Zelenskiyning rafiqasi AQSH tarixiga kirdi
Olam
−
21 iyul 2022
16327Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya AQSH Kongressida nutq so‘zladi. O‘z chiqishi avvalida u AQSH Kongressida nutq so‘zlagan birinchi xorijiy davlat rahbarining rafiqasi ekanligini ma’lum qildi.
“Odatda Prezidentlarning rafiqalari faqat tinch-totuv ishlar bilan shug‘ullanadi – ta’lim, inson huquqlari, teng imkoniyatlar. Ammo mening mamlakatimga qarshi hech qanday sababsiz terroristik urush ketayotgan bo‘lsa, bu haqda qanday gapirishim mumkin?”, degan Zelenskaya.
Vladimir Zelenskiyning rafiqasi AQSH parlamenti a’zolariga Vinnitsada Rossiya hujumi oqibatida halok bo‘lgan to‘rt yoshli Lizaning suratlarini ko‘rsatdi, u yangi yil videosini suratga olishda qatnashgani uchun qizni tanishini aytgan. Birinchi xonim, shuningdek, Rossiya bosqinidan jabrlangan yana bir qancha ukrainalik oilalar haqida gapirgan.
“Bu urush yana qancha oilalarni buzishi mumkin? Bu Rossiyaning “ochlik o‘yinlari”. Ukrainaning tinch shaharlarida tinch aholini ov qilish”, degan u.
Qo‘shma Shtatlarga allaqachon ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirgan Zelenskaya Kongressdan qurol yetkazib berishni davom ettirishni so‘ragan.
“Qurol begona yurtga hujum qilish uchun emas, balki o‘zimizning uyimizni va unda tirik uyg‘onish huquqini himoya qilish uchundir”, degan u.
Kongressning ta’tilga ketishini eslatib, Zelenskaya amerikalik qonunchilarni bu masalani tezda hal qilishga chaqirdi. Qo‘shma Shtatlar avvalroq o‘rta masofaga uchuvchi NASAMS zamonaviy havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga topshirishga va’da bergan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi