Nukusdagi namoyishlar ortidan 516 kishi qo‘lga olindi
Olam
−
04 iyul 2022
12822Joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan namoyishlarda ishtirok etganlikda gumonlangan 516 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya Axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarovning Favqulodda holat davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendaturasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bergan videobayonotida aytiladi.
“Barchangizga ma’lum, joriy yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan Qoraqalpog‘iston Respublikasida favqulodda holat rejimi o‘rnatildi. Favqulodda holat davrida soat 21:00 dan ertalab 07:00 ga qadar komendantlik soati joriy etilib, ushbu davrda vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi. Oldin xabar berganimizdek, 2022 yilning 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida bir guruh shaxslar soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda aholi o‘rtasida o‘zlarining g‘arazli tashviqot va noqonuniy harakatlari bilan shahar ko‘chalariga chiqishdi va hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqarishdi.
1-2 iyul kunlari tartibsizliklarda qatnashgani uchun voqea joylarida ushlangan 516 nafar fuqaro Ichki ishlar boshqarmasiga topshirildi. Ular bilan surishtiruv ishlari olib borilyapti. Surishtiruv ishlari natijasida ayrimlarga ma’muriy choralar qo‘llanilgandan so‘ng qo‘yib yuborilmoqda”, deydi MG vakili.
Shuningdek, farmon bilan favqulodda holat e’lon qilinganidan so‘ng, 3 iyuldan 4 iyulga o‘tar kechasi komendantlik tartibini buzgani va ko‘chalarda bemaqsad yurgani uchun 110 nafar fuqaro ushlanib, ichki ishlar idoralariga topshirilgan. 12 ta avtotransport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Nukus shahrida patrullik xizmati davomida komendantlik soatiga rioya qilmagan 58 nafar shaxslar ushlangan. Shundan 28 nafar shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 204-moddasi – Favqulodda holat tartibining talablarini buzish bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Qolganlar bilan profilaktika suhbatlari o‘tkazilib, 07:00 dan keyin qo‘yib yuborilgan.
LiveBarchasi