“Barchamizda e’tiroz va nafrat uyg‘otdi”. Musayev yuraklarni ezgan videoga munosabat bildirdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Xabaringiz bor, kecha, 5 iyul kuni shifokor libosidagi erkakning taxminan 2 yasharlar atrofidagi bolani stolga yotqizib, turli og‘ir harakatlar bilan uning qo‘l-oyog‘ini, qornini ezayotgani, badanini ko‘tarib, stolga urayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevning ta’kidlashicha, ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg‘ulariga ham yotdir. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “uqalash muolajasi” bilan bog‘liq videolavha barchamizda e’tiroz va nafrat uyg‘otdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg‘ulariga ham yotdir.

Vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qat’iy: biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va sha’nini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz”, deydi vazir. 

Musayevning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik mazkur masala yuzasidan o‘rganish natijalari va xulosalarini, xususan, uqalash muolajasini bajargan shaxsning tegishli ruxsatnoma, sertifikat, ijara shartnomasi, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega bo‘lmay faoliyat yuritganiga doir faktlarni huquq-tartibot idoralariga taqdim etadi.

“Ishonamizki, tez orada ushbu holat o‘z huquqiy bahosini oladi”, deydi vazir. 

Vazir ota-onalardan tegishli litsenziya, ruxsatnoma va malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini, agar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelsa, darhol vazirlikning 71-241-10-67 yoki 71-241-82-40 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, videolavhadagi uqalash seansi Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada emas, balki ushbu muassasa binosining xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan qismidagi xonalardan birida amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

627

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing