Garibashvili Mirziyoyevni Gruziyaga taklif qildi

Jamiyat

image

Bugun, 19 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Gruziya Hukumati Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikning foydalanilmagan salohiyati va savdo-iqtisodiy sohadagi faollashgan sheriklikning ahamiyati Shavkat Mirziyoyev va Irakliy Garibashvili o‘rtasida muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri bo‘lgan.

Gruziya Hukumati rahbari Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, uni o‘ziga qulay vaqtda Gruziyaga taklif qilgan.

Garibashvilining so‘zlariga ko‘ra, yaqin siyosiy va iqtisodiy aloqalarni hisobga olgan holda Gruziya O‘zbekistonni nafaqat muhim va ishonchli hamkor, balki do‘st sifatida ham biladi. 

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiyot va boshqa sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, bu orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining ijobiy tendensiyasi qayd etilgan. 

Irakliy Garibashvili Shavkat Mirziyoyevga Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini cheksiz qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.

Bundan tashqari, Gruziya Bosh vaziri O‘zbekiston Hukumati rahbari bilan ham uchrashgan.  Ular ikki mamlakat o‘rtasidagi dolzarb hamkorlik masalalarini muhokama qilgan, iqtisodiy munosabatlarga e’tibor qaratgan hamda O‘zbekiston Respublikasi va Gruziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qilgan. Muhokama chog‘ida Gruziyaga sayyohlar oqimi ortib borayotgani, ikki xalq o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlangan. Gruziya O‘zbekiston uchun eng muhim transport yo‘laklaridan biri ekani qo‘shimcha qilingan.

Ular transport infratuzilmasi, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Gruziyaning transport infratuzilmasi va port inshootlaridan YeI iste’mol bozoriga chiqish uchun foydalanish imkoniyatlari haqida ham suhbatlashgan.

Irakliy Garibashvilining so‘zlariga ko‘ra, Gruziya vinolari va mineral suvlarini O‘zbekiston iste’mol bozoriga eksport qilish hajmini yanada oshirishdan manfaatdor.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Abdulla Aripov Irakliy Garibashvili

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing