Kiyevda metro, tramvay va trolleybuslar harakati to‘xtab qoldi
Olam
−
19:33 478 1 daqiqa
Bugun, 10 oktyabr kuni Ukraina poytaxti Kiyevda elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab metro va yerusti elektr transporti harakati vaqtincha to‘xtatildi, shuningdek, suv ta’minotida ham muammolar yuzaga keldi. Bu haqda Kiyev shahar ma’muriyatiga tayanib, “ Ukrainska Pravda” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kiyev viloyatidagi energetika ob’ektiga zarar yetishi ortdan poytaxtda elektr ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan. Tashqi elektr manbalaridan kuchlanish kelmagani sabab metro poyezdlari harakati va eskalatorlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Shuningdek, Goloseyevskiy tumanida, Solomenskiy, Shevchenkovskiy va Pecherskiy tumanlarining ayrim qismlarida tramvay hamda trolleybuslar harakati to‘xtab qolgan. Shaharda suv ta’minotida ham uzilishlar kuzatilgan. Mutaxassislar suv ta’minotini tiklash ustida ish olib borgan.
Nashrning keyingi ma’lumotiga ko‘ra, qariyb bir soatdan so‘ng metro poyezdlari harakati, undan keyin esa yerusti elektr transporti qatnovi qayta tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya qo‘shinlari bugun, 10 oktyabr kuni Ukraina janubi-sharqidagi Zaporoje shahriga beshta boshqariladigan aviabomba tashlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi