Abbos Fayzullayev qaysi klubga o‘tadi?
Tahlil
−
18 aprel
36847O‘zbekiston milliy terma jamoasi va SSKA klubi iqtidorli futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning keyingi faoliyati bo‘yicha bir qancha taxminlar yangramoqda. QALAMPIR.UZ Samvel Karlenovich Telegram kanali bilan birga o‘zbekistonlik futbolchi atrofidagi vaziyatni o‘rganib chiqdi.
Avvalo, Fayzullayevning agenti German Tkachenko futbolchining “Benfika”ga o‘tmaganligi sababi sifatida Portugaliya Rossiya bilan ishlamasligini aytgan.
Xo‘sh, unda SSKA Yevropaga kimnidir pulga sotishi mumkinmi?
“Bu juda qiyin, muammolar borligi muqarrar. Lekin bitim qilish mumkin. Abbos bir muddat Yevropa oldidan “ko‘prik-ligada” o‘ynashi ham mumkinligini istisno etmaymiz”, deydi Tkachenko.
Fayzullayev bo‘yicha “Bavariya” kabi klublar bilan aloqalar saqlanganmi?
“Qiziqishlar juda ko‘p. Lekin bu muzokaralar degani emas. Klublarning nomini aytmayman, buni bilasiz. Ammo ligalar? Faqat top darajadagi ligalardan taklif bor. Abbos arzon o‘yinchi emas va uning darajasi keyingi qadamga jiddiy yondashuvni talab qiladi”, deydi agent.
Bu gaplarga ko‘ra, agent va SSKA Abbosni qimmatga sotib, yaxshi pul qilishni maqsad qilgan. Hatto bunga erishish uchun siyosiy nizolarni aylanib o‘tish yo‘llarini o‘ylab topish talab etilsa ham.
Qaysi davlat “ko‘prik” bo‘lishi mumkin?
Yevropa futboliga qadam bosishda ayni vaqtga kelib, Turkiya chempionati qulay variantlardan biri. Chunki ushbu chempionat vakillari Yevropaning eng nufuzli musobaqalarida ishtirok etadi. Fayzullayev atrofidagi vaziyatni kuzatib borayotgan “Galatasaroy” klubi Chempionlar ligasida, Yevropa ligasida har mavsum ishtirok etadi. Skautlar ham aynan biror bir mamlakatning katta klubi futbolchilarini izlaydi. “Galatasaroy”dan Yevropaning boshqa nomdorroq klubiga o‘tish nisbatan osonroq. Okan Buruk qo‘l ostidagi jamoa Turkiya Superligasida 74 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. Bu degani agar mavsum yakuniga qadar yetakchilikni qo‘ldan boy bermasa, keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etadi.
“Benfika” varianti ham yomon emas. Chunki Lissabon klubi ham xuddi “Galatasaroy”ga o‘xshab, o‘z milliy chempionatida har yili sovrinli o‘rinlarni egallaydi va keyingi mavsumdan Yevrokuboklarda ishtirok etadi. “Benfika” ham Fayzullayevning o‘sishi uchun tramplin vazifasin bajara oladi.
“Monako” ham Fransiya chempionatida har yili sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi. Har mavsum Yevrokuboklarni kanda qilmaydigan klub ham Fayzullayevga tramplin vazifasini bajarishga qodir. Har holda Abduqodir Husanov “Lans”dagi o‘yinlari bilan “Manchester Siti” nazariga tushgan.
“Bavariya” varianti juda mukammaldek ko‘rinadi. Ammo real ko‘z bilan qaralsa, Myunxen klubida Fayzullayev o‘zini qay darajada ko‘rsata olishi ham ahamiyatli. Sababi “Bavariya”ning ayni vaqtdagi tarkibida dunyo futbolida o‘zining obro‘-e’tiboriga ega futbolchilar o‘ynaydi. Aynan o‘zbekistonlik futbolchining pozitsiyasi hisoblangan chap qanot vinger zonasida Leroy Sane, Kingsli Koman, Serj Gnabri kabilar o‘ynaydi. O‘ng qanotda esa Maykl Olise bor. Ya’ni “Bavariya”da Fayzullayev o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasligi ehtimoli yuqori. Ammo bu futbolchi o‘zini katta klublar safida sinab ko‘rmasin degani emas.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi Akmal Shorahmedov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida Abbos Fayzullayevning kelajagi borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan edi.
“O‘tgan kuni Germaniyada ishlayotgan do‘stim “Bavariya” mutaxassislari bilan bir davrada Fayzullayevning transferini ko‘rib chiqayotgani haqida muhokama qilganini aytib qoldi. Germaniyada Husanovdan ko‘ra Fayzullayevni ko‘proq kuzatishmoqda. Chunki u hujumkor, tezkor futbolchi. Menimcha, SSKA Fayzullayevning narxi oshishi bilan tezda sotadi. Sentyabr oyida Abbosbek Bundesligada faoliyatini davom ettirishiga ishonaman”, deydi Shorahmedov.
Umid qilamizki, SSKA va Fayzullayevning agentlari futbolchi uchun foydali qarorni qabul qiladi.
LiveBarchasi