O‘zbek futbolining erta so‘ngan yulduzlari
Tahlil
−
03 aprel
40071O‘zbek futboli bir nechta iste’dodlarni katta sahnaga olib chiqdi. Ammo shunday futbolchilar bo‘ldiki, tezda mashhurlikka erishdi, hattoki O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham bir nechta o‘yinlarni o‘tkazishga muvaffaq bo‘lib, so‘ngra, jarohat va yana bir qancha sabablar bilan futbol olamida izsiz g‘oyib bo‘ldi. QALAMPIR.UZ mana shunday mashhurlikka erishib, keyin birdaniga yo‘qolib qolgan o‘zbekistonlik futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tadi.
Doston Ibrohimov
1997 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan Doston Ibrohimov futbolchilik faoliyatida “Paxtakor” va “Buxoro” safidagi o‘yinlari bilan ommaga tanilgan. “Sherlar” safida 2017 yildan 2020 yilga qadar 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi. Shuningdek, u O‘zbekiston U-19, U-23 terma jamoalaridagi mazmunli o‘yinlari sabab 2019 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirilgan. U terma jamoadagi ilk o‘yinini 2019 yilning 2 iyun kuni Turkiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘tkazgan. Ibrohimov o‘ng qanot vingeri pozitsiyasida o‘ynagan va o‘sha vaqtlar o‘z pozitsiyasida O‘zbekistondagi eng iqtidorli futbolchilardan biri edi. Keyinchalik u “Qizilqum”, “G‘ijduvon” klublarida to‘p tepdi. Shundan keyin uning faoliyatida keskin pastlash kuzatildi va futbol ommasining nazaridan chetda qoldi. Ayni vaqtga kelib Ibrohimov “Kattaqo‘rg‘on” klubida faoliyatini davom ettirmoqda.
Andrey Sidorov
2018 yilgi “qorli final” qahramoni Andrey Sidorov yodingizdami? U ham biz boshlagan mavzuga doir futbolchilardan. Sidorov U-23 terma jamoasi safida Xitoyda o‘tgan Osiyo kubogi finalida 120-daqiqada Vetnam darvozasini ishg‘ol qilib, terma jamoaga g‘alaba taqdim etdi. Shundan keyin uning faoliyati yanada yuksak darajaga ko‘tariladi deyilgandi. Ammo bunday bo‘lmadi, o‘sha goldan keyin u bir muddat “Qizilqum”da to‘p tepdi. Faoliyati davomida “Paxtakor”, “Qizilqum”, “Qo‘qon-1912”, “Buxoro”, “Xo‘jand”, “Dinamo”, “Aris” kabi klublar sharafini himoya qildi. Ayni damga kelib, u Qirg‘izistonning “OshMu Aldiyer” klubida to‘p tepmoqda.
Doston Tursunov
2018 yilgi Osiyo kubogi qahramonlaridan biri himoyachi Doston Tursunov o‘sha turnirdan keyin milliy terma jamoaga ham jalb etildi va 7 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Tursunov futbolchilik faoliyati davomida “Paxtakor”, “Neftchi”, “Qo‘qon-1912”, “Metallurg”, “Renofa Amaguchi”, “Pusan”, “Chongking Liangjiang”, kabi klublarda to‘p tepgan. Ayni vaqtga kelib, u Eronning “Istiqlol Xuzeston” safida o‘ynamoqda.
Javohir Sohibov
Samvel Babayaning “Paxtakor”dagi topilmasi Javohir Sohibov “sherlar” safidagi o‘yinlari bilan keng futbol ommasiga tanilgan. Shuningdek, u O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ham 14 ta o‘yinda maydonga tushgan. U milliy terma jamoadagi debyutini 2015 yilning 3 sentyabrida Yamanga qarshi uchrashuvda o‘tkazgan. Sohibov “Paxtakor”, “Metallurg”, “So‘g‘diyona”, “Lokomotiv”, “Turon”, “Surxon”, “Oloy” klublarida faoliyat olib borgan. Ayni vaqtga kelib, u Qirg‘izistonning “O‘zgan” klubida to‘p tepmoqda.
Vladimir Kozak
2010-2020 yillar oralig‘ida Toshkentning “Paxtakor” klubida faoliyat olib borgan Kozak ayni vaqtga kelib, Toshkentning “Lokomotiv”ida to‘p tepmoqda. U o‘z vaqtida “sherlar”ning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safiga ham jalb etilgan. Asosan, chap qanot himoyachisi sifatida o‘ynagan Kozak orada Samarqandning “Dinamo” klubida ham faoliyat olib bordi. Ayni vaqtga kelib, u yana bir bor “temiryo‘lchilar” bilan shartnoma imzolab, mavsumni ushbu klub safida boshlaydigan bo‘ldi.
Sanjar Qodirqulov
“Bunyodkor” akademiyasining porlab chiqqan Qodirqulov klub safidagi mazmunli o‘yinlari sabab omma e’tiboriga tushdi. O‘zbekistonning bir nechta yosh toifalaridagi terma jamoalarida to‘p tepgan futbolchi 2019 yilning 10 oktyabrida milliy terma jamoa safida debyutini o‘tkazdi. Qodirqulov O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 14 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Qodirqulov futbolchilik faoliyati davomida “Bunyodkor”, “Metallurg”, “Lokomotiv”, “Neftchi” klublarida to‘p tepgan. 27 yoshli futbolchi 2025 yilgi mavsumni Samarqandning “Dinamo”sida boshlaydigan bo‘ldi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



