Xushxabar: 1 iyuldan birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmaydi

Jamiyat

image

Endilikda 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmaydi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi. 

Qayd etilishicha, salqin ichimliklar, maishiy texnika, farmatsevtika, alkogol va tamaki kabi mahsulotlarni markirovkalash tizimi joriy qilingan. Lekin barcha qonun-qoidalarga mos ishlayotgan tadbirkorlarning mahsulotlari bilan bir vaqtda markirovkasiz tovarlar ham bemalol sotilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Hamma do‘konlar ham markirovka bilan ishlamagani uchun nazorat zanjiri uzilib qolmoqda.

Yig‘ilishda Soliq va Bojxona qo‘mitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgani uchun ko‘plab imkoniyatlar qo‘ldan boy berilayotgani qayd etildi.

Endilikda 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilindi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi. Bu tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat ekani ta’kidlandi. 

“Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni ko‘paytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat bo‘ladi”, dedi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq ushbu yig‘ilishda O‘zbekistonda shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinishi, quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanishi ma’lum qilingandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev eksport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing