Erkinjon Turdimov sirdaryolik rahbarlardan diktant oldi. Baholar qanday?

Jamiyat

image

Bugun, 17 aprel kuni Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan hokimlik soatida davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarning savodxonlik darajasini baholash maqsadida diktant olish amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvardan boshlab Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan barcha tashkilotlarda hujjatlar va rasmiy axborotlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirish to‘liq joriy etilgan. Qayd etilishicha, ushbu qarorning Sirdaryo viloyatidagi ijrosi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi hokimlik soatida atroflicha muhokama etilgan.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida bir qator tashkilot va muassasalarda qaror talablariga rioya etilmayotgani aniqlangan. Xususan, Mahallalar uyushmasi, Soliq, Sog‘liqni saqlash, Iqtisodiyot va moliya boshqarmalari, ayrim tijorat banklari hamda yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarida ish yuritishda kirill alifbosidan foydalanish, imloviy va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yish holatlari kuzatilgan. Bu kabi kamchiliklar korxonalar bo‘yicha alohida muhokama etilgan va tanqid qilingan.

“Davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarning savodxonlik darajasini baholash maqsadida diktant olish amaliyoti o‘tkazildi. Afsuski, natijalar ijobiy emas”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 9 nafar rahbar xodimidan 6 nafari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 5 nafar rahbar xodimidan 4 nafari, “O‘ztelekom” AJ Sirdaryo filialining 10 nafar rahbar xodimidan 7 nafari, “O‘zbekiston pochtasi” AJ viloyat filialining 8 nafar rahbar xodimidan 4 nafari qoniqarsiz baho olgan.

Bu holat viloyat rahbariyati tomonidan jiddiy tanqidga olingan. Erkinjon Turdimovning ta’kidlashicha, davlat tilida ish yuritish qonun talabi bo‘lib, unga rioya qilish har bir rahbar va mas’ul shaxsning fuqarolik burchi hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilgan. Savodxonlikni oshirish, rahbar kadrlarni bosqichma-bosqich davlat tilida ish yuritish asoslariga o‘rgatish va ularni malaka oshirish markazlariga jalb etish yuzasidan choralar belgilab olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Erkinjon Turdimov diktant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing