Turkiya Eron bilan harbiy sohada hamkorlik qilmoqchi

Olam

image

Turkiya Eron bilan hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 19 iyul kuni Tehronda Prezident Ibrohim Raisiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

Turkiya davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Tehrondagi bu galgi muzokaralar Turkiya va Eron o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi. 

Erdo‘g‘an rasmiy Tehronning mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi yo‘nalishini yuqori baholadi. 

U iqtisodiy aloqalarga to‘xtalib, tomonlar avvalroq savdo uchun yiliga 30 milliard dollarlik maqsadni belgilaganini eslatdi. 

“Afsuski, pandemiya tufayli bu ko‘rsatkich hanuzgacha 7,5 milliard dollar darajasida qolmoqda. Turkiya Eron bilan faol hamkorlikka, jumladan, mudofaa sohasida ham tayyor”, deydi Prezident. 

Erdo‘g‘an Suriyadagi vaziyatga Ostona formatida baho berilishi, bu jarayonni faollashtirish va turtki berishga urinishlar qilinishini aytdi. 

Turkiya prezidenti mintaqadagi terror muammosiga e’tibor qaratdi. 

Eron Prezidenti, o‘z navbatida, Turkiya bilan savdo ko‘rsatkichlari ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar salohiyatiga javob bermasligini ham ta’kidladi. 

“Tehron va Anqara 30 milliard dollarlik tovar ayirboshlash maqsadini belgilagan. Bunga erishish uchun joriy ko‘rsatkichlarni uch barobar oshirish kerak”, deydi Raisiy. 

Eron Prezidenti Turkiya va Eron o‘rtasida mushtarak sanoat shirkatlari tashkil etish borasida kelishuvlarga erishilganini ma’lum qildi. 

Raisiy, tomonlarning 25 yillik muddati yakunlanayotgan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni uzaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. 

Eron Arezidenti shuningdek, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik muhimligini ta’kidladi. U terrorizmga qarshi kurashda ikki tomonlama standartlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etdi. 

Mintaqadagi vaziyatga to‘xtalgan Raisiy, Eron va Turkiyaning Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Ibrohim Raisiy

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing