Sadir Japarov Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi. 

Suhbatda Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.  

Sadir Japarov Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonda kechayotgan voqealarni katta tashvish bilan qabul qilganini ta’kidlagan. 

O‘z navbatida Sadir Japarov, qat’iy va kelishilgan harakatlar tufayli Qoraqalpog‘istonda vaziyatning normallashishini ta’minlash va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin bo‘lganini ta’kidlagan. 

Sadir Japarov O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar natijalari barqarorlikni ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratishi va mamlakatning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan. 

Tomonlar, shuningdek, 21 iyul kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik va kun tartibini ham muhokama qilganlar. 

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining barcha rahbarlari ushbu tadbirda ishtirok etish taklifini allaqachon qabul qilgan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Erbol Sultonboyev Qoraqalpog‘istondagi vaziyat fonida qirg‘izistonliklarga murojaat qilib, turli provokatsion postlarni chop etmaslik, qo‘shni va boshqa mamlakatlarda bo‘layotgan voqealarga baho bermaslikni so‘ragan edi

Eslatib o‘tamiz, bugun, 4 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ham fikr almashgan edi. 

Joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov

Baholaganlar

96

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing