Qoraqalpog‘istondagi voqealarda jarohatlangan 23 harbiyning ahvoli og‘irligi aytildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qoraqalpog‘istondagi hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olgan, jumladan ularning 23 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hamjamiyat uchun berilgan bayonotda aytiladi. 

Qayd etilishicha, ommaviy vayrongarchilik va vahshiyliklar chog‘ida Jo‘qorg‘i Kenges (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning o‘qotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka o‘t qo‘yish, buzish va yo‘q qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga urinishlar kuzatilgan. 

“Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi bo‘lib,  fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi joiz emas. 

Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida, ilgari aytib o‘tilganidek, 18 kishi vafot etdi. Shuni ta’kidlash kerakki, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining ko‘pchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar iste’mol qilgan shaxslardan iborat edi.  

O‘zbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qo‘lga kiritish, ayirmachilik g‘oyalarini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida o‘zaro nafratni qo‘zg‘atish, ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi. 

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona sa’y-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qo‘yildi”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

404

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing