“Hasta la vista, baby”. Jonson Britaniya parlamentidagi so‘nggi nutqini “Terminator”dek yakunladi (video)
Olam
−
21 iyul 2022
13967Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson lavozimini tark etishidan oldin mamlakat parlamentiga yo‘llagan so‘nggi murojaatini “terminator”dek yakunladi. Siyosatchi Jamoalar palatasidagi so‘nggi nutqini Amerika kino klassikasidan iqtiboslar bilan bezatilgan shouga aylantirdi.
Kecha, 20 iyul kuni Bosh vazir sifatida so‘nggi bor Jamoalar palatasida nutq so‘zlagan Jonson davomchisiga bir qancha ko‘rsatmalar bergan: amerikaliklarga yaqin bo‘lish, Ukrainani va ozodlikni qo‘llab-quvvatlash.
Bosh vazir o‘z nutqini Arnold Shvarseneggerning “Terminator 2: Qiyomat kuni” filmidagi jozibali iboraga aylangan mashhur iqtibos: “Hasta la vista, baby” (ispan tilida vidolashuv) bilan yakunladi.
“Missiyaning katta qismi bajarildi. Hozircha. Jamoalar palatasining barcha ajoyib xodimlariga, mening do‘stlarim va hamkasblarimga, hurmatli raqibimga [muxolifat rahbari Kira Starmer], hozir bo‘lganlarning barchasiga rahmat aytaman va... “hasta la vista, baby”, degan Jonson.
2019 yilda Tereza Meyning o‘rniga Bosh vazir lavozimini egallagan Jonson 7 iyul kuni bosh vazirlik va Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi rahbari lavozimini tark etishini e’lon qildi. U Vazirlar Mahkamasining yangi rahbari tayinlangunga qadar ishlashda davom etadi.
Britaniya Vazirlar Mahkamasidagi bir qator iste’folar Boris Jonson hukumatidagi ikki muhim vazir – Moliya vaziri Rishi Sunak va Sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Jovidning iste’foga chiqishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng turli vazirliklar rahbarlarining o‘rinbosarlari, jumladan, ayollar va tenglik masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Kemi Badenok iste’foga chiqdi.
LiveBarchasi