Qurbonliklar, ishdan ketgan Nizomiddinov va Jonson, tug‘ilgan Karimova va o‘lgan Abe… Hafta dayjesti

Tahlil

Xalqda har bir qo‘y o‘z oyog‘idan osiladi, degan gap bor. Hayit kuni minglab qo‘ylar qurbonlikka so‘yildi. Bozorlarda qo‘y-qo‘zining narxi yaxshigina ko‘tarildi. Zotiyu sortiga qarab qo‘ychivonning cho‘ntagi pulga, qo‘y so‘yganning uyi yog‘-moyga to‘ldi. Qo‘y yaxshida baribir, ro‘zg‘orga baraka deydi xalq. QALAMPIR.UZ bayram kunlarida ham dam olmay, sizga hafta voqealarini to‘pladi. Keling, birgalikda sarhisob qilsak. Faqat bu safar vaqt mashinamizni ortga aylantirib, haftani oxiridan boshiga qarab ko‘rib chiqamiz 

9 iyul kuni butun dunyo musulmonlari Qurbon Hayitini nishonladi. Ikki yillik tanaffusdan so‘ng, Makka eshiklari Haj ziyoratchilari uchun ochildi. Duyoning to‘rt burchagidan 850 ming, Saudiya Arabistonidan 150 ming, jami 1 million musulmon Haj amallarini bajarishga kirishdi. 

O‘zbekistonda ham bayram shukuhi davom etyapti. Qurbon hayiti kuni mamlakatdagi 2000 dan ortiq jome’ masjidlarda Hayit namozi o‘qildi. 

Amaldan ketib, amalga kelgan Nizomiddinov

2018 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlab kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinov 8 iyul kuni Prezident farmoni bilan lavozimidan ketdi. Uning bunday nufuzli amal kursisini tark etishiga, salomatligidagi muammolar sabab qilib ko‘rsatilgan. Shu kunning o‘zida janob Nizomiddinov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Qizig‘i, bungacha tashkilotda bunday lavozim bo‘lmagan.

Britaniya Hukumati quladi

Faqat O‘zbekistonda yuqori martabali lavozimdorlar ishdan ketadi, desangiz adashasiz. 2019 yildan buyon Buyuk Britaniyani boshqarib kelayotgan Bosh vazir Boris Jonson ham hafta oxirida iste’fosini e’lon qildi. Uni birov ishdan olgani yo‘q. 50 dan ortiq amaldorlarning ish tashlashi va ko‘plab amaldagi vazirlarning qistovi bilan Jonson "kreslo"sidan voz kechishga majbur bo‘ldi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hukumatning qulashi ortida Buyuk Britaniyadagi jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq siyosiy ziddiyat turibdi. Voqea o‘zini noo‘rin tutgani aytilayotgan Tory raisining sobiq o‘rinbosari Kris Pincher va Pincherni lavozimga tayinlaganida uning avvalgi axloqsiz harakatlaridan xabardor bo‘lgani aytilgan Bosh vazir Boris Jonson bilan bog‘liq.

Gap shundaki, Kris Pincher Olimpiya o‘yinlarida eshkak eshuvchi va konservativ nomzod Aleks Stori tomonidan jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan

Avvaliga Jonson Pincher 2019 yilda jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha tergovga tortilganidan bexabar bo‘lganini aytgan. 5 iyul kuni ma’lum bo‘lishicha, Bosh vazir bundan xabardor bo‘lgan, ammo baribir bu lavozimga Pincherni tayinlagan.

Qotillik qurboni bo‘lgan Abe

Dunyo siyosati katta tebranishni boshdan kechirdi. 2006 yildan 2007 yilgacha va 2012 yildan 2020 yilgacha Yaponiya Bosh vaziri bo‘lgan Sindzo Abe Nara shahridagi suiqasd sabab vafot etdi. U 67 yoshda edi. 

Dunyo siyosatida, halolligi, tartib va intizomi, mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘chmas iz qoldirgan Abe ko‘chada saylovchilar bilan tashviqot tadbirida nutq so‘zlayotganda, otib ketildi. Qotil 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami bo‘lib chiqdi va u qo‘lga olindi.

Rosiya, Turkiya, O‘zbekiston, AQSH, dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari sobiq Bosh vazir vafoti bilan ta’ziya bildirib, Abeni kuchli siyosatchi va atoqli davlat arbobi sifatida tilga oldi. 

Qoraqalpog‘iston hafta boshidan oxirigacha e’tibor markazida bo‘ldi. 

Dushanba, 3 iyuldan 2 avgustga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida favqulodda holat rejimi va komendantlik soati e’lon qilindi. Rasmiylar 1-2 iyul kuni Nukusda sodir bo‘lgan намойishlarda 18 kishi qurbon bo‘lgani, ularning to‘rt nafari huquq-tartibot organi xodimi ekani haqida aytishdi. Milliy gvardiya bergan ma’lumotda 243 kishi turli tan jarohatlari olgani aytiladi. Biroq Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, jarohatlangan huquq-tartibot organlari xodimlarning o‘zigina 107 kishini tashkil etadi, ulardan 23 nafarining ahvoli og‘ir. Shuningdek, 270 nafar davlat xizmatchisi turli tan jarohatlari olgan. Yuqoridagi raqamlarni umumlashtirganda, 520 kishi jarohatlangan bo‘lishi mumkin.

Biroq, kishini chalg‘itadigan yana bir raqam bor. Bosh prokuratura jarohatlangan huquq-tartibot organlari xodimi 38 nafarligini aytgan. Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda ularning soni 270 ta ekani urg‘ulangan. Kimga ishonish kerak?

Namoyishlarda qatnashgan 516 kishi qo‘lga olinib, tezkor-tergov tadbirlariga jalb qilingan. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Tergov harakatlari davomida jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida 14 kishi ushlandi.

Shu jumladan, Dauletmurat Tajimuratov va Azamat Turdanovlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilindi. Ularga nisbatan sudning qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Lolagul Qallixanovaning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlandi. U jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi.

Bu orada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya Prezidentlari, Yevropa Kengashi Prezidenti, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladilar. 

AQSH Davlat departamenti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi ham shunga o‘xshash bayonot berdi. Biroq  Hukumatni fundamental huquqlarni, jumladan tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligini himoya va hurmat qilishga undadi. 

“Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha rasmiylarni xalqaro normalar va ilg‘or tajribalar asosida to‘liq, ishonchli va shaffof tergov o‘tkazishga chaqiramiz”, deyiladi AQSH davlat departamenti bayonotida

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa namoyishchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan xavfsizlik kuchlarining harakatlarini zudlik bilan tekshirishga chaqirdi. Tashkilotning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet 500 dan ortiq kishining hibsga olinishi, shuningdek, mahbuslardan biriga nisbatan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishidan xavotir bildirdi.

Yuqoridagi kabi talablar keltirilgan bayonotlar ortidan, Prezident 6 iyul kuni umuman boshqa mavzuda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi avvalida Qoraqalpog‘istondagi voqealarga to‘xtalib, bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish uchun jarayonga xolis tomonlarni, ya’ni, jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollarni ham jalb qilish zarurligini aytdi. 

Bosh prokurorga har bir holat chuqur va xolisona o‘rganilishi va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilishi bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, kuch tuzilmalarning harakatlarini ham tahlil qilish kerakligini buyurdi.

4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir ovozdan qabul qilingan qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining yangilanayotgan Konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid 70, 71, 72, 74 va 75-moddalar o‘zgarishsiz qoldiriladi. Shu bilan birga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamasi tugash muddati – 5 iyuldan 15 iyulgacha uzaytirildi.

Benzin narxi yana oshdi, oshadiyam-da!

8 iyul kuni O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalrida AI-80 markali benzinning narxi 8200 so‘mgacha yetdi. AI-91 markali benzinining narxi esa 11 ming so‘mgacha, AI-95 markali benzinining narxi 11 500 dan 12 200 so‘mgacha ko‘tarildi.

“O‘zbekneftgaz” AJning ma’lum qilishicha, narxlarning oshishiga talabning ortgani sabab bo‘lgan. Ya’ni import qiluvchi korxonalar tomonidan yuqori oktanli avtobenzinning chetdan keltirishini kamayishi natijasida, Ai-80 rusumli avtobenzinga bo‘lgan talab ortmoqda.

Ha endi oshsa oshibdi-da.. Shunga o‘ta go‘ri qozixonami? Zato, oynalarni qoraytirish narxi tushdi-ku. 

Termizga 5 ta snaryadni kim otdi? 

Iyun oyi oxirida Afg‘onistonga 74 tonna insonparvarlik yordami yuborgan O‘zbekistonga 5 iyul  kuni 5 ta reaktiv snaryad otildi

Snaryadlar tushganda portlashlar sodir bo‘lmagan, qurbonlar yo‘q. Termiz shahridagi “Majnuntol” mahallasida joylashgan to‘rtta uyga zarar yetgan, beshinchi snaryad futbol maydonidan topilgan. U sapyor tomonidan zararsizlantirilgan. 

6 iyul kuni Afg‘oniston rasmiylari holatga izoh berdi. Tolibon” hukumati tomonidan tayinlangan Madaniyat va axborot vaziri Zabihullo Mujohidga ko‘ra, Termizga Afg‘oniston hududidan raketa hujumini uyushtirganlar do‘st O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ishonchsizlik muhitini yaratishni maqsad qilgan.

Uning aytishicha, toliblar ularni hibsga olish va jazolash uchun qidiruv ishlarini boshlagan.

Ilk bor o‘zbekistonlik tayekvondochi qiz jahon reytingi yetakchisiga aylandi

Koreya Respublikasi mezbonlik qilgan osiyo chempionatidan so‘ng tayekvondochilarning yangilangan reytingi e’lon qilindi. Ahamiyatlisi, o‘zbekistonlik Charos Qayumova ayollar jadvalida ilk bor peshqadamga aylandi. O‘zbekiston tarixida hech qaysi tayekvondochi qiz bunday yuksak natija qayd etmagan edi.

Shuningdek, qit’a birinchiligida muvaffaqiyatli ishtirok etgan boshqa o‘zbekistonlik sportchilar ham reytingdagi o‘z o‘rinlarini mustahkamlab olishdi. Umumiy hisobda kuchli o‘nlikda jami 6 nafar o‘zbek tayekvondochilarni ko‘rish mumkin.
   
AQSHlik juftlik Registonga kelib, nikohdan o‘tdi

4 iyul kuni AQSH fuqarolari Marshall Mayer va Ebru Sanga Samarqand shahar Nikoh uyi tomonidan Registon maydonida nikohdan o‘tdi.

Juftlik bundan bir necha yil avval AQSHda Brayton-Bichdagi o‘zbek restoranida mehmon bo‘ladi. Suhbat chog‘ida ularning ikkisi ham o‘zbek milliy taomlarini sevib iste’mol qilishi ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng, ular hayotidagi muhim sanani Samarqandda nishonlashga ahd qiladi.
 
Massajdan xabari yo‘q “massajistlar” trendda

Hafta o‘rtalarida shifokor libosidagi erkaklar go‘daklarni og‘ir harakatlar bilan massaj qilayotgani aks etgan videolar tarqaldi. 

Birinchi videoda erkak taxminan 2 yashar atrofidagi bolani stolga yotqizib, turli og‘ir harakatlar bilan uning qo‘l-oyog‘ini, qornini ezayotgani, badanini ko‘tarib, stolga urayotgani aks etgan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bu holat Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinika binosining xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan qismidagi xonalardan birida sodir bo‘lgan. 

Massaj muolajasini bajargan shaxs mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatga, qolaversa, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega bo‘lmagan.

Ikkinchi videoda esa erkak taxminan bir yoki ikki yashar chaqaloqni stolga yotqizib, turli harakatlar bilan uning qo‘l-oyog‘ini ayamasdan qayirib, beli va boshini ezib, hatto, butun tanasini qayirib, ikki qo‘lidan ushlab xuddi qo‘g‘irchoqni aylantirgandek, chirpirak qilayotgani aks etgan

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki holat bo‘yicha tekshiruv boshlagan.

Irina Vinner Alisher Usmonov bilan ajrashdi

Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti, Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Irina Viner-Usmonova rossiyalik milliarder va tadbirkor Alisher Usmonov bilan ajrashdi.

Qayd etilishicha, Irina Viner-Usmonova va Alisher Usmonov FHDYO bo‘limida sud qarorisiz ajrashgan. Chunki ularning farzandi yo‘q edi. 

37 kishi “fast-fuddan” zaharlandi

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida fuqarolar ovqatdan zaharlandi. Qo‘rg‘ontepa tuman Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 37 nafar bemor murojaat qilgan.

Ular tez tayyorlanadigan yeguliklar bilan savdo qiluvchi shoxobchadan “Nonburger” va “Xod-dog” sotib olib, iste’mol qilgan. Bemorlarga “O‘tkir gastroyenterit” tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 
 
Taksichilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi

Men dastur boshida benzin oshganiga ota go‘ri – qozixonami deb bekorga aytganim yo‘q. Bir narsaning narxi tushganda, boshqasi oshib turadi-da. Bo‘lmasa, hayotning qizig‘i qoladimi? Qolaversa, taksi haydovchilariga endi “staj” berishni ham o‘ylab qo‘ygan bo‘lsak. Eshitmagan bo‘lsangiz, yaxshilab eshitib oling.

2022 yil 1 sentyabrdan 2024 yil oxiriga qadar yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan tegishli qarorda aytilgan. 

Qarorga muvofiq, 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish deb qaraladi va bu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi.

   litsenziya varaqasini berishda avtomobilining 10 yillik ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilinadi;
 
•    majburiy tibbiy va texnik ko‘rik muddati 1 yilda 1 marta qilib belgilanadi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan tashuvchilardan, shu jumladan yuridik shaxslardan litsenziya varaqasi berilganligi uchun davlat boji miqdori 300 ming so‘m etib belgilanadi.

Gulnora Karimova 50 yoshini ham panjara ortida qarshiladi

Boya har bir qo‘y o‘z oyog‘idan osiladi deb aytganimiz yo‘q. Birinchi Prezident Islom Karimov hayotligidayoq jinoyatlari uchun mahkamaga tortilgan va qamoqqa tashlangan Gulnora Karimova qismati ham shu naqlga hayotiy namunadek. Karimova xonim 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi va hamon qamoqda qolmoqda. Shuni kuni ijtimoiy tarmoqlarda uning suratini joylashtirib, tabrik yozganlar ko‘p bo‘ldi. Gulnoraning kenjasi Imon esa onasi haqida shunday post qoldirgan.

“Bugun onam 50 yoshga to‘ldi. 8 yildan ortiq qamoqda o‘z oilasi, yaqinlarini ko‘ra olmadi: bolalarining ulg‘ayishini ko‘ra olmadi, Bobo bilan xayrlashib ololmadi, nabirasining tug‘ilishi ko‘ra olmadi. Uning sog‘lig‘idan ham hech narsa qolmadi, ammo shunga qaramay, biz hech qachon duo qilishni to‘xtatmaymiz”, deydi Imon Karimova.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

210

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing