Mirziyoyev Abening vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
08 iyul 2022
15030O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe suiqasd natijasida bevaqt vafot etgani munosabati bilan Yaponiya Imperatori Naruxito va Bosh vaziri Fumio Kisidaga hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’ziyanomalarda janob Abening strategik dasturlari va innovatsion tashabbuslari Yaponiyaning barqaror rivojlanishiga, mamlakatning xalqaro munosabatlar va jahon iqtisodiyoti tizimidagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qilgani qayd etilgan.
Yirik davlat arbobining O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish, strategik sheriklik aloqalarini izchil va samarali kengaytirish borasidagi shaxsiy xizmatlari doimo yuksak qadrlanishi ta’kidlangan.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari marhumning rafiqasi va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etgan.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe bugun, 8 iyul kuni Nara shahrida saylovoldi tashviqoti chog‘ida o‘ldirildi. Sobiq Bosh vazir qon ketayotgan va hushini yo‘qotgan holda shifoxonaga yotqizilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Abe vafot etdi.
Qo‘lbola miltiqdan bir necha marta o‘q uzgan shaxs voqea joyida qo‘lga olindi. U 41 yoshli mahalliy fuqaro Tetsuya Yamagami – Yaponiya o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlarining sobiq dengizchisi bo‘lib chiqdi. Hozirda politsiya uni so‘roq qilmoqda.
LiveBarchasi