shahar ichida tramvay qurishni boshlasak, tirbandliklarga ham duch kelamiz, deyishyapti. Tramvay ishga tushirilgandan keyin emas, balki qurilish vaqtida. Bu juda uzoq vaqt talab etadi”.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ba’zi rahbarlarning qaror qabul qilishda uzoqni ko‘rmasliklari butun mamlakatga – aholiga ham, davlatga ham qimmatga tushmoqda.