Soliqni oshirish emas, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash kerak – Prezident
Jamiyat
−
18 aprel
4546Endilikda tadbirkorlarga soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.
Prezident tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan masalaga to‘xtalib, joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga ta’sirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligini ta’kidladi.
“Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda soliq va bojxona sohalaridagi kamchiliklar bu tizimlarda navbatdagi islohotlarni talab qilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga malakali ekspertlar, olimlar va tadbirkorlar jamoatchilik kengashini jalb qilib, soliq-bojxona siyosati va ma’murchiligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosli takliflarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, vazirlarning o‘z sohasidagi yo‘riqnoma va boshqa idoraviy hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha vakolati aniq belgilanishi lozimligi ta’kidlandi.
“Eng barqaror munosabatlar – qonun bilan, yangi islohotlar – Prezident hujjati bilan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish – Hukumat qarori bilan belgilanadi. Ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha faqat idoraviy hujjatlar qabul qilinadi.
Ana shunda, islohotlar natijalari odamlarimizga tezroq yetib boradi”, deydi Prezident.
Shuningdek, davlat rahbari biznes uchun teng sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
“Mahalliy korxonalarimizga yo‘l ochib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qimmat bozorlarga yangi-yangi mahsulotlar bilan kirishiga sharoit yaratishimiz zarur”, deydi Mirziyoyev.
Lekin ayrim tovarlar bozorlarimizga sun’iy pasaygan narxda kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘rnini zaiflashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, O‘zbekistonda chiqayotgan tannarxi 220 dollarlik kichik muzlatkich bozorda o‘rtacha 250 dollardan sotilayotgani uchun 30 dollar QQS to‘lanadi.
Xuddi shunday muzlatkichning import narxi sun’iy pasaytirilib, 25 dollar ko‘rsatilgani uchun bor-yo‘g‘i 3 dollar QQS olinyapti. Ya’ni, ishlab chiqaruvchi importga nisbatan 10 karra ko‘p soliq to‘layapti. Yangi farmon bilan endilikda chetdan olib kelinayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi to‘liq xalqaro qoidalarga moslashtiriladi.
LiveBarchasi