Gruziya Bosh vaziri Toshkentga keldi. Uni Aripov kutib oldi
Jamiyat
−
19 iyul 2022
7512Kecha, 18 iyul kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Toshkentga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Gruziya Bosh vazirini aeroportda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Tashrif “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borish bilan boshlandi, Garibashvili O‘zbekistonnig qadim tarixi va yorqin bugungi kuniga hurmat tariqasida Mustaqillik monumenti poyiga guldasta qo‘ygan.
Delegatsiyaning navbatdagi yo‘nalishi “Texnopark” bo‘lib, u yerda mehmonlar ishlab chiqarish jarayoni, mahalliylashtirilgan yuqori texnologiyali mahsulotlar turlari bilan tanishgan.
“Iqtisodiy munosabatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mamlakatlar o‘rtasida erkin savdo rejimi mavjud ekanligini ta’kidlash joiz.
O‘zbekiston Gruziyaga asosan sanoat tovarlari, kimyo mahsulotlari, ichimliklar, avtomobillar va transport uskunalarini yetkazib beradi. Gruziya, o‘z navbatida, farmatsevtika mahsulotlari, transport uskunalari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni import qiladi.
O‘zbekiston hududida Gruziya kapitali ishtirokidagi 69 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Gruziyada O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 23 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2017 yildan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 34,3 foizga o‘sib, 127,4 million dollarni tashkil etdi. Lekin ta’kidlanganidek, bu bilan chegaralanib qolinmaydi, yanada yuqori natijalarga erishish uchun mamlakatlarning o‘zaro xohish-irodasi, demakki, real imkoniyatlar mavjud”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, 17 ta zamonaviy, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishni birlashtirgan “Texnopark”ga tashrif chog‘ida Gruziya Bosh vaziri mamlakatimizning ulkan investitsion va sanoat salohiyatiga e’tibor qaratgan.
“Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
LiveBarchasi