BMT Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha xavfsizlik kuchlarining harakatlarini tekshirishga chaqirdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasida namoyishlar chog‘ida namoyishchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan xavfsizlik kuchlarining harakatlarini zudlik bilan tekshirishga chaqiradi. Tegishli talabni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bildirdi. 

BMTda mavjud ma’lumotlar ko‘ra, Nukusdagi namoyishlarga xavfsizlik kuchlarining aralashuvi natijasida 18 kishi halok bo‘lgan, 243 kishi jarohatlangan, ulardan 93 nafari og‘ir yaralangan.  

"O‘lganlar soni ancha yuqori bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqish bor", deydi Bachelet. 

BMT Oliy komissari Nukusdagi norozilik namoyishlari chog‘ida xavfsizlik kuchlarining harakatlari xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston rasmiylarini maksimal darajada vazminlikka chaqirdi. 

Shu bilan birga, Bachelet 500 dan ortiq kishining hibsga olinishi, shuningdek, mahbuslardan biriga nisbatan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishidan xavotir bildirdi.

“Tinch namoyish o‘tkazish huquqidan foydalanish jarayonida hech kim aybdor deb topilmasligi kerak. Adolatni ta’minlash uchun men rasmiylarni jinoiy huquqbuzarliklar haqidagi da’volarni mustaqil va oshkora zudlik bilan tekshirishga chaqiraman”, deya ta’kidladi Oliy komissar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

BMT Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing