Putin g‘alla masalasini hal qilish uchun shart qo‘ydi
Olam
−
20 iyul 2022
21635Rossiya o‘z donini eksport qilish bo‘yicha barcha cheklovlarni olib tashlash sharti bilan, Ukraina donini eksport qilishni osonlashtirishga tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 19 iyul kuni Eron poytaxtida bo‘lib o‘tgan Ostona “uchligi” uchrashuvi yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lum qildi.
Rossiya yetakchisi turkiyalik hamkasbi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralari natijalari haqida ham gapirgan.
“Turkiya Respublikasi va Prezident Erdo‘g‘anning shaxsan o‘zi Ukraina g‘allasini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun ko‘p ish qildilar. Ammo dastlab biz masalani tartiblash kerak bo‘lgan tarzda ko‘tardik, ya’ni: biz Rossiya g‘allasini eksportga yetkazib berish bilan bog‘liq barcha cheklovlar olib tashlanishidan kelib chiqib, Ukraina donini eksport qilishni osonlashtiramiz”, degan Putin.
Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozircha hech kim, jumladan, AQSH ham bunga e’tiroz bildirmagan.
“Ko‘ramiz, bundan yaqin kelajakda nima chiqadi”, degan Prezident.
Putinning Qo‘shma Shtatlar Rossiya o‘g‘itlarini jahon bozoriga yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilganini eslatgan.
“Agar ular chin dildan xalqaro oziq-ovqat bozorlaridagi vaziyatni yaxshilashni istasalar, umid qilamanki, Rossiya donini eksport uchun yetkazib berish bilan ham shunday bo‘ladi. Biz hozir tayyormiz. Bizda 30 million tonna g‘alla eksport salohiyati bor, joriy yil yakunlariga ko‘ra esa 50 mln tonnaga yetadi”, degan Rossiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Istanbulda “Don yo‘lagi” yaratish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina harbiy delegatsiyalari hamda BMT vakillari ishtirok etdi. Jahon Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu guterrish yig‘ilishdan so‘ng Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz orqali xavfsiz va ishonchli eksportini ta’minlash yo‘lida muhim qadam tashlanganini aytdi.