Rossiya Zaporojega 5 ta aviabomba tashladi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
16:49 496 2 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari bugun, 10 oktyabr kuni Ukraina janubi-sharqidagi Zaporoje shahriga beshta boshqariladigan aviabomba tashladi. Oqibatda 12 kishi, jumladan, 3 nafar bola halok bo‘ldi, yana 14 kishi yaralandi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Shifokorlar ularning hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Hujum vaqtida voqea joyida bo‘lgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana 12 kishi haqida ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Ayni paytda barcha tegishli xizmatlar hodisa joyida ishlamoqda, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari tunda Ukrainaning 13 ta hududiga hujum qilganini bildirgan. Hujumlar oqibatida turar joylar, infratuzilma ob’ektlari va temiryo‘lga zarar yetgan.
Ukraina Prezidenti Rossiyaning Zaporojega hujumini dizel yonilg‘isi eksportiga qo‘yilgan sanksiyalarning bekor qilinishi bilan bog‘lab, Moskva bosimning yumshatilishini urushni davom ettirish mumkinligi haqidagi signal sifatida qabul qilayotganini ta’kidlagan.
“Bu tun Rossiya bosimning har qanday yumshatilishini urushni davom ettirish, shaharlarga bomba tashlash mumkinligi haqidagi signal sifatida qabul qilishini yana bir bor tasdiqladi. Boshqa signallar kerak. Rossiya urushni to‘xtatish lozimligini anglashi uchun o‘z yo‘qotishlarini his qilishi kerak. Hozirda bunga aynan bizning uzoq masofaga zarba berish imkoniyatimiz yordam bermoqda”, deb yozgan Zelenskiy.
U Rossiyaning Ukraina hududlariga bergan zarbalariga javob qaytarilishini ham bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Rostov-Don shahriga Ukraina dronlari hujum qilishi oqibatida neft mahsulotlari terminalida yong‘in chiqqandi.
Live
Barchasi