Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid moddalari o‘zgartirilmaydi – Oliy Majlis
Olam
−
04 iyul 2022
10318O‘zbekiston Respublikasining yangilanayotgan Konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid 70, 71, 72, 74 va 75-moddalar o‘zgarishsiz qoldiriladi. Buni ifoda etuvchi qaror bugun, 4 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir ovozdan qabul qilindi.
Majlisda quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74 va 75-moddalarini o‘zgarishsiz qoldirish taklifini bildirdi.
Umumxalq muhokamasi davomida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan Qoraqalpog‘iston aholisidan kelib tushayotgan taklif va mulohazalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bildirgan takliflarini inobatga olish zarur deb topdilar. Ya’ni, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74 va 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilib, amaldagi normalarni saqlab qolish maqsadga muvofiq deb topildi.
Shuningdek, ushbu majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi tugish muddatini 5 iyuldan 15 iyulgacha uzaytirish bo‘yicha ham qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi