Xorazmda ushlangan 14 yoshli “tungi kapalak” bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Xorazm viloyatining Urganch shahridagi tungi klublardan birining rahbari voyaga yetmagan 14 yoshli qizni klubda raqqosalik bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yib kelayotgani aniqlangandi. Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 16 aprel kuni Urganch shahrida yashovchi 2011 yil tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz tungi klubda raqqosalik qilayotgani aniqlanib, tegishli tashkilot vakillari tomonidan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Ushbu holat vakolatli tashkilot vakillari hamkorligida o‘rganilganida Urganch shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 7-sinfida o‘qigan qiz ota-onasining arizasiga ko‘ra 2024 yil 24 noyabrda Xorazm viloyati Bolalar masalalari bo‘yicha Urganch shahar komissiyasining 162-sonli qarori va ushbu qaror asosida 2024 yil 3 dekabrdagi maktab buyrug‘i bilan o‘quvchilar safidan chiqarilgani ma’lum bo‘lgan.

Voyaga yetmagan qiz ota-onasi bilan uzoq muddatga doimiy yashash maqsadida 2024 yil dekabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga amaldagi tartib bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirib chiqib ketgani, joriy yil fevral oyida O‘zbekistonga qaytib kelgani, biroq ota-onasi yoki tegishli tashkilotlar tomonidan bu bo‘yicha maktabga xabar berilmagani aniqlangan.  Ushbu o‘quvchi bugungi kunda viloyatdagi hech bir maktab ro‘yxatida qayd qilinmagan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish ishlari davom qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 fevral kuni O‘zbekiston bo‘ylab “Oriat” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilgandi. Tadbir davomida axloq va sog‘liqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS) va boshqa turdagi yuqumli, teri-tanosil kasalliklarining tarqalishini oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida tadbirlar olib borilgandi. Unda 340 ta ob’ekt tekshirilib, aholi salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan 2957 shaxs bilan tushuntirish ishlari olib borilgan va mobil tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm tungi klub Urganch tungi kapalak raqqosa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing