Qoraqalpog‘istondagi voqealar aslida qanday sodir bo‘ldi? Rasmiy Toshkent xalqaro hamjamiyat uchun yirik bayonot berdi

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda ko‘plab ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, xorijiy internet-nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni bo‘rttirib, yolg‘on aralashtirib yoritish kabi holatlar uchramoqda. Ularning ayrimlarida Hukumat internetni cheklash orqali Qoraqalpog‘istondagi asl vaziyatni yashirayotgani haqidagi iddaolar ham yo‘q emas. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yuqoridagilar kelib chiqqan holda bayonot berdi. Unda 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar, uning qanday avj olgani haqida batafsil ma’lumotlar bor. Bayonot bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Tashqi ishlar vazirligi bayonoti

Alohida ommaviy axborot vositalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar o‘z nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan turli taxmin va ishonchsiz xabarlarni bo‘rttirib tarqatmoqda. 

“Tinch mitingni tarqatish”, “mustaqil ovozlarni o‘chirish va axborotni to‘sib qo‘yish”, jumladan, favqulodda holat e’lon qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda kuch qo‘llangani haqida asossiz da’volar aytilmoqda. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarga oydinlik kiritib, batafsilroq va xolis ma’lumot bermoqchi. 

2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish sodir etildi. Umumiy muhokamaga qo‘yilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarga norozilik bahonasida bir guruh g‘arazli shaxslar zo‘ravonlik, otishma va hukumat binolarini kuch bilan egallab olishga urinishlar uyushtirgan. 

Ushbu noqonuniy harakatlar separatizmni qo‘zg‘atish, tinch, birdam, demokratik mamlakatni beqarorlashtirish va parchalashga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan qo‘poruvchilikning yaqqol belgilarini ko‘rsatdi. 

Populistik shiorlar niqobi ostida uyali aloqa va internet orqali soxta xabarlar tarqatib, dushman kuchlar fuqarolarni konstitutsiyaga zid harakatlarga ommaviy ravishda jalb qilishga urindi. Bu ularni internet aloqalarini vaqtincha cheklash choralarini ko‘rishga majbur qildi. 

Ommaviy pogromlar va vahshiyliklar davomida parlament binolari – Jo‘qorg‘i Kenges, Nukus shahar ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya bo‘limiga bostirib kirishga bir necha bor urinishlar bo‘ldi. O‘qotar qurollar olib qo‘yildi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan garov olindi, o‘t qo‘yish, davlat, jamoat va shaxsiy mulkka zarar yetkazish va yo‘q qilish hamma joyda amalga oshirildi, shahar infratuzilmasiga katta zarar yetkazildi.

Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquq-tartibot idorasi xodimi og‘ir tan jarohati olgan, ulardan 23 nafarining ahvoli og‘ir. Jami 270 nafar davlat xizmatchisi turli darajadagi tan jarohatlari oldi. 

Ommaviy tartibsizlik harakatlarining shafqatsizligi odamlar ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh odamlarning provokatsion harakatlarining natijasi bo‘lib, fuqarolarning tinch namoyishi sifatida baholab bo‘lmaydi. 

Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar natijasida, avval aytib o‘tilganidek, 18 kishi halok bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, hujumlarning faol ishtirokchilari orasida mutlaq ko‘pchilik giyohvand moddalar va alkogol ta’sirida bo‘lgan odamlardir. 

O‘zbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan egallab olishga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni, separatistik g‘oyalarni targ‘ib qilish, adovat qo‘zg‘atish, tartibsizliklar va zo‘ravonlikka chaqirishni keskin qoralaydi. 

Ko‘rilgan chora-tadbirlar va huquq-tartibot idoralarining tegishli choralari tufayli noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yildi. 

Ayni paytda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan tergov-tezkor tadbirlari olib borilmoqda. O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga to‘liq rioya etish, shuningdek, tegishli jarayon va adolatli sudlov kafolatini ta’minlash tarafdoridir. Tekshiruv natijalari tegishli xalqaro tashkilotlar e’tiboriga havola etiladi. 

O‘zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar qonunchilik doirasida amalga oshirilib, eng avvalo, odamlar hayoti va sog‘lig‘iga tahdidning oldini olishga qaratilgan. 

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston hududida mobil aloqa to‘liq yo‘lga qo‘yilgan, oziq-ovqat do‘konlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Elektr, gaz va suv odatdagidek berilyapti. 

O‘zbekistonning tegishli davlat organlari Qoraqalpog‘istondagi mavjud vaziyat haqida har kuni jamoatchilikni xabardor qilib bormoqda. Shu munosabat bilan, axborotga kirish imkoni yo‘qligi haqidagi bayonotlar asossizdir. 

O‘zbekiston Respublikasining demokratik islohotlar yo‘lini izchil davom ettirishiga, har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlari haqida qayg‘uradigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlat qurish va mustahkamlash yo‘lidan dadil qadam tashlashiga hech qanday kuch to‘sqinlik qila olmasligini bildiramiz.  

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarni Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealarga xolisona yondashishga, turli ishonchsiz manbalarga asoslangan shoshqaloq xulosalar va bir tomonlama bayonotlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. 

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan, shu jumladan, qonuniy manfaatlar, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida ochiq muloqot va o‘zaro hamkorlikka sodiq qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

764

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing