Qarshidagi kanalda vabo vibrioni aniqlandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi magistral kanalining Qarshi tumanidagi “Mirmiron” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismidan olingan suv namunasida vabo vibrioni aniqlangani aytilgan xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining viloyat boshqarmasi Matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 5 iyun kuni Respublika o‘lat profilaktika markazining viloyat filiali xodimlari tomonidan Qarshi magistral bosh kanalining Qarshi tumani “Mirmiron” MFY hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat bo‘yicha mintaqaviy filiali ro‘parasidagi ochiq suv havzasidan tekshirish uchun olingan suv namunasidan vabo vibrioni (kasallik chaqirmaydigan turi) aniqlangan. 

Shu sababli aholi o‘rtasida vabo kasalligining oldini olish maqsadida mazkur hududda profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni olib borish bo‘yicha “O‘zbekiston mustaqilligi” oilaviy poliklinikasi mudirasiga bildirish xati yuborilgan.

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining Qarshi tumani bo‘limi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlariga asosan yuqorida qayd etilgan hudud atrofida yashovchi aholi orasida o‘tkir oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, poliklinikaga o‘tkir diareya tashxisi bilan murojaat qilganlardan klinik hamda epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha vabo kasalligiga tekshirish uchun  namunalar olib, laboratoriyaga yuborish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Tekshirishlar natijasida mazkur hududda vabo kasalligiga gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan. Yuqorida qayd etilgan ochiq suv havzasidan 19 iyul kuni vabo kasalligiga tekshirish uchun qayta namunalar olingan. Tekshiruv natijalari bo‘yicha vabo vibrionlari qayd etilmagan.

“Mazkur hududda aholi o‘rtasida epidemiologik barqarorlik ta’minlanganligi va xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Afg‘onistonda vabo tarqalgani va bir sutkada 40 kishi ushbu kasallikdan vafot etgani haqida xabar bergan edik. Mazkur xabar fonida  O‘zbekistonda ham kasallikka qarshi choralar kuchaytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo

Baholaganlar

2833

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing